Islom ilmlari ichida hadis ilmi alohida oʻrin tutadi. Bu ilm Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, amallari va tasdiqlarini oʻrganish bilan bogʻliq boʻlgani sababli, uni oʻzlashtirishda ham oʻziga xos odob-axloq qoidalari mavjud. Muhaddis ulamolar hadis ilmining shaʼni yuksak ekanini inobatga olib, uni oʻrganuvchi talabalar uchun maxsus odoblarni belgilab bergan.
Hadis ilmini oʻrganuvchi shaxsning maʼnaviy kamolotiga xizmat qiladigan bu odoblarga amal qilish ilmning barakali boʻlishiga zamin yaratadi.
Niyatni xolis qilish
Hadis oʻrganishdagi eng birinchi va muhim shart – niyatning xolis boʻlishidir. Muhaddislar hadis ilmini oʻrganishdan maqsad Alloh taoloning roziligi boʻlishi kerakligini taʼkidlab kelgan. Uni mansab, obroʻ yoki dunyoviy manfaat uchun oʻrganish qattiq qoralangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kim Allohning roziligi talab qilinadigan ilmni faqat dunyoning oʻtkinchi matohiga erishish uchun oʻrgansa, qiyomat kuni jannatning hidini ham topa olmaydi” (Abu Dovud rivoyati).
Ilm faqat shaxsiy manfaat uchun emas, balki u boshqalarga ham naf keltirishi lozim. Abdulloh ibn Muborak: “Hadisning ilk manfaati – bir-biringizga foydangiz tegishi”, degan.
Hadisni bosqichma-bosqich oʻrganish
Hadis ilmi sabr va izchillikni talab qiladi. Imom Navaviy rahimahulloh hadisni mahalliy ustozlardan, eng ishonchli sanadlar orqali oʻrganishni, keyinchalik esa ilm safarlariga chiqishni tavsiya qilgan. Ilmni oz-ozdan, puxta oʻzlashtirish, mushkul soʻz va ismlarni tekshirib borish, takrorlash va yod olish – hadis ilmidan samarali foydalanishning asosiy yoʻllaridir. Eng avval ikki “Sahih” kitobiga, keyin Abu Dovud, Termiziy, Nasoiyning “Sunan”iga eʼtibor qaratib, ulardagi har xilliklarga aniqlik kiritish, maʼnolaridagi maxfiy tomonlarini tushunish lozim.
Ilmga amal qilish
Hadisni faqat yodlash emas, balki unga amal qilish ham zarur. Imom Ibn Saloh: “Eshitgan hadislar orasidan namoz, tasbeh va ulardan boshqa solih amallar haqida kelganlariga amal qilsin. Zotan, hadisning zakoti ana shudir”, deb taʼkidlagan. Bishr ibn Horis Hofiy esa: “Ey muhaddislar! Bu hadisning zakotini ado etinglar, har ikki yuzta hadisning beshtasiga amal qilinglar”, degan.
Ustozni ulugʻlash
Muhaddis ustozga hurmat bilan munosabatda boʻlish ilmni ulugʻlash belgisidir. Imom Navaviy bunday yozadi: “Tolibi ilm oʻz shayxini va hadis roviylarini hurmat qilishi lozim. Zotan, bu ish ilmni ulugʻlashga kiradi. Shu ish sababli insonning ilmi barakali boʻladi. Zero, undan foyda olishning eng samarali yoʻllaridan biri ana shudir”.
Hadisni tajvid bilan oʻrganish
Ulamolar hadisni Qurʼon tajvidiga oʻxshash ravishda, aniq va ravon talaffuz bilan oʻqishni tavsiya qilgan. Bu Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning soʻzlariga ehtirom ifodasidir. Imom Badriddin Husniy “Manzumatul Bayquniya” asariga bitgan sharhi oxirida bunday yozadi: “Hadisni xuddi Qurʼonning tajvidi kabi tajvid bilan (dona-dona qilib) oʻqishga kelsak, u mandub (tavsiya qilingan) ishdir. Bunga sabab shuki, tajvid kalomni goʻzal qiladigan narsalardan biri, arab tili va soʻzlovchining fasohati belgisidir. Mana shu sifatlar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamda mujassamdir. Shunday ekan, u zotning hadislarini soʻzlagan kishi u zot soʻzlagan til(ning qonun-qoidalari)ga rioya qilishi kerak”.
Hadis yozib olish odoblari
Hadis yozishda matn va sanadni nihoyatda aniq va ishonchli qayd etish talab etiladi. Chunki matndagi har bir lafz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat beriladi. Sanaddagi ismlar esa qiyos yoki taxmin bilan emas, balki qanday boʻlsa shunday yozilishi shart.
Ulamolar yozuvning aniq, oʻqishga qulay boʻlishi, noodatiy belgilar va shaxsiy istilohlardan qochish, Alloh taoloning ismi va Paygʻambar alayhissalomga salavotni toʻliq yozishni taʼkidlagan.
Imom Navaviyning taʼkidlashicha, salavot va duolar matnda keltirilmagan boʻlsa ham, oʻqish va talaffuzda tark etilmasligi lozim. Bu rivoyat emas, balki duo hisoblanadi.
Hadis ilmi – nafaqat bilim, balki odob va amal ilmidir. Unga eʼtiborsizlik qilish insonni ulkan fazilatdan mahrum etadi. Muhaddislar belgilab bergan ushbu odoblarga amal qilish har bir tolibi ilm va hadis oʻqiyotgan odam uchun muhim vazifadir.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





