Avval xabar qilinganidek, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Malayziyada mehmon bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasidagi yana bir muzokara Kuala-Lumpur shahrida Malayziyaning eng yirik va nufuzli tuzilmalaridan biri — “Tabung Haji” jamg‘armasi raisi Tan Sri Abdul Rashid Husayn bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor haj va umra ziyoratlarini tashkil etishda o‘zaro tajriba almashish hamda ziyorat turizmi yo‘nalishida strategik sheriklikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Muloqot davomida malayziyalik ziyoratchilar uchun “Umra plyus” dasturi doirasida yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Xususan, malay xalqi uchun qadrli bo‘lgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga ziyoratlarni tizimli tashkil etish, ziyoratchilar uchun eng yuqori darajadagi sharoitlarni yaratish va logistika masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Malayziyaning haj va umra ziyoratlarini boshqarishdagi boy tajribasi hamda Samarqandning ziyorat turizmi sohasidagi ulkan salohiyatining birlashishi ikki mamlakat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va madaniy aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ziyorat turizmi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





