Insondagi eng oliy tuygʻu – Vatan tuygʻusidir. Oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtini jon qadar sevadigan, oʻzga yurt tabiatidan oʻz yurti tabiatichalik zavq ololmaydigan, diyoridagi katta-kichik yutuqlardan faxrlanadigan, butun aql-zakovati, qalb qoʻri, kuch va imkoniyatini shu zamin goʻzalligi, rivojiga baxshida eta olgan insondagina bu tuygʻu namoyon boʻladi. Har bir kishining eng asosiy vazifasi Vatanni sevish va unga xizmat etishdir. Vatanimizga boʻlgan muhabbat va hurmatimiz hech bir narsa bilan oʻlchanmaydi. Vatanga muhabbat tarbiyasini oila quchogʻidan boshlash lozim. Bu borada: “Vatanni sevmoq imondandir” hikmatini esga olishning oʻzi kifoyadir. Bilamizki, kichik bolalarda Vatan tasavvuri torroq boʻladi. Yaʼni ular uchun Vatan – ona quchogʻidir. Bolalar oilasini seva-seva Vatanni sevishni oʻrganadi. Chunki oila muhiti Vatan muhitining asosini tashkil etadi. Vatan tushunchasining dastlabki ozigʻi va quvvatini oila bagʻridan oladi. Silai rahm fazilati kamol topgan oiladan Vatanga xiyonat qiluvchi chiqmaydi. Oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar mustahkam boʻladi. Oʻz oila aʼzolariga nisbatan xayrli tuygʻuga ega boʻlmagan, ularga fidokorlik qilishni bilmagan kishi Vatanga ham fidokorlik tuygʻusi bilan yashamaydi. Shunday ekan, oila muhiti Vatan muhitining boshlanishi, birinchi bosqichi ekanini bir nafas ham unutmaslik lozim.
Kishi oʻz yurtidan uzoqlashganda, uni qoʻmsaydi va sogʻinadi. Bu tuygʻu biz ummatga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan merosdir. Chunki islom tarixidan maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vatanlari Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan u zot sollallohu alayhi vasallamga bir qancha zulm, dushmanlik va kamsitishlar boʻldi. Shunday boʻlsa-da, vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmi haddan oshib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga qasd qilish darajasiga borganidan keyin Allohning buyrugʻiga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida koʻzga yosh oldilar, koʻngillari boʻshab, Makkaga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur boʻlganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga boʻlgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning koʻngillarini koʻtarib, Makkaga qaytib kelishlarining bashoratini berib, Qurʼoni karimdagi quyidagi oyatni nozil qildi: “(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qurʼonni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir…” (Qasos surasi, 85-oyat). Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.
Demak, Vatan inson uchun bebaho boylik. Vatanning borligi odamlarga beqiyos kuch-qudrat, gʻayrat-shijoat baxsh etadi. Chunki insonning eng pokiza va muqaddas tuygʻulari oʻzi tugʻilgan, voyaga yetgan zamin – Vatani bagʻrida uygʻonadi, kamolga yetadi. Hech bir inson Vatandan tashqarida baxt-saodat topa olmaydi. Oʻz yurtida obroʻ-eʼtibori boʻlmagan inson oʻzga yurtda ham qadrlanmaydi. Kishi qadrdon yurtida oʻzini ozod va erkin his qiladi. Shuning uchun xalqimiz “Oʻzga yurtda sulton boʻlguncha, oʻz yurtingda choʻpon boʻl” deydi.
Shu sababli oʻz yurtimizda oddiy kasb egasi boʻlish oʻzga yurtda podsho boʻlishdan afzal ekan. Vatan haqida gapirish, vatan haqida fikr yuritish ham sharafli, ham masʼuliyatlidir. Chunki Vatanni eslar ekan, inson oʻzini buyuk bir mamlakatda buyuk bir xalqqa, buyuk bir tarix va buyuk bir kelajakka daxldor ekanini anglaydi. Vatandan qalbi quvonchga, faxru gʻururga toʻladi.
Xalqimizning eng yaxshi koʻrgan va eng koʻp takrorlaydigan duosi “Allohim, xonadonlarimizni tinch va osoyishta, yurtimizni obod qil” degan duodir. Dono xalqimizning “Qoʻshning tinch – sen tinch”, “Bir kun urush boʻlgan joydan qirq kun baraka ketadi”, “Tinchliging – hurliging”, “Urush tomoshabinga oson” kabi maqollarda ham yurtning tinchligi qanchalik bebaho neʼmat ekani aytiladi. Oqsoqollar maslahatida, onalar aytgan allalarda bejiz tinchlik va xotirjamlik koʻp tilga olinmaydi.
Insonning oʻz Vatani oldida bir necha vazifalari boʻlib, ularning eng muhimlari uchtadir:
- Vatanning haqiga duo qilish. Chunki paygʻambarlar oʻz vatani haqiga duo qilganlar. Masalan, Ibrohim alayhissalom oʻz Vatanlari boʻlmish Makkai mukarrama haqiga Qurʼoni karimda duo qilganlari bayon qilingan:
“Eslang, Ibrohim: “Ey, Robbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir boʻlganlarini esa, biroz rizqlantirib, soʻngra doʻzax azobiga mubtalo eturman. Bu oʻta yomon oqibatdir”, dedi” (Baqara surasi 126-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Madina munavvaraga borganlarida uning haqiga quyidagicha duo qildilar: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undan-da ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – soʼu muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Mana, Paygʻambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq soʻradilar. Zero, bu ikki neʼmat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt-saodat yoʻqoladi.
- Vatan obodligi uchun moddiy va maʼnaviy hissa qoʻshish. Bu haqda Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qildi: “U (Alloh) sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud surasi 61-oyat). Demak, insonning yer yuzini, xususan, yashab turgan yurtini, oʻz Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qiyomat qoim boʻlib qolsa-yu, biringizning qoʻlida koʻchat boʻlsa, u qoim boʻlgunicha ekishga ulgursa, ekib qoʻysin” (Imom Buxoriy rivoyati). Hadisi sharifda inson oʻz hayotining oxirgi lahzasini ham gʻanimat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga harakat qilishi lozimligi targʻib etilmoqda.
- Vatanda fasod va buzgʻunchilik ishlari bilan mashgʻul boʻlmaslik. Bu haqda Qurʼoni karimda shunday marhamat qilinadi: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qoʻygandan keyin (unda) buzgʻunchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qoʻrqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (Aʼrof surasi, 56-oyat).
Har bir shaxs oʻzi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – oʻz joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kishining oʻz yurtiga mehr-muhabbatli boʻlishiga targʻib qilib, Imom Muhammad Gʻazzoliy rahmatullohi alayhi shunday deganlar: “Inson oʻz tugʻilib oʻsgan yerini va undagi narsalarni, garchi u joy odam yashamaydigan sahro boʻlsa ham, yaxshi koʻradi. Vatanga boʻlgan muhabbat – inson qalbidagi tugʻma tabiatdir. Bu narsa insonni vatanida boʻlganida xotirjam, musofirlikda sogʻinadigan, unga hujum qilinganda himoya qiladigan, hurmatsizlik qilinganda gʻazablanadigan qilib qoʻyadi”.
Abu Amr ibn Alo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning oʻz vatani uchun qaygʻurishidan, yaqinlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga oʻkinib yashashidan bilinadi”, deganlar.
Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu vatanda tugʻilib oʻsdik, tarbiya topdik. Bu vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashaydi. Demak, har birimiz oʻz vatanimizga boʻlgan muhabbatimizni yanada oshirib, tinchligini qadriga yetib, uni obodligi va rivojlanishi yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshib, kundan-kunga koʻpayib borayotgan islohot va yutuqlariga shukr qilib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan koʻz qorachigʻimizdek asrab-avaylab, Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilayotgan shaxslarning haqiga duolar qilib, ibodatimizni oʻz vaqtida bajarib, umrguzaronlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bugungi dunyo yashirin xavf-xatarlar uyasidir. Kimning kimligini bilish amri mahol, sababi barcha xalqaro harakatlar oshkoradan yashirin holatga koʻchgan. Azaliy odatlarga koʻra, bir stol atrofida samimiy suhbatlar bilan taomlanishadi-yu, oʻz uyiga qaytgandan keyin hamma oʻz bilganicha gʻiybat, yashirin tarafkashlik qiladi. Mamlakatning asosiy iroda kuchi uning xalqidir. Xalqni xalq holida saqlab turuvchi bosh mezon esa birdamlikdir. Ming yilliklar qaʼrida shakllangan xalqimiz uchun birdamlik hissi bugun har qachongidan dolzarb. Aynan ichki birdamlikni mustahkamlamas ekanmiz, tashqi xavflarga qarshi immunitetimiz soʻroq ostida qolaveradi.
Hozirgi murakkab, tahlikali zamonda, toʻrt tomonimizda notinchlik, oʻnlab davlatlarda yuz berayotgan qonli toʻqnashuvlar, terrorchilik harakatlari, mingminglab begunoh insonlarning qirilib ketayotgani, tarixda nomi mashhur tarixiy inshootlar, muqaddas ziyoratgohlar shafqatsizlarcha portlatib, xudbinlarcha buzib tashlanayotgan bir paytda, oʻlkamizdagi tinchlik va osoyishtalik uchun Allohga hamd aytishimiz, tinchlikni koʻz qorachigʻiday asrashimiz lozimdir. Barchamiz hozirgi paytda yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashab, yon-atrofimizda boʻlayotgan hodisalardan ogoh boʻlishimiz kerak. Tinchlik va barqarorlikning qadriga yetish, mamlakatimizda roʻy berayotgan rivojlanish va taraqqiyot yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik evaziga boʻlayotgani, tinchlik esa oʻz-oʻzidan, osonlikcha boʻlmasligini unutmasligimiz kerak.
Otabek Bahriyev
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





