Home / HADIS / Inson vafotidan keyin ham savobi yetib turadigan amallar

Inson vafotidan keyin ham savobi yetib turadigan amallar

Bir hadis sharhi

Inson bu dunyoda mehmon, har bir jon egasi bir kun kelib bu dunyodan oʻtadi. Ammo, islom taʼlimoti insonni faqat dunyo bilan cheklab qoʻymaydi, balki uning bu dunyoda qilgan ayrim amallari savobi vafotidan soʻng ham davom etishi haqida taʼlim beradi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam inson vafotidan keyin ham ayrim amallarning savobi toʻxtamasligini maʼlum qilib, ushbu hadisni (yuqoridagi hadisni) aytganlar:

عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول اللهﷺقال: «إذا ماتَ الإنسانُ انقَطَعَ عنه عَمَلُه إلَّا مِن ثَلاثةٍ: مِن صَدَقةٍ جاريةٍ، أو عِلمٍ يُنتَفَعُ به، أو ولَدٍ صالِحٍ يَدعو له».

“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etganda, uch narsadan boshqa barcha amallari savobi undan uziladi: joriy sadaqa, (odamlarga) foydasi tegadigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzand”, dedilar[1].

Ushbu hadis bizga juda muhim haqiqatni oʻrgatadi: inson uchun bir kun kelib uning hayoti tugaydi, u xayrli ishlar qilishdan toʻxtaydi, ammo u vafot etib ketgan boʻlsa ham bu dunyoda qilgan ayrim amallari orqali oʻziga yetadigan savoblar toʻxtamaydi. Bu Alloh taoloning rahmati va fazlidandir. U Zot bandalarining gunohlarini magʻfirat qilib, oxiratda darajalarini koʻtarish uchun va savoblarini vafotidan keyin ham davom ettirish uchun koʻplab sabablarni yaratib qoʻygan.

Ushbu hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon qiladilarki, inson vafot etgach, dunyodagi amallari undan uziladi, yaʼni u endi u solih amallar qilishni qanchalar istasa ham buni amalga oshira olmaydi. Savoblariga savob qoʻsha olmaydi. Agar u yaxshilik qilgan boʻlsa, shu yaxshiligi oʻziga, agar yomonlik qilgan boʻlsa, u ham oʻziga. Endi amal qilish yoki tavba qilish imkoni yoʻq. Qilgan yaxshi amallariga savob yozilib boʻlgan, nomai aʼmoli – amallar daftari yopilgan boʻladi. Ammo, oʻzidan soʻng bu dunyoda uch narsani qoldirgan boʻlsa, u bundan mustasnodir. Bu amallarning savobi va foydasi inson vafoti sababli toʻxtab qolmaydi, uzilmaydi:

Ulardan birinchisi sadaqai joriya – savobi bardavom boʻlgan sadaqadir. Sadaqa moddiy va maʼnaviy koʻrinishga ega boʻlib, yaxshi soʻz ham sadaqadir. Sadaqa – Alloh taoloning roziligini topish, qurbat hosil qilish niyati bilan beriladigan narsadir. Bu maʼno zakot va ixtiyoriy sadaqani oʻzi ichiga oladi, yaʼni ixtiyoriy mol chiqarish sadaqa deyiladi, farz mol chiqarish esa zakot deyiladi. Gohida qilingan har bir yaxshilik ish ham sadaqa deyiladi. Sadaqa ikki turli boʻlib, ulardan biri sadaqa qilish bilan koʻzlangan savob niyatiga yarasha beriladi va shu sadaqa toʻxtashi bilan unga beriladigan savob ham yopiladi. Sadaqai joriya esa uzoq muddatli savob manbai boʻlib, jamiyatga foydasi qancha muddat tegib tursa, savobi ham shuncha vaqt davom etadigan xayrli ishlardir. Yaʼni, jamiyatga foydasi davomiy boʻlgan ishlar sadaqai joriya sanaladi va savobi ham doimiy boʻladi. Masalan:

  • masjid qurish;
  • suv chiqarish, quduq yoki ariq qazish;
  • yoʻl, koʻprik qurish;
  • bogʻ barpo qilish;
  • zavod, fabrika qurish;
  • maktab yoki madrasa tashkil qilish yoki boshqa bir ilm dargohlari qurish va ular faoliyatiga yordam berish;
  • vaqf qilish, manfaat keltiradigan mulkini masjid yoki ilm dargohlariga doimiy foydalanishga berish, karvonsaroylar qurish;
  • odamlarga uzoq yillar davomida manfaati tegib turadigan bunyodkorlik ishlarni amalga oshirish.

Bunday narsalar inson vafot etganidan keyin ham odamlarga xizmat qilaveradi. Shu sababli savobi ham doimiy boʻladi.

Ikkinchisi jamiyatga foydasi tegadigan ilmdir. Yaʼni inson vafotidan keyin ham odamlar undan foydalanadigan ilm. Ilmning “foyda beradigan” deya taʼkidlanishi sababi foyda bermaydigan ilm oʻz egasiga savob keltirmaydi.

Agar inson biror ilm oʻrgatsa, kitob yozsa, odamlarni yaxshilikka yoʻnaltirsa, uning vafotidan keyin ham oʻsha ilmdan foydalangan har bir inson sababli unga savob yozilib turadi.

Ilm – inson qoldirishi mumkin boʻlgan eng qimmatli meroslardan biridir.

Uchinchisi solih farzand qoldirishidir. Hadis matnida farzand “solih” deb taʼkidlandi, chunki ota-onaga noqobil farzanddan savob yetmaydi.

Ota-ona haqqiga duo qiluvchi solih farzand ota-ona uchun eng katta baxt va buyuk neʼmatdir. Agar farzand yaxshi amallar qilsa, ibodatlarida ota-ona haqqiga duo qilsa, buning savobi ota-onasiga ham yetib turadi. Hatto boshqa hadislarda ota-onaning farzandiga bergan eng katta hadyasi yaxshi tarbiya ekani aytilgan.

Hadisda farzandning ota-onasi haqqiga magʻfirat soʻrab duo qilishi zikr qilingani zamirida farzandni bu ishga ragʻbatlantirish maʼnosi ham bor. Aslida esa, solih farzandning amallaridan – u duo qilsa ham, qilmasa ham – ota-onaga savob yetib turaveradi. Bu xuddi bir kishi daraxt ekib qoʻysa, uning mevasidan yegan insonlar sababli ular duo qilsa ham, qilmasa ham unga savob yozilishiga oʻxshaydi.

Ibn Moja rivoyatida kelgan: “Albatta, insonning jannatdagi darajasi koʻtariladi va u: «“Bu qayerdan keldi?” deb soʻraydi. Unga: “Farzanding sen uchun istigʻfor aytgani sababli”, deb javob beriladi».

Yana Ibn Moja rivoyatida: “Moʻminga uning vafotidan keyin ham amallari va yaxshiliklaridan yetib turadigan narsalardan biri – u oʻrgatgan va tarqatgan ilm, qoldirgan solih farzand, meros qilib qoldirgan musʼhaf, qurgan masjid, yoʻlovchilar uchun qurgan uy (rabot, karvonsaroy), oqizgan ariq yoki hayotligida molidan chiqargan sadaqadir. Bu ishlar unga vafotidan keyin ham yetib turadi”.

Savobi yangilanib turadigan bu kabi amallarning savobi insonga vafotidan keyin ham yetib boradi. Shuningdek, inson yoʻlga qoʻygan har qanday yaxshilik va uning asari qolsa ham, u shu hadis zamiridagi hukm ostiga kiradi. Chunki Imom Muslim rivoyatida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim islomda yaxshi bir sunnat (yoʻl)ni joriy qilsa, oʻsha amalning savobi va undan keyin amal qilganlarning savobi – ularning savobidan hech narsa kamaytirilmagan holda – yoziladi”.

Bunga jamiyatda joriy qilingan yaxshi urf-odatlar, tartib-intizom va yoʻl qoidalarini misol qilib keltirish mumkin.

Demak, ushbu hadisga koʻra inson faqat bugun uchun emas, vafotidan keyin uchun ham yashashi kerak, mol-dunyo – abadiy savob qoldirish uchun berilgan imkoniyatdir. Sadaqai joriya, foydali ilmni tarqatish va farzandga berilgan goʻzal tarbiya insonning hayotidan keyingi hayotiga sarmoyasidir.

Ushbu hadisda:

  • ota-onani vafotidan keyin ham ehtirom qilishga targʻib;
  • foydali ilmni oʻrganish va uni tarqatishga ragʻbat;
  • joriy sadaqalar qilishga chaqiriq;
  • farzandni solih qilib tarbiyalashga targʻib mavjud.

Fikrimiz xulosasida aytar soʻzimiz shuki, har birimiz oʻzimizga “Men vafot etsam, ortimdan nima qoladi? Qanday ezgu ishlar qoladi?” deb savol beraylik! Agar ortimizda bir insonga boʻlsa ham foydamiz tegadigan narsa qoldirgan boʻlsak, jamiyatga foydasi tegadigan biror ilm oʻrgatgan boʻlsak, bir yaxshi farzand tarbiyalagan boʻlsak, demak, umrimizni behuda oʻtkazmagan, bu hayotda yashashdan haqiqiy manfaatga erishgan boʻlamiz.

 [1] Roviy: Abu Hurayra. Muhaddis: Imom Muslim. Manba: Sahihu Muslim. Hadis raqami: 1631. Hukmi: sahih. Taxrij: Imom Muslim rivoyat qilgan, “Sahihul Buxoriy”da rivoyat qilinmagan hadislardandir.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZGA YURTDA SULTON BOʻLGUNCHA, OʻZ YURTINGDA CHOʻPON BOʻL

Insondagi eng oliy tuygʻu – Vatan tuygʻusidir. Oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtini jon qadar sevadigan, …