Home / MAQOLA / NAMOZNI TARK QILISH VA TAKFIR

NAMOZNI TARK QILISH VA TAKFIR

Islom dinida namoz imonning amaliy ifodasi va dinning ustunidir. Uni tark qilish va buning uchun takfir qilish (namoz oʻqimaganni kofirga chiqarish) mavzusi ummat orasidagi eng nozik va ixtilofli masalalardan biridir. Afsuski, baʼzilar hadislarni oʻz qarashlariga moslab, shariat qoʻygan shart va talablarni inobatga olmasdan musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshilmoqda. Bunday yondashuv Qurʼon, hadis va ahli sunna val jamoa aqidasiga zid boʻlib, ummat orasida fitna va adovatlar keltirib chiqaradi. Bu borada ahli sunna val jamoaning tutgan yoʻli oʻta ehtiyotkorlik va ilmiy manhajga asoslangan.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Musulmon bilan kufr oʻrtasida namozni tark qilish bordir”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati). Xavorij toifalar ushbu hadisni dalil qilib olib, namoz oʻqimagan kimsani kofirga chiqaradi. Lekin, ahli sunna val jamoa ulamolariga quloq tutadigan boʻlsak, asl haqiqat boshqacha boʻlib chiqadi.

Hadislarda kelgan “kufr” soʻzini jumhur ulamolar ikki qismga ajratadi:

  • Kufri akbar (katta kufr): insonni dindan chiqaradigan, imonni butunlay yoʻqqa chiqaradigan kufr.
  • Kufri asgʻar (kichik kufr): neʼmatga noshukrlik yo katta gunoh – bular dindan chiqarmaydigan kufrdir. “Amaliy (amalga oid) kufr” ham deyiladi.

Mazkur hadis islom fiqhi va aqidasida juda muhim oʻrin tutadi. Ulamolar uni sharhlashda bir nechta asosiy qarashlarni ilgari surgan. Bu yerda asosiy masala shuki, kishi namozni oʻzi inkor qilgani uchunmi yoki erinchoqligi tufayli tark etganmi? – shunga aniqlik kiritish kerak boʻladi.

Namozni inkor qilib tark etish

Barcha ulamolar bir ovozdan taʼkidlaydiki, agar kishi namozning farzligini inkor qilib (yaʼni, “namoz oʻqish farz emas” deb) uni tark etsa, dindan chiqqan hisoblanadi. Lekin shu holatda ham avval tushuntirish, ogohlantirish beriladi. Oʻshanda ham qaroridan qaytmasa, keyin hukm qilish mumkin. Chunki u Alloh (azza va jalla) va Rasuli (sollallohu alayhi vasallam)ning amrini yolgʻonga chiqargan boʻladi. Bu – ochiq kufr!

Dangasalik qilib tark etish

Agar kishi namozning farzligini tan olsa, lekin dangasalik yo beparvolik qilib, uni oʻqimasa, ulamolar buni quyidagicha sharhlaydi: Bunday kishi kofir boʻlmaydi, balki gunohkor boʻladi. Ular hadisdagi kufr soʻzini “neʼmatga kufr keltirish” kabi deb tushuntiradi. Kofir emas, gunohkor musulmon sifatida talqin qiladi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh Oʻziga shirk keltirishni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa gunohlarni Oʻzi xohlagan bandalaridan kechirur” (Niso surasi, 48-oyat).

Namozni tark qilish shirk yoki katta kufr boʻlganida, u kechirilmaydigan gunohlar qatorida sanab oʻtilgan boʻlar edi.

Biror musulmonni kofirga chiqarish, yaʼni takfir – islomdagi eng nozik masalalardan biri. Xavorijlar gunoh qilgan har qanday musulmonni kofirga chiqarib, qonini halol sanab kelgan – qatlga hukmga qilib yuboravergan. Ekstremistik oqimlar bugungi kunda ham aynan namoz oʻqish-oʻqimaslik masalasidan foydalanib, jamiyatda fitna chiqarishga urinmoqda.

Vaholanki, ahli sunna eʼtiqodiga koʻra, “Ahli qibladan birortasini gunoh tufayli kofir deb hukm qilmaymiz. Modomiki oʻsha gunohni halol hisoblamasa”. “Ahli qibla” deganda, Muhammad alayhissalom keltirgan asos-aqidaga imon keltirib, dinning tamal hukmlarini inkor qilmagan kishilar nazarda tutiladi.

Namoz – banda bilan Xoliq oʻrtasidagi rishta. Bu rishtaning zaiflashishi katta musibat, lekin uni takfir orqali uzib tashlash huquqi bandalarga berilmagan. Hanafiy mazhabiga koʻra, namozni dangasalik bilan tark etgan kishi imonsiz hisoblanmaydi, haqiqiy ilm egalari odamlarni dindan chiqarmaydi, balki imonga chaqiradi.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Barqarorlikka yetaklovchi odimlar

TIYNAT Odamlar goho jamiyatdagi oʻzgarishlar haqida gapirar ekan, “zamon ogʻirlashib ketdi”, “odamlar avvalgidek emas”, degan …