Sogʻlik – eng katta boylik. Sogʻlom inson nafaqat oʻz hayotidan zavq oladi, balki jamiyat rivojiga ham munosib hissa qoʻshadi. Shu sababli salomatlikni asrash va mustahkamlash har bir insonning eng muhim vazifalaridan biridir.
Inson salomatligi jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Negaki, iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy farovonlik va barqaror rivojlanishning asosiy garovi sogʻlom aholidir. Shu nuqtayi nazardan, islom dinida inson salomatlikni asrash va mustahkamlash farz sanaladi. Unga juda muhim ahamiyat berilib, Alloh ato etgan eng muqaddas neʼmat sifatida qaraladi. Hadislarda insonga tana va ruh salomatligini asrash buyurilgan.
عَنْ عَبْدِاللهِ بْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ الله عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ النبي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ “نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ الصِّحَّةُ وَالفراغ” رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki neʼmat borki, odamlarning koʻpi ularni boy berib qoʻyadi. (Bu) salomatlik va boʻsh vaqtdir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Chuqur maʼnoli bu hadis hal qiluvchi hayotiy ahamiyatga ega. Unda insonlar koʻpincha qadriga yetmaydigan ikki ulugʻ neʼmat – salomatlik va boʻsh vaqt haqida soʻz boryapti. Paygʻambar alayhissalom bu soʻzlari orqali insonlarni hushyorlikka chaqirganlar, yaʼni bu neʼmatlardan unumli foydalanishga, ularning qadrini anglashga daʼvat qilganlar.
Tarixga nazar tashlasak, Ikkinchi jahon urushi tugagach, dunyo mamlakatlari inson salomatligi global muammo ekanini chuqur anglab, kun tartibining doimiy masalalari maqomiga chiqardi. Kasallik chegara bilmasligi va epidemiyalar tez tarqalishi keng xalqaro hamkorlikni taqozo etadi. Shu sababli 1948-yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (WHO)ga asos solindi. Shu munosabat bilan har yili 7-aprel “Jahon salomatlik kuni” sifatida nishonlanadi.
Bu anʼana 1950-yilda boshlangan. Ushbu sanada jahon hamjamiyati inson salomatligi bilan bogʻliq dolzarb muammolarga eʼtibor qaratadi va xalqlarni sogʻlom turmush tarziga daʼvat qiladi. Bu kunda yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, ruhiy salomatlik, pandemiya va bolalar orasida uchraydigan kasalliklar kabi mavzular markaziy ahamiyatga ega boʻladi.
Bu oʻrinda yurtimizda inson salomatligiga eʼtibor soʻnggi yillarda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidlash kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot tizimini modernizatsiya qilishga katta eʼtibor qaratmoqda. Yangi shifoxonalar qurilmoqda, mavjudlari taʼmirlanib, eng zamonaviy ilgʻor uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Prezidentning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida 2019-2025-yillarda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi va uning ijrosi doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” milliy rivojlanish strategiyasi doirasida sogʻliqni saqlash sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda profilaktika, vaksinatsiya va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, profilaktika asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlib, kasalliklarning oldini olishga alohida urgʻu berilmoqda. Zero, kasalni davolagandan koʻra, oldini olish va sabablarini bartaraf etish foydaliroqdir. Bundan tashqari, qishloq joylarda tibbiy xizmat sifati oshirish va qamrovini kengaytirish maqsadida oilaviy shifoxona va poliklinikalar faoliyati takomillashtirilmoqda.
Raqamlashtirish ham muhim ahamiyatga ega: elektron tibbiy kartalar, onlayn navbat tizimi va telemeditsina xizmatlari joriy etilmoqda. Bu tadbirlar aholi salomatligini saqlash va profilaktika ishlarini samarali tashkil etish imkonini beryapti.
Xulosa qilib aytganda, inson salomatligi shaxsiy farovonlik va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili hisoblanadi. Islom taʼlimotida salomatlik eng ulugʻ neʼmat sifatida eʼtirof etilgan va uni asrash insonning muhim burchi sanaladi. Global darajada salomatlikni muhofaza qilish xalqaro hamkorlikni talab etadi. Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, profilaktika, raqamlashtirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ushbu sohaning ustuvor ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Sogʻlom inson jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jihatdan barqarorlik boʻlib, iqtisodiy va madaniy rivojlanishga hissa qoʻshadi. Shu sababli salomatlikni asrash har bir shaxsning muhim burchi hisoblanadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





