Home / FOTO LAVHALAR / Ixtilof qilingan roviylar masalasi – ilmiy muhokama markazida

Ixtilof qilingan roviylar masalasi – ilmiy muhokama markazida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 26-fevral kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti professori, Hadis ilmi maktabi katta oʻqituvchisi Dr. Saloh Jibaliy “Movarounnahr muhaddislarining kitoblaridagi ixtilof qilingan roviylar” mavzusida maʼruza qildi.

“Ixtilof qilingan roviylar” deganda, hadis rivoyat qilgan shaxslarning shunday toifasi anglashiladiki, ular haqida turli davrlarda turli ulamolar tomonidan ayricha fikrlar bildirilgan boʻladi. Baʼzilar ularning rivoyati yo rivoyatlariga ergashish mumkinligini aytgan boʻlsa, boshqalar shubha bildirgan yo inkor etgan boʻlib chiqadi. Ulamolar oʻrtasida ixtilofli fikrlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan roviylarga yondashuv shuning uchun ham gʻoyat nozik mavzu boʻlib, ayniqsa aqidaviy va fiqhiy masalalarda ularning rivoyatlarini qabul qilish yo inkor etish, xulosa yo hukm chiqarish – chuqur ilmdan tashqari, oʻta sinchkovlik va vazminlikni ham taqozo etadi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent islom instituti olimlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek Turkiya, Misr va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzada hadis ilmining eng nozik masalalaridan biri – ixtilof qilingan roviylar va ular haqidagi ustuvor qarashlarni aniqlash muammosi atroflicha yoritildi. Spiker roviylar haqida ulamolar baholari turlicha boʻlishi mumkinligini taʼkidlab, bunday holatlarda ilmiy mezon va qoidalarga tayanish zarurligini qayd etdi.

Seminar davomida ixtilofli roviylarga doir qarashlarni tahlil qilish usullari, jarh va taʼdil (roviy yo rivoyat xususida muayyan ustuvorlik berish, adolatli qaror qabul qilish) tamoyillari hamda jamlash imkoni mavjud boʻlgan va mavjud boʻlmagan holatlar misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, Movarounnahr muhaddislari merosida bu masalaning qanday aks etgani, tarojim (tarjimayi hol), jarh va taʼdil manbalarida bildirilgan fikrlarning ahamiyatiga alohida urgʻu berildi.

Maʼruzachi ixtilof holatida shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarish ilmiy jihatdan maqbul emasligini taʼkidlab, dalil va qarina (qiyosan tahlil etish) asosida xolis qarorga kelish muhimligini qayd etdi. Xususan, mutaqaddim (eng avvalgi) ulamolar belgilagan qoidalar bugungi tadqiqotlar uchun ham mustahkam ilmiy poydevor boʻlib xizmat qilishini eslatdi.

Seminar yakunida mavzu yuzasidan savol-javoblar oʻtkazildi. Muhokamalar asnosida hadis ilmlaridagi tadqiqot metodologiyasi, roviylar bahosi va manba tanlash madaniyatiga oid fikr almashuvlar boʻlib oʻtdi.

Onlayn uchrashuv yuqori ilmiy saviyada oʻtgani qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda oʻquv amaliyoti: nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Hadis ilmi maktabi talabalari uchun oʻquv amaliyoti izchil ravishda davom …