Allomalarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng tadqiq etish va kelajak avlodga yetkazilish zarurati har doim dolzarb va ahamiyatli boʻlgan. Shu maʼnoda, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy maqsadlaridan biri Movarounnahr va umuman musulmon dunyosining buyuk mutafakkirlari qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni chuqur tadqiq etish, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini keng targʻib qilish, yosh avlodni bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, Vatanga sadoqat va ajdodlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqaro hamkorlik va muloqotni mustahkamlashdan iboratdir.
Shuningdek, Markaz oldida mamlakatimiz va xorijdagi kutubxona va arxivlarda saqlanayotgan, islom dunyosida muhim ahamiyatga ega boʻlgan qoʻlyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalarini toʻplash, ularni ilmiy tahlil qilish kelajak va avlodga yetkazish vazifasi turibdi.
Soʻnggi yillarda yurtimiz olimlari ilm-fanning barcha yoʻnalishlariga oid nodir manbalarni qiyosiy tahlil asosida oʻrganish ishlarini tobora faollashtiryapti. Maʼlumki, Movarounnahr allomalarining diniy va dunyoviy ilmlarga oid asarlari xalqimiz eng katta maʼnaviy merosi boʻlib, nafaqat biz, balki musulmon olami va umuman bashariyat uchun muhim manbalar hisoblanadi.
Markazda ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida qoʻlyozma va toshbosma asarlar fondi tashkil etildi. Hozir bu xazinada 1679 dan ortiq manba mavjud boʻlib, ularning 648 tasi qoʻlyozma, 917 tasi toshbosma kitob va 114 tasi tarixiy hujjatdir.
Qoʻlyozma kitoblar mavzusi jihatidan islomiy ilmlarning deyarli barcha sohalarini, shuningdek, ayrim dunyoviy fanlarni qamrab olgan. 648 jild qoʻlyozma ichida jami 1252 ta asar mavjud boʻlib, ular XIV-XX asrlarga tegishli. Asarlar arab, fors, turk, tatar, ibroniy va boshqa sharq tillarida yozilgan.
Bularda: adabiyot – 243, aqida – 146, astronomiya – 3, balogʻat – 2, grammatika – 219, duo va zikr – 41, qomus – 3, Qurʼoni karim – 68, lugʻat – 8, mantiq – 67, meros – 1, odob-axloq – 32, siyrat – 4, tajvid – 38, tarix – 7, tasavvuf – 65, tafsir – 8, tibbiyot – 6, fiqh – 263, hadis – 26, hisob – 2 va boshqa (21) sohalarni qamrab olgan asarlar jamlangan.
Qoʻlyozmalar orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy, Hakim Termiziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning asarlari ham mavjud.
Qoʻlyozmalar katalogini tuzish Markazning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, shu choqqacha 688 betlik katalog nashr etildi. Unda 107 alloma qalamiga mansub 534 ta asarning tavsifi va 50 xattot, 41 sahhof, 3 nafar kitob sohibi hamda 22 muhrning koʻrsatkichlari keltirib oʻtilgan[1].
Ushbu katalogini tuzishda dunyo standartlariga mos ravishda quyidagi:
- Tartib raqami;
- Asar nomi;
- raqami;
- Tili;
- Muallifi;
- Asar tavsifi;
- Mavzusi;
- Asar boshi;
- Asar soʻngi;
- Kolofoni;
- Bibliografiya;
- Koʻchirilgan sanasi;
- Koʻchirilgan joyi;
- Xattoti;
- Yozuv turi;
- Varaqlari soni;
- Qatori;
- Mistarasi;
- Poygiri;
- Siyohi;
- Qogʻozi;
- Kurrosasi (daftar);
- Bezagi;
- Matnining oʻlchami;
- Varagʻining oʻlchami;
- Raqamlanishi;
- Muqovasi;
- Sahhofi;
- Muhri;
- Kitob sohibi;
- Qoʻlyozmaning holati;
- Birinchi va oxirgi sahifalarining suratlari kabi tafsilotlar eʼtiborga olindi.
Manbalar xazinasida saqlanayotgan tarixiy va nodir asarlar nafaqat milliy, balki jahon ilm-fani uchun ham ulkan ahamiyatga ega. Quyida ana shunday mashhur qoʻlyozmalardan ayrimlarining qisqacha ilmiy tavsifi keltiriladi.
- №31 raqamda saqlanayotgan kitob – Mahmud ibn Umar Zamaxshariy Xorazmiy (538/1144), “Kashshofu an haqoyiqit tanzil” asarining ikkinchi juzi. 315 varaq, “Maryam” surasining birinchi oyati bilan boshlanib, “Soffat” surasining 144-oyatida tugagan. Qogʻoz, siyoh, xat turi va kodikologik tahlil natijalari XIV asrda koʻchirilganini tasdiqlaydi. Muqovasi kartondan, yashil rangli, bosma naqshli – turunj va lolali.
- №428 – majmua boʻlib, 269 varaq. Uning tarkibidan:
- Shamsiddin Muhammad Jazariy (1350-1429) – “Hisnul hasin”[2];
- Abu Iso Muhammad Termiziy (824-892)[3] – “Shamoilun nabaviy”[4];
- Abu Zakariyyo Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan Hizomiy Huvroniy Navaviy (1233-1277) – “Arbain”[5];
- Hofiz Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy – “Lubobul hadis”[6];
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870) – “Ahodisus sulosiyot”[7];
- Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Kaʼbul axbor”[8]
kabi asarlar oʻrin olgan.
Kitob Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nasx xatida koʻchirilgan. Matn ichidagi hadislarning tartib raqami va zaruriy deb topilgan ayrim qaydlar qizil siyohda yozilgan. Uning hoshiyasida izoh va qaydlar ham mavjud. Majmuadagi 1-“Hisnul hasin” asarining kolofon qismida 821/1418 yil jumodus soniy oyida koʻchirilgani qayd etilgan.
Mazkur asarlarning barchasi bir majmuada jamlangani va husnixati, xat turi, yozish uslubi, qogʻoz turining bir xilligidan kelib chiqib, ularning barchasini bir xattot tomonidan bir vaqtda koʻchirilgan deb xulosa qilish mumkin.
- №78 – Ubaydulloh ibn Masʼud qalamiga mansub “Muxtasarul viqoya” asarining turkiy tarjimasi. Asar 183 varaqdan iborat boʻlib, “Kitobut tahora”dan boshlanib, “Kitobul xunasa”da tugagan. Uning 183a-varagʻida kolofon qismi joylashgan boʻlib, 976/1568 yilda xattot Abdurozi ibn Abdurahmon koʻchirgani qayd etilgan[9].
- №200 – Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy (1414-1492)ning “Al-Favoiduz Ziyoiyya bi sharhil Kofiya” asari. Jamoliddin Abu Amr Usmon ibn Umar ibn Abu Bakr ibn Hojibning (vaf. 646/1248) “Kofiya” asariga yozilgan sharh[10]. Arab tili grammatikasiga bagʻishlangan. Masalalar sharhlar bilan keng yoritib berilgan. Oʻrta Osiyo madrasalarida asosiy darslik sifatida foydalanilgan.
Kolofon qismi 211a-varaqda. Asarni 897 yil 11 ramazon (1492 yil 6 iyul) kuni koʻchirilgani qayd etilgan.
Muqovasi sharqona, kartondan, mallarang, bosma naqshli, lola va turunjli, lola ichida sahhof nomi Abdusattor deb koʻrsatilgan.
- №7 – Burhonuddin Margʻinoniy (vaf. 1187)ning “Hidoya” asari. Asar hanafiy fiqhi boʻyicha muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgani bois XII asrdan hozirgacha madrasalarda asosiy darslik sifatida foydalanib kelinadi. Unga juda koʻplab sharh va hoshiyalar yozilgan[11]. Mazkur nusxa 348 varaqdan iborat. Kolofon qismida 1242/1826-yilda xattot Ahmad Hoʻja ibn Bahodir Hoʻja Eshon koʻchirgani qayd qilingan[12]. Muqovasi kartondan, yashil rangli, bosma naqshli, turunj va lolali.
- №68/I – Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xuja Baqo – “Tazkirai Muqimxoniy”. Asar Balxning Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan hokimi shahzoda Abulmuzaffar Muqimxonga (1601-1747) bagʻishlab yozilgan. Chingizxon va uning avlodlari, shuningdek, Shayboniylar (1500-1601) va Ashtarxoniylarning (1601-1747) hukmronlik davri (shajarasi) yoritilgan. Asar 63 varaqdan iborat boʻlib, kolofonida 1239/1823-yili payshanba kuni koʻchirilgani qayd etilgan[13]. Muqovasi qora, bosma naqshli, turunjli.
- №456 – Alisher Navoiy – “Chahor devon” (“Xazoyinul maoniy”). Asarda Hazrat Navoiyning 335 ta gʻazali oʻrin olgan. Devonning umumiy nomi “Xazoyinul maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”) boʻlib, 4 qismdan iborat boʻlgani uchun “Chor (toʻrt) devon” deb ham atalgan. Unda Hazratning butun hayoti davomidagi kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-umidlari ifodalab berilgan. Asar 63 varaqdan iborat. Kolofon qismi 182a-varaqda – 1292/1875 yili Doʻsanqishloqda xattot Mulla Ernazar ibn Xoliq Xalifa koʻchirgani qayd etilgan. Muqovasi sharqona, kulrang, bosma naqshli, turunj va lolali.
- №545 – Abdurahmon Jomiy – “Nafahotul unus min hazorotil quds”. Asar Alisher Navoiyning iltimosi bilan 1476-1478 yillarda yozilgan. XVI asr oʻrtalariga qadar yashagan tasavvuf vakillarini oʻrganishda eng ishonchli manbalardan hisoblanadi. Unda mashhur shayx va soʻfiylarning hayoti va ilmiy faoliyati boblarga ajratilgan holda bayon qilingan. Asar forscha boʻlib, 373 varaqdan iborat. Kolofonida uning 883/1478 yilda koʻchirilgani qayd etilgan[14].
Markaz ilmiy xodimlari qolgan qoʻlyozma kitoblarning katalogini tuzish ishlarini izchil davom ettirmoqda. Asarlarni tarixiy va kodikologik jihatdan oʻrganish ularning noyob ahamiyatini yanada keng koʻlamda ochishga xizmat qiladi.
Qoʻlyozma asarlarni jildlash (sahhoflik) sanʼati Sharq kitobat madaniyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ayrim mashhur sahhoflar oʻz mahorati, uslubi va maktabi bilan alohida eʼtiborga sazovor. Kitobat madaniyatining ustalari boʻlgan bu fidoyi insonlar mehnati tufayli qoʻlyozma asarlar asrlar davomida saqlanib kelmoqda. Sahhoflik shunchaki hunar emas, balki yuksak badiiy sanʼat ham hisoblanadi.
Markaz fondida saqlanayotgan qoʻlyozma kitoblarning bir qismini jildlagan sahhoflarning faoliyati alohida taʼkidga loyiq:
Mirzo Ibodulloh – 16 ta, Mullo Qudratulloh – 12 ta, Muhammad … – 12 ta, Mullo Muhammad Amin – 11 ta, Muhammad Yunus – 11 ta, Abdurroziq – 7 ta, Eshonquli (1248/1832) – 7 ta, Mullo Abdulaʼto – 6 ta, Muhammad Amin ibn Mullo Muhammad – 6 ta, Mullo Mirzo Gʻaniy (1237/1822) – 5 ta, Mullo Norxon ibn Muhammad – 3 ta, Muhammad Sharif valadi Husayn (1274/1857) – 3 ta, qolgan sahhoflar 1-2 donadan kitob muqovalagan[15].
Bundan XV-XIX asrlarda ham Oʻrta Osiyoda kitobat va sahhoflik sanʼati yuqori darajada rivojlangani koʻrinib turibdi.
Qoʻlyozmalardagi muhrlar – bu kitob yo hujjatning egasi, kutubxonasi, vaqf maqomi yo rasmiy tasdigʻini koʻrsatuvchi muhim tarixiy manbadir. Ular nafaqat egalikni, balki asarning tarqalish tarixi, madaniy muhit va siyosiy davr haqida ham qimmatli maʼlumot beradi.
Katalogda tavsifi keltirilgan qoʻlyozmalarda 22 ta muhr mavjud boʻlib, ulaning 13 tasi kitob sohiblariga, 9 tasi esa kitoblarni vaqf qilinganiga oid. Bu muhrlar orqali kitobning egasi, qaysi kutubxonaga tegishliligi va kim tomonidan vaqf qilingani haqida maʼlumot olish mumkin.
Tadqiqotchilar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan asarlar haqidagi maʼlumotlarni manbalar.uz va bukhari.uz rasmiy veb-saytlaridan olishi mumkin.
Markazning ustuvor vazifalaridan biri ulugʻ alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini, manbalar xazinasida saqlanayotgan bebaho qoʻlyozmalarni zarar yetkazmasdan saqlash, kelajak avlodga bus-butun holida yetkazish, ilmiy tadqiqotda qoʻllash tizimini yanada takomillashtirishdan iborat. Shu maqsadda kichik konservatsiya va restavratsiya markazi tashkil etildi. Shuningdek, elektron nusxalar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Hozirga qadar 512 jild kitob (1103 asar)ning 175 077 varagʻi skanerdan oʻtkazildi va ularning JPEG va PDF formatlardagi elektron nusxalari tayyorlandi.
Tashqi ishlar vazirligi koʻmagi bilan xorijdan allomalarimiz qalamiga mansub 34 ta asarning elektron nusxalari olib kelindi, 3265 ta asarning elektron nusxalari internet orqali yuklab olindi va 130 000 dan ziyod qoʻlyozmaning elektron nusxalari Misr Arab Respublikasining sobiq muftiysi Ali Juma tomonidan taqdim etildi.
Bu ishlar natijasi oʻlaroq, Markazda qoʻlyozma asarlarning salmoqli elektron bazasi shakllandi. Umumiy hisobda hozirga qadar Markaz elektron bazasi 134 402 dan ortiq qoʻlyozma va toshbosma asarning elektron nusxalari bilan boyitildi. Ayni paytda ulardan samarali va maqsadli foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻlyozma asarlar platformasini yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida qoʻlyozma merosni saqlash, tadqiq qilish va raqamlashtirish sohasida ilgʻor amaliyot joriy etilmoqda. Bu nafaqat nodir asarlarning ilmiy va maʼnaviy qiymatni oshiradi, balki kelajak avlod uchun boy va ishonchli maʼnaviy merosni saqlashni taʼminlaydi.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





