Insonlarga tinchlik-osoyishtalikdan koʻra tansiqroq, azizroq neʼmat yoʻq.
Tinchlik, odamlar uchun hamda butun jamiyat uchun eng muhim qadriyatlardan biri hisoblanadi. Tinchlik – bu insonlarning, oilalarning va davlatlarning barqaror va osoyishta hayotining asosidir. Jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun turli omillar muhim ahamiyat kasb etadi: ijtimoiy adolat, iqtisodiy farovonlik, taʼlim, madaniyat va albatta, inson huquqlarining himoya qilinishi. Tinchlik insonlar oʻrtasidagi hurmat va ishonchni mustahkamlashga, salbiy holatlarning oldini olishga yordam beradi. Shu bilan birga, tinchlikni saqlash uchun koʻpchilik tomonidan bajariladigan kuchli islohot, qarorlar va siyosiy iroda muhimdir.
Shuningdek, tinchlikni qadriga yetishning muhim jihatlaridan biri – uning qiymatini, yaʼni tinch va osoyishta hayotning nega muhimligini tushunish, unga shukr qilib, barqarorligini taʼminlash uchun harakat qilishdir. Tinchlikni qadrlash va shukronalik tuygʻusini rivojlantirish inson ruhiy olami va jamiyat maʼnaviy hayoti rivojiga olib keladi.
Shukronalik – bu insonning hayotidagi yaxshi narsalarga, erishgan muvaffaqiyatlarga, tinch va osoyishta hayotga boʻlgan minnatdorlik tuygʻusidir. Bu tuygʻu insonning oʻz hayotida yuzaga kelgan muammolarni qayta koʻrib chiqishiga va tabiatga, atrofdagilarga nisbatan hurmat hissini kuchaytiradi. Shukronalik tuygʻusi, shubhasiz, tinchlikni qadrlash bilan chambarchas bogʻliqdir. Agar inson hayotdagi har bir kichik narsaga ham shukr qilsa, uning qalbi osoyish topadi.
Shukronalik tuygʻusi inson qalbini poklashga va ruhiy osoyishtaligini saqlashga yordam beradi. Bu tuygʻu insonga oʻz hayotidagi kichik va katta yoʻqotish, muammo va qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Shukronalik va tinchlikning oʻzaro aloqasi, odamlarning hayotida yagona, tinch va osoyishta muhitni yaratishga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatdagi munosabatlarni yaxshilash, insonlar orasidagi muammolarni hal qilishga olib keladi.
Tinchlikni saqlash va shukronalik tuygʻusini rivojlantirish uchun har bir inson oʻz hayotini tartibga solishi kerak. Birinchi qadam – tinchlikning qadriga yetish va uning qadr-qimmatini tushunishdir. Ikkinchi qadam – shukronalik tuygʻusini rivojlantirish, yaʼni har doim shukr qilish va hayotning yaxshi tomonlarini koʻrish. Bundan tashqari, jamiyatda tinchlikni mustahkamlash uchun yoshlarning maʼnaviyaxloqiy qadriyatlarini rivojlantirish, ularga tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini oʻrgatish muhimdir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos oʻzgarishlar, yangilanish va bunyodkorlik ishlari butun jahon afkor ommasi eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Albatta, bunday yutuq va muvaffaqiyat zamirida, hech shubhasiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikosoyishtalik mujassam. Jonajon Vatanimizda 130 dan ziyod millat va 16 ta diniy konfessiya mavjud. Ular tinchlik va omonlikda istiqomat qilib kelmoqda. Tinchligimiz ortida esa har bir insonning xizmati va ulushi bor[1].
Tinchlik haqida soʻz ketganda diniy qadriyatlarimizni ham chetlab oʻta olmaymiz, chunki jamiyatdan dinni ajratib boʻlmaydi. Tinchlik Alloh taoloning shunday totli neʼmatiki, u boʻlmasa, odamlardan huzur-halovat, xonadonlardan baraka, oilalardan qut, jamiyatdan mehr, yurtdan maʼmurlik, Yer yuzidan fayz koʻtariladi. Dunyo rangsiz, jilosiz, nursiz va ziyosiz boʻlib qoladi. Afsuski, Alloh taoloning ulugʻ neʼmati boʻlmish tinchlikdan hamma ham birdek bahramand boʻlayotgani yoʻq. Dunyoning turli burchaklarida terrorchilar nohaq qon toʻkmoqda. Bunday mudhish voqealarning qabih niyatli buzgʻunchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori Oʻzbekiston xalqi qalbini ham qattiq larzaga soladi. Biz har qanday buzgʻunchilik, qon toʻkish, xudkushlik, qoʻporuvchilik va terrorizmga qarshimiz. Uning mudhish jinoyatlarini qattiq qoralaymiz.
Alloh taolo bandalarini oʻzaro tinchlikka daʼvat etib bunday buyuradi: “Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urishib qolsalar, darhol ular oʻrtasini isloh etingiz!..” (Hujurot surasi, 9-oyat)[2].
Bu haqda Paygʻambarimiz (s.a.v): “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong orttirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi” (Sunani Termiziy 2346-hadis), deb marhamat qilganlar.
Muqaddas islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va oʻzaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dini mohiyatini tashkil etadi.
Yurtimiz yildan yilga obod boʻlib, xalqimiz farovonligi yil sayin ortib bormoqda. Demak, biz bunga javoban kecha-yu kunduz bu neʼmatlarning shukronasini ado etib borishimiz kerak. Allohga hamdu sano aytish, Uning neʼmatlari shukrini ado etish banda uchun ham ibodat va ham Allohning unga bergan katta mukofotidir. Paygʻambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida marhamat qilib: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir neʼmat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd boʻlsin” desa, shunda u oʻsha neʼmatdan ham afzalroq narsaga erishgan boʻladi”, deganlar. Tinchlik va xotirjamlik ulugʻ neʼmat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo uning qadriga yetish lozimligiga ayrimlarning tushunishi qiyin. Paygʻambar (alayhissalom) yana bir hadisda taʼkidlaganlaridek: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik odamlar uning qadriga yetmaydilar. U sihatsalomatlik va xotirjamlikdir”. Guvohi boʻlib turganimizdek, baʼzi joylarda tabiiy ofat sababidan, yana baʼzi joylarda esa qirgʻinbarot urush tufayli shaharlar vayron boʻlib, aholi sarson-sargardonlikda kun kechirmoqda. Alloh taologa beadad shukrlar boʻlsinki, tinchlik va osoyishtalik neʼmati soyasi ostida, hayotimiz osuda davom etmoqda. Haqiqatan, tinchlik boʻlib tursa, koʻngilga toʻy-hasham, xursandlik sigʻadi. Yurt tinch boʻlsa, taraqqiyot, rivojlanish boʻlib, aholi mehnat qiladi, rizqini terib, oilasi bilan baham koʻradi. Uyjoy ham qiladi. Shuning uchun ham bu neʼmatlarning qadriga yetmogʻimiz lozimdir. Islom dinida tinchlikni ulugʻlash komil moʻminlikning muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik, uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy sharti hisoblanadi.
Tinchlikka raxna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon yetkazish, toifalarga boʻlinib, oʻzaro nizolashishning qoralanishi ham islomning tinchlik haqidagi taʼlimotining asosini tashkil etadi. Bugungi kunda nafaqat moʻmin-musulmonlar oʻrtasida, balki turli din vakillari oʻrtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan inoqlikni koʻrolmaydigan kimsalar paydo boʻlmoqda. Ana shunday gʻalamislar turli millat va din vakillari oʻrtasiga sovuqchilik tushirish maqsadida har xil nayranglarni ishga solmoqda. Mana shunday nayranglarga uchmasligimiz, bunday vaziyatda keskinlik bilan qaror qilish oʻrniga chuqur oʻylab, keyin bir xulosaga kelishimiz kerak[3].
Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish yuzasidan “Shukronalik” va “Tinchlikning qadri” mavzularida ochiq muloqotlar oʻtkazib kelinmoqda. Tinchlik va xotirjamlik amaliy shukr talab qiladigan neʼmatlardandir. Uni ado etish barchaning zimmasidagi farzdir.
Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni kattadir. Inson Alloh tomonidan mukarram qilib yaratildi, unga sanoqsiz neʼmat va tuganmas yaxshilik berildi. Bu bilan boshqa yaratilgan maxluqotlardan afzal qilindi. Shu bilan birga, Alloh bandalari shukur qilsa, ularga neʼmatlarini ziyoda qilishni vaʼda qildi, itoat etsa, bu neʼmatlar davomiyligi va boqiyligini kafolatladi. Alloh taolo Qurʼoni karimning “Ibrohim” surasi 7-oyatida: “Yana Robbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukur qilsangiz, albatta, (ularni) yana ziyoda qilaman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilgan. Shukur qilgan inson ham jismonan, ham moddiy, ham maʼnaviy-ruhiy tomondan kamol topadi. Naqshbandiya taʼlimotida ham inson kamoloti uchun shukur, zikr va fikr asosiyligi taʼkidlangan. Bahouddin Naqshband 71-yil umr koʻrgan boʻlsa, 31 yoshida kamolot darajasi shunday yuksaklikka erishganki, butun vujudi koʻzguga aylangan va olti tomon – orqa, oldin, oʻng, chap, yuqori va pastni ham bexato koʻra olgan. Bu ulugʻ insonning ruhi sayri osmon va yerning barcha qavatlarida boʻlgan. Biz bu darajaga yetishning siri nima ekanini aniqlash uchun manbalarga murojaat etdik va natijada uning asosi shukronalikda, degan xulosaga keldik. Chunki shukur qilgan inson oʻn sakkiz ming olamdagi ijobiy quvvatlar bilan bogʻlanadi va ulardan fayz oladi[4].
Alloh taoloning mehribonligini qarangki, U bergan neʼmatlariga shukur aytuvchi bandalariga beadad mukofotlar vaʼda qilish bilan kifoyalanmasdan ularga ulugʻ ajru savoblar berishini ham kafolatlagan. U zot aytdi: “… Shukur qiluvchilarni esa, albatta, mukofotlaymiz”.
“Nihoya” kitobida bunday naql qilinadi: “Biror bandaga birov yaxshilik qilsa-yu, unga tashakkur aytmasa, Alloh taolo oʻsha bandaning Oʻz neʼmatlariga qilgan shukronasini qabul qilmaydi”.
Buyuk bobokalonimiz Qaffoli Shoshiy oʻzining mashhur “Javomeʼul kalim” kitobida keltirishicha, “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Neʼmatlar haqida gapirish shukur qilishdir”, deganlar.
Alloh taolo aziz yurtimizni tinch, hayotimizni yanada farovon aylab, barchamizning bu neʼmatlarga shukur qiluvchi solih bandalaridan boʻlishimizni nasib aylasin.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, tinchlikni qadrlash va shukronalik tuygʻusini rivojlantirish insonning osoyishta hayot kechirishi uchun zarur boʻlgan muhim omildir. Tinchlikning qadriga yetish har bir insonning ichki olami rivoji va jamiyat farovonligiga olib keladi. Shukronalik tuygʻusi esa odamlar oʻrtasidagi hurmat va ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
«VATAN DESAM, KOʻZ OLDIMGA ONAM KELAR…»
«Tinchlikni qadriga yetaylik!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





