Home / MAQOLALAR / TAʼLIM OLISH FARZ AMALLARIDANDIR

TAʼLIM OLISH FARZ AMALLARIDANDIR

Ilm olish dinimizda ulugʻ ibodatlardan sanaladi. Ilk nozil boʻlgan vahiyning “Oʻqi” deb boshlanishi soʻzimizning yorqin dalilidir. Shuning uchun ham moʻtabar manbalarda ilm targʻib qilingan va ilm sohibi uchun baland darajalar vaʼda qilingan. Alloh taolo Qurʼoni karimda:
“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”[1] degan. Alloh taolo yana: “Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!”[2] va “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qoʻrqarlar”[3], degan.
Alloh taolo bu oyatlarda ilmni neʼmat oʻlaroq zikr qilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir”, farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan oʻzga iloh yoʻq. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli) dir”[4], degan. Bu oyatda Alloh taolo avval oʻzini, keyin farishtalarni, soʻngra ilm ahlini zikr etdi. Mana shuning oʻzi ilmning sharafli, fazilatli va ulugʻ ekanini anglatadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Olimlar darajasi ilm olmagan moʻminlar darajasidan yetti yuz daraja yuqoridir. Har darajaning orasi besh yuz yillik yoʻlga tengdir”, degan. Ali roziyallohu anhu ilm haqida: “Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga koʻtaradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen qoʻriqlaysan. Ilm esa seni qoʻriqlaydi”, degan. Demak, mazkur oyat va hadisi sharifda ilm olishga targʻib etilgan.

Paygʻambar alayhissalomning hayotlari va aytgan soʻzlari ham ilmga daʼvat bilan toʻladir. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilish yoʻlida yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʻyadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta, olimlar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Albatta, paygʻambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi”, deganlar” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)[5].

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (teran anglovchi) qilib qoʻyadi va unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi”, deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana: “Olimlar Paygʻambarlarning vorislari (merosxoʻrlari)dir”, deb marhamat qilganlar. Maʼlumki, Paygʻambarlik rutbasidan ustunroq hech bir rutba yoʻq va bu rutbaga merosxoʻr boʻlish oliy sharafdir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istigʻfor aytadi”, deganlar. Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi farishtalar istigʻfor aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam yana: “Hikmat sharafli kishining sharafini ziyoda etadi va qulni podshohlar darajasigacha koʻtaradi”, deganlar. Bu hadisda ilmning dunyodagi samarasi bayon qilinmoqda. Ammo oxiratdagi mevasi undan-da xayrli va abadiydir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni olimlar qalamining siyohi shahidlar qoni bilan oʻlchanadi”, deganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan kim qirq hadisni odamlarga taʼlim berish uchun yodlasa, men qiyomat kuni unga shafoatchi va guvoh boʻlaman”, deb marhamat qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilmning shahidlik va obidlikdan afzalligi haqida: “Olimning obiddan afzalligi mening quyi darajadagi sahobiydan afzalligim kabidir”, deganlar.

Qarangki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilmni nabiylik darajasiga yaqin qoʻyib, ilmsiz qilingan amaldan ustun koʻrdilar. Agar obid qilayotgan ibodati haqida ilmga ega boʻlmaganida, ibodati davomli boʻlmas edi.

Ilmga targʻib va uning inson hayotidagi oʻrni haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan baʼzi misollar keltiramiz. Badr degan joyda mushriklar bilan urushdan soʻng Muhammad alayhissalom har bir asirga ozod boʻlishi uchun oʻnta musulmonga oʻqish, yozishni oʻrgatib qoʻyishni shart qilganlar. Oʻsha oʻrinda pul, mol yoki xohlagan boshqa narsa soʻralishi mumkin edi. Lekin ilm hamma narsadan ustun turgani uchun shu soʻralgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon kishi va muslima ayolga farzdir”, deganlar. Ushbu hadisdan maʼlum boʻladiki, islom dini ayol kishiga ham ilm talab qilishni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanmoqchi boʻlganlarida Hazrati Umar islom ummatiga yuksak bir fazilatni koʻrsatdi. U ham boʻlsa, otalik masʼuliyatini his qilgan holda qizlari Hafsani turmushga berish oldidan unga oʻqish, yozish va dinga doir ilmlarni berdi. Hattoki, qizlariga oʻqish va yozishdan taʼlim berish uchun Bani Adiy qabilasidan bir ayolni yolladi. Hafsa onamiz haligi ayoldan yetarlicha ilm olganidan soʻng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdi. Toʻydan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umardan haligi ayol kelib Hafsaga qolgan ilmlardan ham darsni davom ettirishini aytdilar. Hazrati Umar: “Ey Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hafsa ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar[6].

Islom ilm talab qilishni ibodat darajasiga koʻtaradi. Ulamolarning siyohini shahidlarning qoniga tenglashtirdi. Hadisi sharifda: “Kimki dunyoni xohlasa, ilm olsin, kimki oxiratni xohlasa ham, ilm olsin”, deb aytilgan.

Hasan Basriy: “Olimlar qalamining siyohi shahidlar qoni bilan oʻlchanadi. Shunda olimlar qalamining siyohi shahidlar qonidan ogʻir keladi”, degan.

Ibn Masʼud roziyallohu anhu: “Ilm koʻtarilmasidan uni oʻrganinglar. Ilm olimlarning vafoti tufayli koʻtariladi. Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, Alloh yoʻlida shahid boʻlgan kishilar (qiyomat kunida) olimlarga berilgan karomat-darajalarni koʻrib: “Koshki bizni ham Alloh olim qilib tiriltirsa”, deb orzu qiladi. Zero, hech kim olim boʻlib tugʻilmaydi. Ilm oʻrganish taʼlim olish bilan egallanadi”, degan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashgʻul boʻlish menga kechani butunlay bedor oʻtkazishdan yaxshiroqdir”, degan.

Ali roziyallohu anhu: “Olim kishi kechalari qoyim, kunduzlari roʻzador mujohiddan afzaldir. Olim vafot etsa, islomda bir yoriq paydo boʻladi. U yoriqni faqat olimning oʻrinbosarigina toʻldiradi”, degan. Soʻng Ali roziyallohu anhu quyidagi sheʼrni oʻqidi:

Ilm ahli sharafli, hidoyat

istaganlarga yoʻl koʻrsatgay,

Har kishining qadri,

bilki, qilgan ishi-la oʻlchangay.

Johil – olim dushmani,

lek kanda qilma ilm izlashni,

Ilm birla umr boqiy,

ilmsizlar hayotdan erta ketgay.

Ilm – hikmat, poklik ramzi, ilmsizlik esa johillikdir. Ilm dinning asosi, ustunidir. Ilm hikmat, fazilat boʻlib, dinning rivoji va yoyilishini taʼminlaydi. Ilmni oʻqish, takrorlash, yozish bilan mustahkamlash lozim. Ilmga amal qilinmasa, foydasiz boʻlib qoladi.

Islomda ilm-fanni egallash, maʼrifatli boʻlish juda savobli ish. Hadislarda: “Sadaqaning eng afzali ilm oʻrganib, soʻng uni boshqalarga oʻrgatishdir”, deyiladi.

Imom Abu Yusuf: “Farzandim vafot etdi. Oʻsha kuni Abu Hanifani darsi bor edi. Darsiga qatnasha olmaslikdan qoʻrqib, oʻgʻlimning dafn marosimini boshqa odamga topshirdim”, degan. Imom Abu Yusufning bu gapi ilm olish va ustozining darsida bardavom boʻlish naqadar muhim ekanini anglatadi. Shuningdek, bu maktab va oliy oʻquv yurtlarida ham ustozlarining darslarini sababsiz qoldirmaslikka chorlaydi.

Ilm olish borasida yurtimizda ibrat boʻlarli allomalar juda ham koʻp. Nafaqat yurtimizda, balki butun olamga mashhur boʻlgan Imom Buxoriy shular jumlasidandir. U kishi haqida Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma bunday degan: “Bu dunyoda hadis ilmida Muhammad ibn Ismoildan koʻra biluvchiroq va yod oluvchiroq biror kishini koʻrmadim”.

Imom Buxoriy: “Yuz ming sahih, ikki yuz ming sahih boʻlmagan hadisni yod oldim. Sahih kitobimga bir hadisni yozishdan oldin gʻusl qilib, ikki rakat namoz oʻqirdim. U sahih hadislarni olti yuz ming hadislar orasidan tanlab oldim va uni oʻn olti yilda yozib tugatdim. Soʻngra uni oʻzim bilan Robbim oʻrtasida hujjat qildim”, degan. Allomaning bu soʻzlarini eshitgan insonda ilm olishga ragʻbat va ishtiyoq paydo boʻladi.

Demak, maʼrifatni jam qilgan ilmlarni egallagan kishining ikki dunyosi obod boʻladi.

Ilm – hayot va turmushda orttirilgan tajribalarning amaliy va nazariy natijasi. Inson ilm tufayli har qanday qiyinchilikdan oson chiqib ketishi mumkin.

Yoshlarni dunyoviy ilmlar sohibi va hunarli boʻlishga targʻib qilish ham eng muhim masalalardan sanaladi. Hazrati Ali roziyallohu anhu har bir davrda oʻziga xos boʻlgan ilmlarni oʻrganishga ishora qilib: “Bolalaringizga oʻzlari yashayotgan davr ilmlarini oʻrgating, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda dunyoga kelgan”, degan. Insonning kelajakda solih va barkamol boʻlishi, yoshligida olgan odob-axloqi va ilm-maʼrifatiga bogʻliqdir.

Nemis sharqshunos olimasi Zingfrid Xenka “Arab quyoshi Gʻarbga ziyo sochadi” nomli yirik asarida bu masalani atroflicha yoritgan. Xususan, kitobning “Madrasaga qatnayotgan xalq” deb ataluvchi bobida Gʻarb aholisining 95 foizi savodsiz boʻlgan, buyuk Sharl qarigan chogʻida oʻqish, yozishni qiynalib oʻrganayotgan, hatto, ibodatxonalarda qalam tutishni biladiganlar nodir boʻlgan IX-XII asrlarda islom olamining shaharu qishloqlaridagi minglab madrasalar millionlab oʻgʻil-qizlarni kutib olayotgani, ular islom talabiga asosan ilmni ragʻbat bilan oʻrgatayotgani haqida hikoya qilinadi. Bu maʼlumotlardan islom dinining ilmga targʻib qilishini bilib olishimiz mumkin. Islom dini hamisha insoniyatni ilmga chorlab kelgan. Qurʼoni karimda “ilm” soʻzi turli hollarda 765-marta takrorlangan. Bu ham islom dinida ilmning muhimligidandir.

[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Zumar surasi, 9-oyat.
[3] Fotir surasi, 28-oyat.
[4] Oli Imron surasi, 18-oyat.
[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. 3-juz. – B. 103.
[6] Muhammad Mutavalli Shaʼroviy. Musulmon ayol fiqhi. – B.15.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

RAMAZON – OYLAR SULTONI

Mehr-shafqat, ezgulik, xayr-saxovat, ibodat, duo, tasbeh, tarovih va Qurʼon oyini – oylarning sultoni, eng ulugʻi …