Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 2-mart kuni o‘zbek sharqshunoslik va manbashunoslik maktabining zahmatkash namoyandasi, taniqli olim Ubaydulla Uvatov xotirasiga bag‘ishlangan «Manbashunoslik maktabi: tarix va zamonaviy yondashuvlar» mavzusidagi I Respublika ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda yurtimizning akademik doiralari va yetakchi ilmiy muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etib, marhumning Vatanimiz ilm-fanini rivojlantirish yo‘lidagi, xususan, buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

Konferensiyaning asosiy qismida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov onlayn qatnashib, “Qo‘lidan qalam tushmagan olim” mavzusida ma’ruza qildi. Olimning ilmiy faoliyatidagi fidoiyligi, manbashunoslik sohasidagi noyob izlanishlari hamda Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar merosini o‘rganishdagi alohida uslubiy yondashuvlarini tahlil qilib berdi.

Shuningdek, anjuman davomida Hakim Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarning asarlari tahlili, islom tarixida siyosatnomalarning o‘rni hamda nodir qo‘lyozmalarni tadqiq etishning zamonaviy masalalariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Tadbir yakunida Ubaydulla Uvatovning ilmiy-ma’rifiy merosi va xotirasiga bag‘ishlangan “Munavvar hayot va ilm sohibi” nomli yangi kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





