(Bir hadis sharhi)
Sahobalar eng goʻzal axloq va eng ulugʻ fazilatlarni egallashga doim qattiq intilardi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan bu sifatlarga ega boʻlgan kishi haqida soʻrardi. Bu shunchaki qiziqishdan emas, balki oʻsha martabaga yetish niyati edi.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رضى الله عنه: قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ، مَنْ أَكْرَمُ النَّاسِ قَالَ «أَتْقَاهُمْ».فَقَالُوا لَيْسَ عَنْ هَذَا نَسْأَلُكَ. قَالَ «فَيُوسُفُ نَبِىُّ اللَّهِ ابْنُ نَبِىِّ اللَّهِ ابْنِ نَبِىِّ اللَّهِ ابْنِ خَلِيلِ اللَّهِ».قَالُوا لَيْسَ عَنْ هَذَا نَسْأَلُكَ. قَالَ «فَعَنْ مَعَادِنِ الْعَرَبِ تَسْأَلُونَ خِيَارُهُمْ فِى الْجَاهِلِيَّةِ خِيَارُهُمْ فِى الإِسْلاَمِ إِذَا فَقُهُوا.
Abu Hurayra rozillohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli, odamlarning eng mukarrami kim?” deyishdi. U zot: “Eng taqvolilari”, dedilar. “Sizdan bu haqda soʻramagan edik”, deyishdi. U zot: “Unda Yusuf Nabiyyulloh ibn Nabiyyulloh (Yoqub) ibn Nabiyyulloh (Isʼhoq) ibn Xalilulloh (Ibrohim)dir”, dedilar. “Sizdan bu haqda ham soʻramagan edik”, deyishdi. U zot: “Unda arab maʼdan (naslning boshlanish nuqta)lari haqida soʻrayapsizmi? Johiliyatdagi yaxshilari islomda ham yaxshilaridir, agar faqih boʻlsalar (dinni chuqur anglab yetsalar)”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Bir guruh sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, odamlar orasida eng hurmatlisi, eng sharaflisi kim ekanini soʻrayapti. Hurmat va sharafning asli kishida yaxshilikning koʻp boʻlishidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Allohga eng koʻp taqvo qilganlar eng hurmatli boʻlishini aytyaptilar. “Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir” (Hujurot surasi, 13-oyat) oyatiga muvofiq shunday boʻladi. Bu bilan haqiqiy ulugʻlik va eng muhim mezon nasab yo boylik emas, balki taqvo ekanini bayon qilyaptilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam savolni odamlar uchun umumiy tarzda baholaganlar va barchaga taalluqli tarzda javob berganlar.
Bundan tashqari, bu javob “amallar” nuqtayi nazaridan eng yaxshi insonni aniqlab beradi. Aslida taqvo bilan qilingan har qanday amal yaxshilikdir. Chunki bu holda banda oʻzining har bir xatti-harakati oʻta ziyrak nazorat ostida ekanini, har bir soʻzi va amali uchun javob berish kerak boʻlishini bilib turadi. Shu nuqtayi nazardan hadisda taqvodorlik “ustunlik”ning asosiy mezoni sifatida taqdim etilyapti.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam soʻrayotganlar aynan nimani xohlayotganini tushunib turgan boʻlsalar-da, ularga hal qilinishi kerak boʻlgan bosh masalani oʻrgatish uchun shunday javob bergan boʻlishlari mumkin. Yaʼni, taqvo qilsangiz, amallaringiz shunga muvofiq boʻladi va oʻz-oʻzidan yaxshi inson boʻlasiz.
“Amallar niyatlarga koʻradir” hadisiga binoan ham shunday. Taqvodor odamning niyati yaxshi boʻladi, pirovardida amali ham. Boshqa tomondan qaraydigan boʻlsak, neʼmatga shukr, musibatga sabr savob ekani toʻgʻrisidagi hadislarga binoan ham har qanday yaxshilikning (savobning) negizida taqvo turishi kelib chiqadi. Deylik, taqvodor odam Alloh rizosi yoʻlida sadaqa beradi, yetimning boshini silaydi, och qolganning qornini toʻydiradi va hokazo. Taqvosiz odam bularni xayoliga ham keltirmaydi. Chunki, bu amallar uning “yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytishi kerak, aks holda, bu yaxshilikdan naf yoʻq” degan tamoyiliga ziddir.
Shuningdek, savol beruvchilar sharaf nuqtayi nazaridan eng yaxshi va eng ilgʻor insonni nazarda tutgan boʻlishi mumkin edi. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam Yusuf alayhissalom sharafli paygʻambar boʻlganini, u Yoqub alayhissalomning oʻgʻli va Ibrohim alayhissalomning nabirasi, yaʼni paygʻambarlar sulolasidan ekanini aytyaptilar. Chunki u zotda goʻzal axloq, paygʻambarlik sharafi, nasabning ulugʻligi, tushlarni taʼbir qilish ilmi, davlat boshqaruvida odil va oqil siyosat, xalqqa mehribonlik va qiyinchilik (qurgʻoqchilik) yillarida odamlar tashvishini yengillatish kabi fazilatlar jamlangan edi.
Ular yana boshqa maʼnoda soʻraganini aytganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tub arab (maʼdaniy, yaʼni eng asl) qabilalari orasidagi eng fazilatlilar haqida soʻrayotganini tushundilar.
Odamlar xuddi yer qaʼridagi maʼdanlar kabi turlicha. Bittasi qimmatbaho boʻlsa, boshqasi arzon, baʼzisi koʻp uchraydi, baʼzisi – kamyob. Ruda qanday moddaniki boʻlsa, undan asosan oʻsha modda (kimyoviy element) chiqadi. Inson ham oʻz asliga yarasha fazilat yo kamchilikni namoyon qiladi. Yaʼni, asli yaxshi boʻlgan odam islomdan oldin ham moʻminga xos feʼl-atvor egasi boʻlgan, musulmon boʻlmay turib ham musulmonlarcha hayot kechirgan.
Shu bois Nabiy sollallohu alayhi vasallam islomdan oldin yaxshi xulqli, sharafli boʻlgan insonlar islomni qabul qilib, dinni chuqur anglasa, yanada afzal boʻlishini aytyaptilar. Bu bilan eng yaxshi inson – johiliyatdagi sharaf, islomdagi sharaf va din ilmini oʻzida jam qilgan inson ekanini maʼlum qilyaptilar.
Johiliyat davrida saxovat, jasorat, sabr kabi fazilatlari bilan mashhur boʻlgan eng yaxshi odamlar, islomni yaxshi tushunib, unga amal qilsa, bundan bu yogʻiga ham eng yaxshilar boʻlib qolaveradi. Chunki islom ularning fazilatlarini yanada boyitadi, mukammal qiladi.
Bu javob bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam johiliyat davrida ustunlik nasab va ajdodlar sharafiga asoslangan boʻlsa, islomda fazilat, donolik, bilim va taqvo nuqtayi nazaridan baholanishini ochib beryaptilar. Shuningdek, nasab ustunligi faqat unga taqvo qoʻshilgandagina mantiqan toʻgʻri boʻlishini tushuntiryaptilar. Aslida uchta javob ham taqvo tomonga tosh bosadi. Chunki islomni chinakam tushunadigan, oʻrganadigan va unga amal qiladiganlar avvalo Allohga taqvo qiladi.
Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam birinchi javobda toʻgʻridan-toʻgʻri, keyingi javoblarda bilvosita taqvo insoniylik qiymatining yagona oʻlchovi ekanini taʼkidlaganlar.
Hadisdan maʼlum boʻladiki, Alloh huzurida boshqalardan ustun maqomga ega boʻlishning yagona mezoni taqvo ekan. Nasl-nasab, obroʻ-eʼtibor yo mol-davlat emas, balki taqvo chinakamiga insonni ulugʻ qilarkan. Taqvo va solih amal boʻlmasa, sharafli nasab hech qanday qiymatga ega emas ekan.
Islom goʻzal xulqli va pok naslli insonlarning fazilatini – ular dinda toʻgʻri boʻlishi sharti bilan – yanada ziyoda qilar ekan. Chunki hadisga binoan, din ilmdir, ilm esa insonni yuksaltiradi va yaxshiligini koʻpaytirib boradi.
Goʻzal axloqlarning eng ulugʻ sohiblarini tanish va oʻrganish – ularga ergashishni osonlashtiradi. Yaxshilarni qadrlashni, hurmat qilishni oʻrgatadi.
Sahobalar faqat bilim uchun emas, amal qilish uchun ham koʻp savol berardi. Bugungi avlod ham eng yaxshi axloq sohiblari va ularning yoʻli qanday boʻlganiga hamda oʻsha yoʻldan yurishga harakat qilishi lozim.
Har doim chiroyli xulqli boʻlishga harakat qilish zarur ekan. Haqiqiy mukarram inson martabasiga goʻzal odob bilan yetishiladi. Insonlar maʼdanlar kabi turlichadir, kimning asli va xulqi yaxshi boʻlsa, islom uni yanada kamol toptiradi. Demak, eng komil inson asl insoniy fitratni saqlagan, goʻzal xulq, taqvo va ilmni birlashtirgan insondir. Jamiyatda ustunlik mezonini faqat shu omillar toʻgʻri belgilaydi. Shu tamoyilga rioya etilsa, u el orasida odamlar nasabi, boyligi yo mansabi emas, balki taqvosi va axloqi bilan baholanishiga olib keladi. Shu tariqa adolatli, fozil jamiyat shakllana boradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





