Islomning Arabiston yarimorolidan tashqariga tarqalishi natijasida uning tarixi va mohiyatini aniq yoritib berishga boʻlgan harakat kuchaydi. Mualliflarning u yoki bu diniy oqimga mansubligi, uning aholi qatlamidagi mavqeyi muhim oʻrin tutdi. Islom dinining tarqalishi bilan zamondosh boʻlgan mualliflarning asarlarida oʻsha davrning oʻziga xos jihatlari aks etdi. Jumladan, shialik va xorijiylikning kuchayishi, Abbosiylar davridagi mihna voqealari, islomdagi gʻoyaviy boʻlinishlar asarlarning asosiy mavzusiga aylandi. Ushbu kayfiyat islom tarixi boʻyicha taʼlif etilgan asarlarda ham oʻz aksini topdi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Oʻrta asrlarda bitilgan tarixiy asarlarda keskin kayfiyat sezilib turadi.
Shu bilan birga, islom tarixi yoki shaxslar tarixi bilan bogʻliq asarlar koʻpaysa-da, ularning obyektivligi shubha ostida qoldi. Sultonlar, qozilar va shu kabi zodagonlarning buyurtmalari bilan yoki ularga tilyogʻlamalik qilish maqsadida ham kitoblar yozila boshladi. Shunday ekan, kelgusi tadqiqotlar uchun Oʻrta asr mualliflari va ularning asarlarini hamda ularning qaysi diniy, siyosiy va mafkuraviy ragʻbat yoki tazyiqlar ostida yozilganini bilish muhimdir.
Tadqiqotga jalb etilgan adabiyotlarni tahlil etishda asarlarning haqqoniyligi, mualliflarning diniy-siyosiy dunyoqarashiga alohida eʼtibor qaratilib, tasniflab chiqildi. Tadqiqotga jalb etilgan adabiyotlarning aksariyatini tarixiy asarlar tashkil etadi. Shunday asar mualliflaridan biri Xalifa ibn Xayyot (160/777-240/855) boʻlib, uning “Tarix” va “Tabaqot” nomli asarlari bizgacha yetib kelgan. Uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida maʼlumotlar yetarli emas. U Iroqning Basra shahrida tugʻilib, shu yerda ijod qilgan. Maʼlumki, Basra hijriy III asrda islomning ilm-fan va madaniyat markazi boʻlib, u yerda xususan, arab tili, hadis, siyra va tarix kabi sohalar mukammal oʻrganilgan. Shu bois u Basradan boshqa joyga koʻchib oʻtmagan. Xatib Bagʻdodiyning “Tarix” asarida Ibn Xayyotning ismi zikr qilinmaganiga qaraganda u Bagʻdodda yashamagan. Uning ilmiy biografiyasi ancha boy boʻlib, ilm bilan shug‘ullanuvchi oilada katta boʻlgan. Uning bobosi Imom Buxoriyning ishonchli hadis roviylari roʻyxatidan oʻrin olgan. U Yazid ibn Zariʼ (vaf.182/798) kabi ulamolardan taʼlim olgan. Xalifa ibn Xayyotning oʻzi ham hadislar rivoyat qilgan va ularning yettitasi Imom Buxoriyning hadislar toʻplamiga kiritilgan. Agar Imom Buxoriy Xalifa ibn Xayyot rivoyat qilgan hadislarni oʻz asariga kiritgan ekan, demak, u taqdim etgan maʼlumotlarning ishonchlilik darajasi yuqoriligiga shubha yoʻq.
Xalifa ibn Xayyot “Tarix” asarida oʻzigacha yetib kelgan manbalardan unumli foydalangan va uni yozishda maʼlumotlarni alohida tartiblash tamoyiliga amal qilgan. Bunday yondashuv avvalgi mualliflar ishlarida uchramaydi. U asarda urushlarda vafot etgan shaxslar roʻyxatini keltiradi va tarixiy joy nomlarini batafsil tasniflaydi. Shuningdek, hijriy yil hisobi boʻyicha xronologik ketma-ketlik tartibida voqea-hodisalarni ochib beradi. Xalifalar davrida “omil”, “voliy”, “qozi” kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan amaldorlar haqidagi maʼlumotlar tuzib chiqilgan. Muallif “shurta” boshliqlari, “baytul mol”, “devon” sohiblari va boshqa davlat boshqaruvi bilan bogʻliq xizmatchilar tarixi bilan alohida shugʻullangan.
“Tarix” asari islom davlatchiligi va uning moliya tizimini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. U ikki qismdan iborat boʻlib, birinchisi hijratning birinchi yilidan boshlab, Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning vafoti, voliylar va kotiblar haqidagi maʼlumotlar bilan tugallagan. Ikkinchi qismi esa Xulafoi Roshidin davri bilan boshlanib, 232/847-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Xalifa ibn Xayyot asarning siyra qismini yozishda Ibn Isʼhoq tomonidan keltirilgan maʼlumotlardan keng foydalangan.
Asarning toʻliq matni 1966-yilda ilmiy jamoatchilikka maʼlum boʻlgan. U Magʻribdagi Rabot qoʻlyozmalar xazinasida 199-raqam ostida saqlangan va ushbu nusxa Akrom Ziyo Umariy tomonidan tadqiq etilib, 1967-yilda nashr qilingan [23: 26]. Xalifa ibn Xayyotning “Tabaqot” asari ham yuqorida tilga olingan olimning saʼy-harakatlari bilan nashrga tayyorlagan [23:464]. Mazkur asar bizgacha yetib kelgan tabaqotlarning eng qadimgisi boʻlib, unga 3375 nafar erkak hamda ayol sahobalar, tobein va tabaa tobeinlar haqidagi maʼlumotlar kiritilgan. Ular mintaqalar boʻyicha tartiblangani bois sahobalarning baʼzilari haqidagi xabarlarning takrorlanganini koʻrish mumkin. Kitob soʻngida ayol sahoba va tobeinlarga bagʻishlab alohida bob ajratilgan. Xalifa ibn Xayyotning “Tabaqot” asari Ibn Saʼdning tabaqotida keltirilgan maʼlumotlar bilan solishtirilganda, baʼzi oʻrinlarda maʼlumotlar bir-biriga zid kelishini ham alohida taʼkidlash lozim.
Koʻrib chiqilayotgan davrlarga oid tarixiy asarlar yozgan mualliflardan yana biri Umar ibn Shabba Numayriy (173/790-262/877) boʻlib, u siyra va islom tarixida oʻz oʻrniga ega boʻlgan shaxslar tarixini puxta oʻrgangan olim edi. Umar ibn Shabba Numayriy koʻp asarlar yaratgan, ammo bizgacha uning “Tarixul Madina” (تاريخ المدينة) – “Madina shahri tarixi” asari yetib kelgan, xolos. Muallifning ushbu asari markazlashgan arab-musulmon davlatining ilk poytaxti boʻlgan Madina shahri tarixini izchil oʻrganishga yordam beradi. Asarda Xulafoi Roshidin davri, Madina shahrining meʼmoriy tuzilishi, qurilish tartibi, maʼmuriy boshqaruvi haqida qimmatli maʼlumotlar keltiriladi. Muallif tomonidan maʼlumotlar sinchiklab tekshirilgani bois, undan oldingi manbalardan keltirilgan rivoyatlar hasan va sahih darajasiga koʻtarilgan. Shu bilan birga, u oʻzi guvoh boʻlgan maʼlumotlarni alohida rivoyat qilgan.
Ibn Shabba “Tarixul Madina” asarida Xulafoi roshidin davri tarixini ham bayon etgan va uning davomini “Tarixul Basra” (تاريخ البصرة) – “Basra shahri tarixi” nomli kitobiga kiritgan. Lekin mazkur asar bizgacha yetib kelmagan. Ammo Hajar Asqaloniy (773/1372-852/1449) “Fathul boriy sharh Sahihi Buxoriy” (فتح الباري شرح صحيح البخاري) – “Sahihi Buxoriyga Fathul boriy nomli sharh” nomli asarida “Jamal” voqeasiga oid baʼzi maʼlumotlarni “Tarixul Basra”ga asoslanib keltirgan [2:54-55]. Uning asarlarida berilgan maʼlumotlarni tahlil etish jarayonida shuni anglash mumkinki, muallif tarixiy jarayonni yoritish bilan birga, qadimgi arxitektura va islom davlatida yangi shaharlarning paydo boʻlishi, unda chet mamlakatlarda mavjud shahar qurilishi amaliyoti bilan solishtirishni maqsad qilgan koʻrinadi. Muallifning ushbu asarlaridagi maʼlumotlar ishonchli boʻlishiga qaramasdan, zamonaviy tadqiqotlarda ularga iqtiboslar kam uchraydi. Aynan Ibn Shabba yoritgan davr bilan kompleks shugʻullangan olimlardan biri O.G.Bolshakov ham oʻz tadqiqotida ushbu muallifga deyarli murojaat qilmaganini koʻrish mumkin. Buni bizning fikrimizcha, “Tarixul Madina” asarini boshqa manbalarga nisbatan kech nashr etilgani bilan izohlash maqsadga muvofiq.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, tarixiy maʼlumotlarning haqqoniyligi, avvalo, muallifning voqea-hodisalarga xolis yondashuvi va ularni oʻz koʻzi bilan koʻrgani bilan belgilanadi. Mana shunday mualliflardan biri tarixchi, geograf va sayohatchi Ahmad ibn Isʼhoq Yaʼqubiy (vaf. 284/905)dir. U Bagʻdodda tugʻilgan va shialik oqimining imomiylik mazhabi vakili boʻlgan. Oilasi kelib chiqishi jihatdan mavoliylar, yaʼni islomni qabul qilgan ajam xalqlaridan edi. Isʼhoq Yaʼqubiy Abbosiylar davrida devonxona kotibi lavozimida ishlagan. Shu bois u rasman Armaniston, Xuroson, Misrda xizmat safarlarida boʻlgan va safar mobaynida ushbu mintaqalarning geografiyasi hamda tarixini oʻrgangan. Natijada, “Kitobut tarix” (كتاب التاريخ) – “Tarix kitobi” va “Kitobul buldon” (كتاب البلدان) – “Mamlakatlar haqida kitob” asarlari yuzaga kelgan [6:12]. U “Kitobut tarix” asarining muqaddima qismida insonning yaratilishi, Paygʻambarlar, islomdan oldingi mamlakatlar va xalqlar tarixiga toʻxtalib oʻtadi. Asarning keyingi qismi islomdan oldingi johiliyat davriga, ikkinchi qismi esa xalifalik tarixiga bagʻishlangan. U Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning tugʻilishi haqidagi hikoya bilan boshlanib, IX asrning oxirigacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga oladi. Mazkur qismda foydalangan manbalar roʻyxati alohida shaklda keltirilgan. Manbalar 11 nafar axboriy tarixchi va 2 nafar munajjimlarga tegishlidir. Bundan koʻrinadiki, Isʼhoq Yaʼqubiy oʻsha davrda keng tarqalgan munajjimlik (astrologiya) ilmiga ham qiziqqan va uni oʻrgangan. U asarda har bir xalifaning saylanish sanasini burjlar bilan solishtirib beradi. Ushbu maʼlumotlar manbadagi yilnoma sanalarini bir tomondan ishonchliligiga, ikkinchi tomondan muallifni yaxshigina munajjim bo‘lganiga ishora qiladi.
Asarda VII asrning birinchi yarmida Eronga uyushtirilgan yurishlar tarixi dastlabki toʻrtta xalifalarga bagʻishlangan boblarida bayon etilgan. Har bir bobda alohida-alohida xalifalarning ichki siyosiy faoliyati va yurishlari haqida qisqa maʼlumotlar berilgan. Shu bilan birga, zabt etilgan hududlar aholisi tomonidan toʻlangan xaroj soligʻi miqdori ham koʻrsatilgan. Asar xalifalar vafoti, ularning oʻrinbosarlari roʻyxati va boshqa nufuzli qabiladoshlari haqidagi hikoya bilan yakunlanadi. Yaʼqubiy baʼzi maʼlumotlarni qisqa bayon qiladi va natijada ayrim chalkashliklar kelib chiqadi. Shuning uchun, u taʼlif etgan maʼlumotlarni birlamchi manbalarga solishtirish, roviylar rivoyatlarini haqiqatga mos kelishini tekshirish va asarni tanqidiy nuqtayi nazardan oʻrganish maqsadga muvofiqdir. Yuqorida taʼkidlanganidek, Yaʼqubiy oʻz maʼlumotlarini shialik gʻoyalari nuqtai nazaridan talqin etadi. Buni Abu Bakr, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affonlarning ismi-shariflari keltirilgandan keyin “Roziyallohu anhu” (Alloh undan rozi boʻlsin) qoʻshimchasini qoʻllamaganidan ham bilsa boʻladi.
Musulmon istilolari aks ettirilgan maʼlumotlarga muallifning shia mazhabiga mansubligi taʼsir etmagan. U harbiy voqealarni qahramonlar oʻrtasida roʻy bergan yakkama-yakka kurashlarga batafsil toʻxtalmagan holda, qisqa shaklda bayon qiladi. Muallif ayrim oʻrinlarda musulmonlarning mahalliy aholi bilan tuzgan bitimlari, xalifa oʻrinbosarlarining hududlardagi maʼmuriy-xoʻjalik faoliyati haqida ham maʼlumotlar berib oʻtadi. Yaʼqubiy xabarlarining ishonchlilik darajasi boʻyicha xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, uning aqidaviy, xalifalik, imomat, shialik va sunniylik oʻrtasidagi keskin qarashlar borasidagi maʼlumotlaridan foydalanishda ehtiyotkorlik zarur boʻladi. Ammo hududlardagi aholining hayot tarzi, mulozimlarning xizmat vazifalari kabi tarixiy voqealar oʻzining haqqoniyligi bilan ajralib turadi.
Islom tarixini toʻlaqonli tadqiq etishda Abu Jaʼfar Tabariy (224/839-310/923)ning “Tarix” nomli asarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Alloma Tabariston poytaxti Omul shahrida forsiy oilada tavallud topgan. U ilm izlab Ray, Bagʻdod, Kufa, Basra, Fustot shaharlariga borgan. U tarix, tafsir, fiqh va hadis ilmlari bilimdoni boʻlgan. U mufassirlar imomi martabasini olgan. Yoshligida Imom Ahmad ibn Hanbal (163/780-241/855)dan ilm olish maqsadida Bagʻdodga boradi, lekin Imom vafot etgan edi [26:791]. Alloma Bagʻdodda hanbaliylar bilan koʻp marotaba tortishadi. Uning tarafdorlari hanbaliylarni dushmani sifatida koʻrar edi [29:50]. Ikki tarafning dushmanligi shu darajaga yetib bordiki, Tabariy tarafdorlari alloma janozasida toʻpolon qilishlaridan qoʻrqib uning dafn marosimini tunda oʻtkazgan.
Bunday kelishmovchiliklar zamirida Tabariyning oʻzi mazhab asoschisi boʻlganidir. U avvaliga shofeiy mazhabiga ergashgan va keyinchalik “Jaririy” mazhabiga asos solgan. Uning mazhabi shofeiylikdan biroz farq qilgan. Jaririy mazhabi uning vafotidan keyin ikki asr davom etdi, xolos. Alloma hayoti davomida 20 dan ortiq asar yozdi. “Tafsiri Tabariy” nomi bilan shuhrat qozongan “Jomeul bayon fiy taʼvilil Qurʼon” (جامع البيان في تفسير القرآن) – “Qurʼon tafsiri boʻyicha keng qamrovli bayon” asari tadqiqotchilar nazdida tafsir yoʻnalishida yozilgan ilk mukammal manbadir. Toʻgʻri, asarda sahih yoki zaiflik jihatidan turli darajadagi hadislar va hatto isroiliyot rivoyatlari koʻp uchraydi. Ammo shunday boʻlsa-da, ushbu tafsir juda ham foydali maʼlumotlarga ega. Alloma Qurʼoni karim oyatlari tafsirini bayon etishda sodda, ravon jumlalardan foydalanganki, uni oʻqigan inson ham Qurʼon maʼnolarini tushunadi, ham arab tilining jozibasidan bahramand boʻladi.
Uning paygʻambarlar va podshohlar tarixiga bagʻishlangan “Tarix” nomli asari mashhur [9/1:2]. Asar “Tarixut Tabariy” (تاريخ الطبري) – “Tabariy tarixi” yoki “Tarixul umam val muluk” (تاريخ الأمم والملوك) – “Xalqlar va podshohlar tarixi” yoki “Tarixur rusul val muluk” (تاريخ الرسل والملوك) – “Paygʻambarlar va podshohlar tarixi” tarzida talqin etiladi. Olimning ushbu ikki asari oʻz sohalarining ensiklopediyasi maqomini olgan. F.Sezginning yozishicha, “Tabariy musulmon olami ilm fanining yirik namoyandalaridan. Olim ikki monumental asari orqali dunyoga tanildi” [30:323]. Muhammad Abul Fadl Ibrohim Tabariyning tarixini tadqiq etar ekan, alloma haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “U Qurʼondan boshqasini bilmaydigan qoriga, hadisdan boshqa narsani bilmaydigan muhaddisga, fiqhdan boshqa narsani bilmaydigan faqihga, arab tilidan boshqasini bilmaydigan nahviyga (grammatik) oʻxshaydi. U oʻzining chuqur ilmi va zukkoligi tufayli ikki oyoqda yuradigan universitet darajasigacha yetdi”.
Tabariy oʻz asarini yozishda bir qancha oʻzidan oldin oʻtgan tarixchilar asarlaridan unumli foydalangan. Jumladan, Sayf ibn Tamimiy, Abu Mixnaf, Madoiniy, Ibn Shabba, Voqidiy, Nasr Ibn Mazohim, Abu Maʼshar Sinadiy, Ibn Isʼhoq va boshqa bir qator tarixchilarni sanash mumkin. Shu bilan birga, Tabariy asarlarining kompilyativligiga urgʻu berish muallifning manbaga ijodiy yondashishini ahamiyatli darajada yoʻqotadi. XX asrda N.A.Mednikov va Yu.Velxauzen tadqiqotlari tufayli Tabariy oʻz manbalaridan original foydalangani maʼlum boʻldi. U oʻz “Tarix”ida oʻzi eng ishonchli deb hisoblagan muallif yoki mualliflar guruhini ajratgan, N.A.Mednikov, taʼkidlaganidek, “oʻzi uchun rahbar tanlagan”. Tabariy goh Muhammad ibn Saidni, goh Ibn Saʼdni, goh Voqidiyni, goh Sayf ibn Umarni tanlaydi. Oʻz nuqtayi nazarida ishonchli deb hisoblagan voqea naqlini Tabariy aksariyat hollarda hikoya boshida keltiradi, keyin esa yakuniy xulosa qilmasdan boshqa naqllarni bayon qiladi. “Tarixi Tabariy” asarining bizgacha yetib kelgan qismi, yaʼni dunyoning yaratilishidan 302/914-15-yillargacha boʻlgan davr voqealari Golland sharqshunosi de Guye tomonidan 1901-yilda golland tiliga tarjima qilinib, chop etiladi [14:4]. Keyinchalik, 1960-1969-yillarda mazkur tadqiqot asosida Muhammad Abul Fadl Ibrohim 11 juzdan iborat arabcha toʻldirilgan nashrini tayyorlaydi va uni Qohirada nashr qildiradi.
X asr ikkinchi yarmida yashab ijod qilgan, Somoniylar sulolasidan bo‘lgan Mansur ibn Nuh (vaf.365/976) (hukm.350/961-365/976) vaziri Abu Muhammad ibn Muhammad Balʼamiy (vaf.365/975) Tabariyning tarixini qisqartirib, fors tiliga tarjima qildi. Fors tilidagi “Tarixi Tabariy” asari Yaqin va Oʻrta sharqda mashhur boʻldi va boshqa sharq tillariga tarjima qilindi. Tadqiqotchi I.A.Kolesnikovning fikricha, Balʼamiy tarjimasining tanqidiy matni bizgacha yetib kelmagan [25:28]. Asarning rus tiliga saylanma tarjimasi V.I.Belyayev, O.G.Bolshakov va B.Z.Xalidov tomonidan amalga oshirilgan. Unda asarga sobiq Ittifoq xalqlari tarixini oʻrganishda manba sifatida qaralgan [22:44].
IX asr ikkinchi yarmi – X asr birinchi choragida yashab oʻtgan mashhur tarixchi olim Tabariy qalamiga mansub bu asarning ahamiyati musulmon dunyosi tarixining birinchi uch asrini oʻrganishda oʻrni beqiyos. Shu boisdan, Oʻrta asr mualliflari uning asariga manba sifatida koʻp marotaba murojaat qilgan. Tabariyga tanish boʻlgan voqealarning hamma naqlini saqlab qolgan asar, axborotning ogʻzaki yetkazish anʼanalarining turlari haqida tasavvur qilish imkoniyatini beradi.
Ali ibn Husayn ibn Ali Masʼudiy (283/896-346/957-y.) tarixchi, geograf, sayohatchi. U oʻzining yoshlik chogʻlarini tarixiy va geografik maʼlumotlarni toʻplash bilan oʻtkazdi. Uning nasabi sahoba ibn Masʼud (-8/594-32/650)ga borib taqaladi. U Shom, Misr, Eron, Hindiston, Seylon, Madagaskar, Ozarbayjon, Zanzibar, Movarounnahr va hatto Xitoyga ilmiy safar qilgan. U asosan Antokiya, Damashq va Fustotda yashagan va Misrda vafot etgan. Tarixchi Zahabiyning maʼlumotiga koʻra, Ali Masʼudiy mo‘taziliy mazhabi vakili boʻlgan [10:569]. Ushbu maʼlumotni Asqaloniy ham tasdiqlaydi va “Uning asarlarida mo‘taziliylik unsurlari sezilib turar edi”, deb taʼkidlaydi [2:65]. Boshqa tadqiqotchilarning fikriga koʻra esa, u keltirgan maʼlumotlarda shia oqimini qoʻllab-quvvatlovchi fikrlar aniq sezilib turadi [8:74].
Shunday boʻlsa-da, Ali Masʼudiy Ilk oʻrta asrlarning eng yirik tarixchisi va geografi sifatida tan olinadi. Uning yozgan asarlari soni oʻttiz oltitani tashkil etib, hozirgi kungacha ikkitasi, ya’ni “Murujuz zahab va madoinul javhar” (مروج الذهب ومعادن الجوهر) – “Oltin konlari va javohir maʼdanlar” va “At-Tanbih val ishrof” (التنبيه والإشراف) – “Ogohlantirish va nazorat” nomli asarlari yetib kelgan. Zahabiyning taʼkidlashicha, Ali Masʼudiyning “Murujuz zahab” asarining oʻzi 30 jilddan iborat boʻlib, Xulafoi roshidun davrini aks ettiradi. Lekin asarning faqatgina bir jildi saqlanib qolgan. Ibn Xaldunning fikriga koʻra, Ali Masʼudiy tarixchilarning suyanchigʻi va yoʻlboshchisiga aylangan. Fransuz tarixchilari esa, uni “Arab Gerodoti” deb ataydi [27:18]. Ayniqsa, “Murujuz zahab” asarini britaniyalik sharqshunos olim X.A.Gibb yuksak baholab, “arab tilida bundan ahamiyatli asar” Oʻrta asrlarda yaratilmaganini eʼtirof etadi [15:59]. Aslida, tarixnavislik Ali Masʼudiy yashagan Abbosiylar davridagi intellektual faoliyatning asosiy yoʻnalishlaridan biri edi. Haqiqatan ham uning yozgan asarlari muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ushbu asar Muhammad (s.a.v.)dan xalifa Mutiʼ Lillah (334/946-364/975) davrigacha boʻlgan islom tarixini oʻz ichiga olgan. Asarda har bir xalifa uchun alohida bob ajratilgan va Umaviylar hamda Abbosiylar sulolasi vakillari alohida berilgan. Asarda maʼlum bir rahbarning hayoti va faoliyati yoritilgan. Ularning boshqaruv yillari muallifning yashagan davriga toʻgʻri kelgani bois, aynan Abbosiylar toʻgʻrisida keltirilgan maʼlumotlarni ishonchli deb hisoblash mumkin. Muallif vafotiga qadar boʻlgan Abbosiylar davri (131/749-335/947)ni asarda qamrab olishga harakat qilgan.
Muhammad ibn Abdus Jahshiyoriy (vaf.331/942) Kufa shahrida tugʻilgan va Abbosiylar sulolasi davrida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. U 300/913-304/917-yillarda otasining oʻrniga “Hojib” lavozimiga tayinlangan. 918-yilda esa vazir Ali ibn Isoning “haras” xos soqchisi, keyinchalik Hamid ibn Abbos (305/918-311/923)ning hojibi kabi lavozimlarni bajargan [24:219]. U Bagʻdodda yashab, shu yerda vafot etgan. Jahshiyoriyning “Al-Vuzaro val kuttob” (الوزراء والكتّاب) – “Vazirlar devonxona kotiblari” deb nomlangan asari maʼlum boʻlib, u 295/908-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Asarda xalifalik mansabdorlari ulugʻlanadi va ularning raqiblari tanqid ostiga olinadi. Xususan, Abbosiy xalifalarning vazirlari boʻlgan Barmakiylar sulolasi vakillari asarda alohida maqtov soʻzlar bilan tilga olinadi. Asardagi bunday yondashuv tadqiqotchi X.Kennediyning so‘zlari bilan aytganda, Jahshiyoriyni “Abbosiylar saroyida urchigan siyosiy oʻyinlar qurboniga aylangani”dan darak beradi [24:219]. Lekin asar orqali ilk islom va xalifalik davrida faoliyat yuritgan mansabdor shaxslar hamda kotiblar haqida muhim maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin.
Jaloliddin Abul Fadl Abdurahmon Suyutiy (845/1445-911/1505) Misrda tugʻilib oʻsgan. U shofeiylik mazhabi fiqhshunos olimlaridan biri boʻlib, imom, mufassir, tarixchi, adabiyotshunos edi. Otasi besh yoshligida vafot etgan. Maʼlumotlarga koʻra, onasi oʻzlarining shaxsiy kutubxonasidan otasiga kitob olib kelayotgan vaqtda toʻlgʻoq tutib, kitoblar orasida tugʻilgani bois, unga “Ibnul kutub” (ابن الكتب) – “Kitoblar bolasi” kuniyasi berilgan [12/3:301]. Alloma Mamluklar davrida yashagan va oʻzining keskin qarashlari bilan ularni sergaklantirib turgan. U sultonlar bilan uchrashganda oʻzini ilm kishisi sifatida tutar, suhbatda esa ularning xulq-atvorini tanqid qilar edi. Manbalarda keltirilishicha, mamluk sultoni Ashrof Qaytboy (hukm. 872/1468-901/1496)ga uzun salla kiygani uchun tanbeh bergan. Sulton Tumanboy (hukm. 922/1516-923/1517) allomaning joniga qasd qilishga harakat qilgan. Shu bois, Abdurahmon Suyutiy sulton taxtdan agʻdarilguncha qochqinlikda yurgan [1:109].
Abdurahmon Suyutiy koʻp hollarda sultonlarning u bilan uchrashish uchun bildirilgan takliflarini rad etgan va ular bergan qimmatbaho sovgʻalarni qaytarib yuborgan. U oʻz vaqtini ilmga bagʻishlashga harakat qilgan va dunyo ishlaridan yuz oʻgirgan. Allomaning aksariyat asarlari hayotligidayoq Gʻarb va Sharqda mashhur boʻlgan. U asarlarni favqulodda tez va sifatli yozish iqtidoriga ega edi. Abdurahmon Suyutiyning shogirdlaridan biri boʻlgan Ibn Iyyosning taʼkidlashicha, uning yozgan asarlari 600 dan ziyod boʻlgan. Mazkur asarlar tafsir, fiqh, hadis, usul, nahv, balogʻat, tarix, tabaqot, tasavvuf va adabiyot ilmlarini qamrab olgan [1:109]. Ular orasida “Tafsir Jalolayn” (تفسير الجلالين) – “Jalolayn tafsiri” va “Al-Itqon fiy ulumil Qurʼon” (الإتقان في علوم القرآن) – “Qurʼon ilmlarida mohirlik” asari mashhurdir. Allomaning “Tarixul xulafo” (تاريخ الخلفاء) – “Xalifalar tarixi” deb nomlangan yirik asari xalifalar tarixiga bagʻishlab yozilgan.
Asarda xalifalik institutining paydo boʻlishi, u bilan bogʻliq hadislardan dalillar, Roshid xalifalar, Umaviylar va Abbosiylar sulolasidan boʻlgan davlat rahbarlari haqida batafsil maʼlumot berilgan. Shuningdek, oʻz davrida xalifalikdan mustaqil boʻlgan Andalusiya, Tabariston va Shimoliy Afrika davlatlari haqida ham maʼlumot keltirilgan. Muallif har bir xalifaning tarjimayi holi, boshqaruv yillari, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy jarayonlarda sodir boʻlgan voqea-hodisalarga toʻxtalib oʻtadi. Asarda Paygʻambar (s.a.v.) davri, xalifalikning paydo boʻlishi, xalifalar asosan Quraysh qabilasidan tayinlanishi va bu qabilaning rahbarlik huquqlari, xalifalikning muddati, Umaviylar va Abbosiylar haqida maʼlumotlar beriladi. Suyutiy ushbu asarini yozishda Zahabiy [10:1], Ibn Kasir [20:10], Istaxriy [3:9], Asqaloniy [2:14], Xatib Bagʻdodiy [5:6], Ibn Asokir [19:20], Savliylar [7:16] asarlaridan unumli foydalangan.
Abul Hasan Movardiy (364/974-450/1058) taniqli musulmon mutafakkiri va shofeiylik mazhabi yetakchilaridan. U Iroqning Basra shahrida tugʻilgan. U arab tilining nozik jihatlarigacha bilar edi. Bagʻdodda hadis va Qurʼoni karim tafsiridan dars bergan. Eng koʻp xalifalik qilgan Abbosiy xalifalar Qodir Billoh (335/947-422/1031) (hukm.381/992-422/1031), Qoim Biamrilloh (422/1001-467/1075) (hukm. 422/1031-467/1075) davrida “qozi ul-quzot” – bosh qozi va elchilik lavozimlarini egallagan. Movardiy haqida baʼzi tarixchilar uning xalifa saroyida egallagan mavqeyi tufayli uning maʼlumotlariga shubha bilan qarasa, shogirdlaridan Xatib Bagʻdodiy uning qoldirgan xabarlari obyektivligiga ishonch bildiradi.
Abul Hasan Movardiy “Al-Ahkomus sultoniya val valayatud diniya” (الأحكام السلطانية والولايات الدينية) – “Davlat boshqaruvi va diniy rahnamolikka oid hukmlar” asarini aynan ushbu muammoga bagʻishlagan [4:21]. Shuni taʼkidlash lozimki, ushbu asar oʻzining sodda uslubda bitilgani va jumlalarning xalqchilligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Chunki davlatchilik tizimlari haqida Ibn Xaldun ham ijod qilgani maʼlum. Biroq u foydalangan iboralarning murakkabligi oʻquvchi uchun bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
Alloma tomonidan yozib qoldirilgan asarlar soni oʻn ikkita boʻlib, ularni uch qismga: diniy, ijtimoiy-siyosiy, tilshunoslik va adabiyotshunoslikka ajratish mumkin. Uning “Adabu-din vad dunya” (أدب الدين والدنيا) – “Din va dunyo odobi” nomli asari islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, undan tadqiqotchilar hozirgi kungacha manba sifatida foydalanib kelmoqda. Mazkur asar 2017-yili oʻzbek tiliga tarjima qilindi [13:456]. Shuningdek, asarning qoʻlyozma nusxalari Berlin, London, Misrning nufuzli kutubxonalarida saqlanadi. Ular asosida asar bir nechta Yevropa tillariga tarjima qilingan. Bundan tashqari, asarning boshqa qoʻlyozma nusxalari Iskandariya, Marokashdagi Qaroviynlar universiteti, Iroqning Mosul va Hindistonning Rampur shaharlarida joylashgan kutubxonalarda ham mavjudligi aniqlangan.
“Adabu-din vad dunya” asari hozirgi kunda Misr oʻrta maktablari va al-Azhar universiteti, Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand, Buxoro, Toshkentda joylashgan madrasalarida darslik sifatida oʻqitib kelinmoqda [13:5]. Muallifning davlat boshqaruviga oid “Al-Ahkamus sultoniya” (الأحكام السلطانية) – “Sultonlik hukmlari”, “Qavaniynil vizara va siyasatul muluk” (قوانين الوزارة وسياسة الملك) – “Vazirlik qonuniyatlari va podshohlik siyosati”, Qurʼoni karim tafsiriga bagʻishlangan “An-Nukat val uyun” (النكتوالعيون) – “Qiziq gaplar va maʼnolar buloqlari” deb nomlangan asarlari ham mavjud.
Koʻrib chiqilayotgan davrlarda siyra, magʻoziy, tarix va tabaqot kabi asarlar bilan birga “Fihrist” (الفهرست) – “Mundarija” yoʻnalishida ham asarlar yozila boshlandi. Fihrist soʻzi fors tilidan oʻzlashgan atamadir. Bunday asarlar bibliografik xarakterga ega boʻlib, unga Bogʻdodlik Varroq (kitobfurush) Ibn Nadim (vaf.384/994) asos soldi [28:69]. Ibn Nadim Bagʻdodda yashagan va adabiyot boʻyicha mashhur olimlardan. Avvaliga saroy oʻqituvchisi, yaʼni xalifa Rodiy Billoh (hukm. 322/934-329/940)ning ustozi, keyinchalik unga “nadim” (نديم)[1]lik qilgan. Shuningdek, xalifa Muqtafiy (hukm.289/902-295/908)ning, soʻngra xalifa Muqtadirning (hukm.295/908-320/932) “nadim”i vazifasini oʻtagan. U juda aqlli, oliyjanob va mard inson edi. U mohir shaxmatchi boʻlib, saroyda unga teng keladigani yoʻq edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, unga “shatranjiy” (shaxmatchi), deb nisbat berilgan. Uning asarlari orasida shaxmatga atalgan maxsus “Kitobush shatranj” (كتاب الشطرنج) – “Shaxmat kitobi” [18:150] asarini yozgan.
Ibn Nadimga “Kotib” (كاتب) nisbasi ham berilgan va bu uning ajdodlari singari saroy kotiblaridan biri boʻlganiga dalolat qiladi. Masʼudiyning maʼlumotiga koʻra, uning “Jalis” (جليس)[2] nisbasi ham boʻlgan. Aslida, “Nadim” va “Jalis” nisbasi lugʻaviy jihatdan deyarli bir xil, yaʼni saroyda xalifalarning hamsuhbati maʼnosini anglatadi. Bundan koʻrinadiki, xalifalar oʻz davrining zukko, bilimli, tarbiyali, oʻziga xos diplomatlik mahoratiga ega shaxslarini oʻzlariga hamsuhbat qilgan va shunday vazifani bajaruvchilar uchun maxsus lavozim joriy etilgan. Ibn Nadimning vazifasi xalifa va uning atrofidagilari bilan qiziqarli suhbatlar olib borish, uning ilm-fan, madaniyat borasidagi bilimlarini oshirish, taomlanish vaqtida unga hamroh boʻlishdan iborat edi. Odatda nadim lavozimiga sheʼriyat, til, tarix, Qurʼoni karim va boshqa fanlarni yaxshi biladigan, maʼlum bir tajribaga ega shaxslar tayinlangan. Shuningdek, uning tashqi koʻrinishi koʻrkam, sheʼrlarni ifodali oʻqiy oladigan, soʻzga chechan, olim va notiq boʻlishi shart qilingan.
Ayrim tarixchilar oʻz asarlarida Ibn Nadimni shia [17/6:134] va mo‘taziliylikka [12/3:253] mansubligi haqida maʼlumot berib oʻtadi. Lekin uning asarlari aqida yoki fiqhga oid boʻlmagani bois, shaxsiy eʼtiqodi masalasi unchalik muhim sanalmagan. Muallif “Fihrist” asarini 377/988-yilda yozib tugatgan. Mazkur asar 10 bobga boʻlingan va ularga arab xalifaligiga qarashli mamlakatlarning falsafa, filologiya, fiqh, kimyo, tarix, geneologiyaga oid maʼlumotlari, afsona va sheʼriy namunalari kiritilgan. Asar bibliografik uslubda yozilgan boʻlib, mahalliy xalqlar va arab-musulmon madaniyatini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Izzuddin Ibn Asir Jazariy (555/1160-630/1234) mashhur tarixchi olim. U Ibn Umar jazirasida tugʻilgan va shu bois “Jazariy” nisbasi bilan atalgan. Uning otasi Abul Karam Muhammad Abdulkarim ibn Abdulvohid Shayboniy Mosuldagi Zangiylar davlatining devon raisi va Mosul vazirining Ibn Umar jazirasidagi noibi lavozimida ishlagan. U otasi bilan va so‘ngra mustaqil tarzda Iroq, Suriya, Falastin va Hijozga ilmiy safarlar qilgan. 581/1185-86-yillari Salohiddin Ayubiy Mosulga ikkinchi marta kirganida Ibn Kasir ham u bilan birga boʻlgan. 584/1188-89-yillari 28 yoshida Salohiddin bilan Suriya va Quddusda salibchilarga qarshi janglarda qatnashgan.
Ibn Asir asosan hadis va tabaqot janrida ijod qilgan boʻlsa-da, tarix boʻyicha yozgan asarlari uni mashhur qildi. Uning sakkiz jildli “Al-Komil fit tarix” (الكامل في التاريخ) – “Komil tarix” asari umumiy tarix boʻyicha solnoma tarzida yozilgan. Asar “dunyo yaratilishi”dan boshlab, alloma yashagan paytgacha bo‘lgan davrni oʻz ichiga olgan. Asarning muhim jihati solnoma janridagi tarixshunoslikning eng mukammalidir. Yoqut Hamaviyning “Mo‘jamul buldon” (معجم البلدان) – “Mamlakatlar ensiklopediyasi” asari XII asr uchun geografik adabiyotlar sohasida mukammali, deb hisoblansa, uning zamondoshi boʻlgan Ibn Asirning mazkur asarini esa oʻz davrida maʼlum boʻlgan tarixiy asarlar ichidagi mashhuri, deb atash mumkin. Ibn Xallikon (607/1211-680/1282) uni musulmon olamida yozilgan tarixiy asarlar orasidagi eng yaxshisi, deb hisoblagan [21/3:348].
Ibn Asirning ushbu asarini arab-musulmon tarixchilari tomonidan taʼlif etilgan tarixiy manbalar toʻplami, deb hisoblash mumkin. Asardagi johiliyat va islomning ilk davri Tabariyning asaridan istifoda qilingan, deyish mumkin. Ammo K.Brokelman Ibn Asir va Tabariyning asarlari garchi ular zamondosh boʻlmasa-da, islomning birinchi asri tarixini oʻrganishda birlamchi manba hisoblanishini taʼkidlaydi [17:13]. Ibn Asir Tabariy keltirgan va koʻp takrorlangan sanadlarni qisqartirib, oʻzining maʼlumotlari bilan toʻldirgan. Shuningdek, Tabariyning asarida uchramaydigan baʼzi maʼlumotlarni Ibn Asir toʻliq berishga harakat qilgan.
Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Turkmaniy Zahabiy (673/1274-748/1348) mashhur musulmon tarixchisi, hadisshunos, biograf va hofizdir. Uning otasi Ahmad ibn Usmon Zahabiy mohir zargar boʻlgani uchun uning kuniyasi “Zahabiy” edi. Zahabiy Damashq yaqinida dunyoga kelgan va Damashqdagi “Al-Bobus sagʻir” (الباب الصغير) – “Kichik eshik” qabristoniga dafn etilgan. Zahabiy yozgan asarlarining mashhuri va kattasi boʻlgan “Tarixul islom va vafayatul mashahir val aʼlom” (تاريخ الإسلام ووفيات المشاهير والأعلام) – “Islom tarixi, mashhur va buyuk shaxslarning vafotlari” asari musulmon tarixchilari tomonidan tuzilgan eng muhim ulkan qomusiy kitoblardan biri hisoblanadi. Bu asar 1/622-699/1300-yilgacha boʻlgan islom tarixini oʻz ichiga oladi. Mazkur davr islom dinining yoyilishi, qonun-qoidalarining ishlab chiqilishi, hadis, tafsir, fiqh kabi ilmlarning rivojlanishi, Sharq va Gʻarbni qamrab olgan yangi sivilizatsiya bo‘lgani bilan ajralib turar edi.
“Tarixul islom va vafayatul mashahir val aʼlom” asari muallif tomonidan quyidagi qismlarga ajratilgan:
- Hijriy 1/622-41/661-yilgacha boʻlgan voqealar;
- 42/662-300/913-yilgacha boʻlgan voqealar;
- 300/913-700/1300-yilgacha boʻlgan voqealar.
Asarda islom olamidagi ilm-fan yutuqlarining yetti asr davomidagi taraqqiyoti tasvirlangan. Unda turli hududlarda faoliyat yuritgan ilmiy markazlar, ular oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar, allomalarning tarjimayi holi, yozgan asarlari haqida muhim maʼlumotlar berilgan. Muallif koʻplab olimlar tomonidan qadimgi ibroniy, lotin, sanskrit kabi tillardan arab tiliga tarjima qilingan asarlar nomini, islom madaniyati yoʻnalishlari va ayrim allomalarning fan sohalari boʻyicha qiziqishi haqidagi ma’lumotlarni ham keltirib oʻtgan. Asarni toʻliq shaklda nashr etishga boʻlgan urinishlar doktor Umar Abdussalom Tadmuriygacha davom etdi [11:52]. U asarni tadqiq etib, ellik jilddan iborat toʻliq qismini chop ettirishga muvaffaq boʻldi.
Mashhur faqih, tarixchi, mufassir va muhaddis Ibn Kasir (701/1301 – 774/1373) Shomda tavallud topgan. Otasi uch yoshga toʻlganda vafot etgan. Ibn Kasir oʻz davrining mashhur olimlari Zahabiy va Ibn Taymiya (661/1263 –728/1328)dan tahsil olgan. Uning 14 jildlik “Al-Bidoya van nihoya” (البداية والنهاية) – “Boshlanish va nihoya” asari boshqa asarlarga nisbatan mukammalligi va tarixiy asoslarga egaligi bilan ajralib turadi. Asarni shartli ravishda 3 qismga boʻlish mumkin. Birinchi qism olam, osmon, farishtalar, jinlar, Odam (a.s.), Paygʻambarlar va oxirgi Paygʻambar (s.a.v.)ga bagʻishlangan. Ikkinchi qism Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ning vafotlaridan boshlab, 768/1367-yilgacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan. Soʻnggi uchinchi qismda esa, qiyomat, uning alomatlari, jannat, doʻzax va qayta tirilish haqidagi maʼlumotlar berilgan.
Tarixan islomning kengayishi uning mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Turli mualliflarning ma’lum bir diniy yo‘nalishga mansubligi va ularning ijtimoiy mavqei bu tarixiy yondashuvga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Sharq sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan bir davrda yashab ijod qilgan mualliflar asarlarida davrning ijtimoiy, diniy va siyosiy voqealari o‘z aksini topgan. Jumladan, shialik va xorijiylikning kuchayishi, Abbosiylar davridagi mihna voqealari, islomdagi ideologik ajralishlar ko‘plab asarlarning bosh mavzusi bo‘ldi. Bu holat O‘rta asrlarda yozilgan tarixiy manbalar mazmunida keskinlik kayfiyatini yuzaga chiqardi. Shu bilan birga, islom tarixi va tarixiy shaxslar haqidagi asarlar ko‘paygan bo‘lsa-da, ularning ba’zilarining xolisligi shubha ostida qolmoqda. Ko‘pincha bunday asarlar sultonlar, qozilar yoki boshqa yuqori tabaqadagi kishilarning topshirig‘i yoki ularning roziligini olish niyatida yozilgan. Shunday ekan, kelgusidagi tadqiqotlarda O‘rta asr mualliflari va ularning asarlarini o‘rganishda, ular qanday diniy, siyosiy yoki mafkuraviy bosimlar ostida yozilganini aniqlash alohida ahamiyatga ega.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Ad-Dāvūdī. Shams ad-Dīn. Tarjamatul ʿallāmas Suyūṭī. – Al-Qāhira: Dārul-maʿārif, 2010.
- Al-ʻAsqalānī Ibn Ḥajar. Fatḥul bārī bi-sharḥ ṣaḥīḥil Buxārī. 14 m. – Bayrūt: Dāru-l-maʻrifa, 2013.
- Al-Iṣṭaxrī Abūl Qāsim. Masālikul mamālik. – Bag‘dād: Dārul fikr, 1980.
- Al-Māvardī Abū al-Ḥasan. al-Aḥkāmus sulṭāniyya. 2 m. Bayrūt: Dārul kutubil ʻilmiyya, 2009.
- Al-Xatīb al-Baghdādī. Tārīx Baghdād. 24 m. – Bayrūt: Dārul kutubil ʻilmiyya, 2004.
- Al-Yaʿqūbī. At-Tārīx. 2 m. – Bayrūt: Dārul kutubil ilmiyya, 2000.
- As-Ṣūlī Muḥammad. Kitābul avrāq. – Al-Qāhira, 1936.
- As-Suvaykit Sulaymān. Manhajul Masʿūdī fī kitābat-t-tārīx. – Ar-Riyād, 1984.
- At-Ṭabarī. Tārīxul umam val mulūk. 10 m. Bayrūt: Dārul kutubil ʻilmiyya, 2022.
- Az-Zahabī Muḥammad. Siyaru-‘lāmun nubalā’. 29 m. – Bayrūt: Mu’assasat ar-risāla, 2003.
- Az-Zahabī Muḥammad. Tārīxul islām vavafayātul mashāhīr val aʿlām. 52 m. – Bayrūt: Dārul kitābil ʿarabī, 1992.
- Az-Ziriklī, Xayruddīn. Al-Iʿlām: Qāmūs tarājim li-ashharil rijāl van nisāʼ minal ʻarab val mustaʻribīn val mustashriqīn. 8 m. – Bayrūt: Dārul ʻilm lil Malāyīn, 1980.
- Abulhasan Movardiy. Dunyo va din odobi. Tarjimon va so‘zboshi muallifi Abdulloh Ismoil Mahdum. – Т.: Hilol-Nashr, 2021.
- Goeje Michael Jan. Annales Quos Scripsit Abu Djafar Mohammed Ibn Djarir At-Tabari Prima series (Arabic Edition). – Leiden: Brill, 1901.
- Гибб Х.А. Арабская литература (классический период). – Москва: Наука, 1960.
- Ibn ʿAbdulḥakam. Futūḥ Miṣr val 2 m. al-Qāhira: Maktaba al-saqāfad dīnīya, 2004.
- Ibn al-Asīr. Al-Kāmil fīt tārīx. 11 m. – Bayrūt: Dārul kutubil ʻilmiyya, 1999.
- Ibn an-Nadīm. Al-Fihrist. – Baghdād: Dārul kutub, 1982.
- Ibn ʿAsākir Al-Ḥasan. Tārīx madīna Dimashq. 15 m. – Dimashq: Dārul fikr, 1985-2001.
- Ibn Kasīr. Al-Bidāya van nihāya. 14 m. – Bayrūt: Dārul kitābil ʻarabī, 2002.
- Ibn Xallikān. Vafayātul a‘yān va anbā’ abnā’uz zamān. 8 m. – Bayrūt: Dārul kutubil ‘ilmiyya, 1996.
- История ат-Табари. Избранные отрывки. Перевод с арабского В.И.Беляева с дополнениями О.Г.Большакова и А.Б.Халидова. – Т.: Фан, 1987.
- Xalīfa ibn Xayyāṭ. Tārīx. 2 m. An-Najaf al-ashraf: Maṭbaʿatul adab, 1967.
- Kennedy Hugh. The Early Abbasid Caliphate: A political history. – Abingdon, Oxon: Routledge, 2016.
- Колесников А.И. Завоевание Ирана арабами (Иран при “праведных” халифах). – Москва: ГРВЛ, 1982.
- Meri J.W. Medieval islamic civilization. An encyclopedia. – New York. London: Routledge, 2005.
- Микульский Д.В. Арабский Геродот. – Москва: Алетея, 1998.
- Полосин В.В. Фихрист Ибн Надима как историко-культурный памятник X века. – Москва: Наука, ГРВЛ, 1989.
- Прозоров С.М. Хрестоматия по исламу. – Москва: Наука, 1994.
- Sezgin Fuat. Geschichte des Arabischen Schrifttums. – Leiden: Brill, 1967.
Qobiljon ZOHIDOV
Yangi asr universiteti dotsent, tarix fanlari doktori
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





