Home / FOTO LAVHALAR / Hojilar – maʼnaviyat elchilari

Hojilar – maʼnaviyat elchilari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida “Hojilar – maʼnaviyat targʻibotchilari” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Unda Jizzax viloyatidan muqaddas Haj safariga otlanayotgan nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdi.

Markaz direktori, professor Sh. Ziyodov ularni qutlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar diniy-maʼrifiy sohada ham izchil davom etayotganini taʼkidladi. Jumladan, Imom Buxoriy majmuasining zamonaviy talablar asosida tubdan qayta barpo etilgani ushbu eʼtiborning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro standartlarga mos taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish orqali mamlakatimizda ilm-fan va maʼrifatga yuksak eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi. Bu ezgu tashabbuslar asosida mazkur maskan chinakam ilm-maʼrifat va maʼnaviyat markaziga aylanib borayotgani qayd etildi.

Tadbir davomida yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning boy ilmiy merosi haqida mazmunli maʼruzalar tinglandi. Ayniqsa, markaz direktori oʻrinbosari O. Muhammadiyev tomonidan Alouddin Usmandiy (Oʻsmat ota) tarixi haqida keltirilgan maʼlumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Taʼkidlanganidek, Haj ziyorati nafaqat muqaddas ibodat, balki inson kamoloti va maʼnaviy tarbiyasi uchun muhim maktabdir. Ushbu safardan qaytgan har bir hoji oʻz mahallasida maʼrifat elchisiga aylanib, jamiyatda ezgulik va yuksak maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlib xizmat qilishi zarur.

Shu tariqa, tadbir haj safari ostonasida turgan nuroniylarda yuksak maʼnaviy ruh, masʼuliyat va ezgulikka xizmat qilish tuygʻusini yanada mustahkamladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati

Check Also

Yoshlar nigohi – ajdodlar merosida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari tashrif buyurdi. Dastavval yoshlar …