Bir odam katta qarzga botgan edi. Rizq tor, ishlar yurishmas, qarz esa yelkasiga ogʻir yuk boʻlib tushgan. Bir kuni qarz bergan odam uyiga kelib, eshikni qattiq taqillatdi. Eshikni oʻgʻli ochdi.
Qarz egasi salom-aliksiz ichkariga kirib, otasining yoqasidan ushlab baland ovozda gapira boshladi:
– Qachon qarzingni qaytarasan? Kutaverib sabrim tugadi-ku!
Bu vaziyatni koʻrgan oʻgʻilning yuragi ezildi. Otasining koʻzlaridagi iztirobdan, ojizligidan qalbi larzaga keldi. Shunday boʻlsa-da, vazminlik bilan soʻradi:
– Otam sizdan qancha qarz?
– Qariyb 300 million soʻm, – dedi u achchiqlanib.
Yigit bir lahza oʻylab turdi. Soʻng:
– Iltimos, otamni qoʻyib yuboring. Qarzni uzishga harakat qilamiz, – dedi.
U xonasiga kirdi. U yerda toʻy uchun yigʻib qoʻygan 100 million soʻm puli bor edi. Bu pul uning orzusi, rejalari, kelajagi uchun jamgʻargan mablagʻi edi. Ammo u bir narsani aniq tushunar edi: “Otaning shaʼni har qanday orzudan afzal”.
Yigit pulni olib chiqdi:
– Mana, 100 million soʻm. Qolganini ham tez orada toʻlaymiz. Endi otamga emas, menga murojaat qilaverasiz.
Ota yigʻlab yubordi:
– Bolam, bu pul sening kelajaging uchun edi, – dedi.
Yigit otasining peshonasidan oʻpib bunday dedi:
– Ota, siz mening eng katta boyligimsiz. Pul topiladi. Lekin koʻz oldimda sizning qadringiz yerga urilsa, farzandlik burchimning oʻrni toʻlmaydi.
Qarzdor ketdi. Ota oʻgʻlini bagʻriga bosib, duo qildi:
– Alloh sendan rozi boʻlsin, bolam. Haq taolo yoʻlingni ochsin.
Ertasi kuni kutilmagan voqea yuz berdi. Yigitning tanishi uni yirik tadbirkor bilan uchrashuvga taklif qildi. U biznesmen halol, ishonchli, masʼuliyatli inson qidirayotganini aytdi.
Uchrashuvda tadbirkor yigit bilan suhbatlashib, uning samimiyati va odobidan mamnun boʻldi.
– Maoshing qancha? – deb soʻradi.
– 6–7 million soʻm atrofida, – dedi yigit.
Tadbirkor kulib dedi:
– Ertaga ishdan boʻshash haqida ariza yoz. Endi maoshing 20 million soʻm boʻladi. Foydadan ulush ham beramiz. Mashina, uy – hammasi hal boʻladi.
Yigitning koʻziga yosh keldi. Tadbirkor buning sababini soʻradi. U:
– Bu — otamning duosi, – deb, boʻlgan voqeani aytib berdi.
Voqeani eshitgan tadbirkor otasining qolgan qarzini ham yopib berdi. Koʻp oʻtmay yigitning ishlari yurishib ketdi, daromadi bir necha barobar oshdi.
Qissadan hissa shuki, inson halollik va vijdon bilan qaror qabul qilsa, Alloh uni hech qachon tashlab qoʻymaydi. Ota duosi esa eng katta boylik va barakaning kalitidir.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





