Home / MAQOLALAR / Ramazon rahmat, magʻfirat va najot oyi

Ramazon rahmat, magʻfirat va najot oyi

Ramazon – shunchaki roʻza tutadigan oy emas. Bu niyatlar toʻgʻrilanib, qalb poklanadigan, inson oʻzini qayta kashf etadigan muborak palladir. Ramazon roʻzasi 622-yili, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlaridan ikki yil oʻtib, shaʼbon oyining 18-kuni farz qilingan. Shundan buyon uni butun dunyo musulmonlari xursand boʻlib kutib oladi. Jumladan, yurtimizda ham azaldan Ramazon muqaddas va ulugʻ oy sifatida qadrlanib kelinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori yurtimiz musulmonlari uchun nur ustiga nar boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Qarordan koʻzlangan asosiy maqsad muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish, uning mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan odamiylik, inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish va xalqimizga mansub oliyjanob fazilatlarni, diniy-maʼrifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlashdan iboratdir.

Bu oy xalqimizning nafaqat diniy, balki maʼnaviy hayotida ham alohida oʻrin tutadi. Ramazon kelishi bilan yurtda oʻziga xos ruhiy muhit, poklik, mehr-oqibat va birdamlik hissi shakllanadi. Odamlar orasida sabr-toqat, bagʻrikenglik va mehr-shafqat tuygʻulari kuchayadi. Keksalarga hurmat, yoshlarga izzat, muhtojlarga yordam koʻrsatish kabi qadriyatlar yanada jonlanadi.

Iftorlik dasturxonlari atrofida qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ, doʻst-birodarlar jam boʻlib, duolar qilishi va maʼnaviy suhbatlar qurishi xalqimizga xos goʻzal anʼanalardan biridir.

Ramazon oyida xayr-saxovat ishlari keng quloch yoyadi. Sadaqa, ehson, zakot va xayriya tadbirlari bahonasida kam taʼminlangan oilalar, yetim-yesirlar va bemorlar holidan xabar olinadi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi.

Masjidlarda taroveh namozlari, Qurʼon tilovati va maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar koʻpayib, insonlarni ezgulikka, poklikka va halollikka chorlaydi. Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki tarbiya oyidir – nafsni tiyish, yomon odatlardan voz kechish, yaxshi xulq-atvorni mustahkamlash davridir.

Ramazon – rahmat, magʻfirat va najot (doʻzaxdan ozod boʻlish) oyi. Uning dastlabki oʻn kunida Allohning rahmati yogʻiladi, ikkinchi oʻn kunligida tavba qilgan bandalarning gunohlari magʻfirat etiladi, uchinchi dekadada esa moʻmin-musulmonlar doʻzaxdan ozod qilinadi.

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod qilinadigan oydir”, dedilar”.

Ushbu uch fazilat Ramazon oyining eng muhim xususiyatlaridandir. Chunki har bir moʻminning buyuk orzusi – avvalo Alloh taoloning rahmatiga erishish, keyin gunohlardan poklanish va doʻzaxdan saqlanib, jannatga kirishdir.

Albatta, Ramazon moʻminlar uchun Allohning rahmati va barakoti yogʻiladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda rahmat eshiklari ochiladi”, deganlar.

Bu oyda moʻminlar qiladigan barcha duo va ibodatlar alohida huzur-halovat bagʻishlaydi, ruhiy taskin bilan birga ulkan ajr-savobga ham sabab boʻladi. Ramazonda roʻzador insonning oʻqigan namozi, aytgan tasbehi, hatto uyqusi uchun ham ajr-savob yoziladi.

Ramazon moʻmin-musulmonlar uchun magʻfirat – gunohlar kechiriladigan oydir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon roʻzasini imon-eʼtiqod bilan, Allohdan savob umid qilgan holda tutsa, uning oʻtgan gunohlari magʻfirat qilinadi”, dedilar”.

Shu bilan birga, Ramazon moʻmin-musulmonlar uchun “itqun minan-niyron” (otashdan xalos boʻlish) oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning har tunida Allohning doʻzaxdan ozod qilinadigan bandalari boʻladi”, deganlar.

Yurtimizda Ramazonga munosabat faqat diniy ibodat bilan cheklanib qolmay, umummilliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Hatto roʻza tutmaydigan insonlar ham bu oyga hurmat bilan qarab, roʻza tutuvchilarga ehtirom koʻrsatadi. Bu xalqimizning bagʻrikengligi va maʼnaviy madaniyati yuksak ekanidan dalolat beradi.

Alloh taolo yurtimizda Ramazon shukuhini yanada ziyoda qilsin. Musulmonlarga Ramazon oyining fazilatlaridan bahramand boʻlish baxtini ato etsin, ibodatlarini qabul aylab, duolarini ijobat qilsin. Omin!

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

NONNI ISROF QILMANG, UVOLI BOR…

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:   “Yeb-ichingiz, lekin isrof qilmangiz! Zero Alloh isrof qiluvchilarni sevmagay!” (Aʼrof surasi 7/31 oyat);  “Isrof qilmangiz! Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (Anʼom …