Suhbatni ixtiyor qilgan kishining niyati xolis, yaʼni begʻaraz boʻlishi kerak. Kiyim va badanni pokiza hamda muattar tutish, badboʻy narsalardan uzoq boʻlish lozim. Suhbatdoshlari uning piyoz, sarimsoq yeganidan bezovta boʻlmasligi kerak.
Yaxshi kishilar suhbatiga intilish lozim. Zikr majlislarida zikr ahli halqa boʻlib olishi zarur. Buning bir necha foydalari bor: bir-birlariga yuzlanish, nazar tashlash hamda kattayu kichik, boyu kambagʻal barobar oʻtiradi. Zikr majlisida ulugʻ kishi boʻlsa, hamma unga qarab oʻtiradi. Agar ikki kishi suhbat qilib bermoqchi boʻlsa, ularga roʻbaroʻ oʻtirish kerak.
Halqaning oʻrtasida oʻtirmaslik kerak. Bu makruhdir. Illo, zarurat yuzasidan yoki biror xizmatni bajarayotgan boʻlsa, shunday oʻtirishning zarari yoʻq.
Odob va hurmat bilan oʻtirgan ahli majlis uchun kengroq joy tanlagan maʼqul. Tizzani tizzaga tekkizmay oʻtirish hamda ikki kishining orasiga suqilmaslik zarur. Chap qoʻlini yonboshiga yoki orqasiga qoʻyib, unga tayanib oʻtirmaslik kerak. Bir xil tarzda oʻtiraverib charchasa, tizzani koʻtarib yoki chordona qurib oʻtirsa boʻladi. Ikki tizzasini koʻtarib, ikki qoʻli bilan boldirni ushlab oʻtirish joiz.
Ulugʻ va fazilatli kishini toʻrga oʻtqazish va unga taʼzim qilish lozim. Odobsiz soʻz, feʼl va xatti-harakatdan, nooʻrin sukutdan saqlanish zarur.
Yoshi ulugʻlarni hurmat va kichiklarni izzat qilish, keksalarga ehtirom koʻrsatish darkor. Yaqinlarini ogʻa-ini qatorida koʻrib, ularga yaxshi munosabatda boʻlish, hurmatini joyiga qoʻyish matlubdir.
Yomonlar hamda goʻzal ayollar suhbatidan ehtiyot boʻlish darkor. Agar ular bilan suhbatlashishga majbur boʻlib qolsa, koʻzi va koʻnglini ulardan tiyadi.
Agar majlisda aksirmoqchi boʻlsa, imkoni boricha ovozni past qilib, sekinlik bilan ogʻzini biror narsa bilan yopib aksa uradi. Aksa takrorlanaversa, uchinchi martasida aksa uruvchi kishiga: “Tumov boʻlibsizmi?” deyish kerak.
Suhbat ahliga xizmat qilishni oʻziga sharaf va burch deb bilib, ularning xizmatidan nolimaslik va hech kimga ish buyurmaslik kerak. Tahoratxona va hojatxonani tozalashdek zabun ishlardan oʻzini olib qochmaslik kerak. Qilgan xizmatini minnat qilmaslik va suhbat ahliga tashakkur aytish lozim.
Suhbatda ochiqyuzli va tabassumli boʻlish zarur. Bu goʻzal axloq va chiroyli odob bezagidir.
Shariat buyurgan amrlarni, xoh soʻzda, xoh amalda boʻlsin, suhbat ahliga hech tortinmasdan aytaverish kerak.
Mol-mulkini suhbat ahlidan darigʻ tutmaslik, balki ularni ham shu mulkda haqi borligini bilish lozim. Illo, Alloh taolo harom qilgan ishlarni hech kimga ravo koʻrmaydi.
Agar majlis ahliga biror hadya kelib qolsa, garchi u ulugʻ kishilarning tuhfasi boʻlsa-da, hammani unga sherik qilishi kerak. Agar mulozimlardan ayrimlari majlisda yoʻq boʻlsa, ularning ham haqini olib qoʻyish kerak.
Birodarlaridan biror kishi xatoga yoʻl qoʻysa, uni kechirish kerak. Uzrini tushunib, aybini yuziga solmagan maʼqul. Agar doʻsti biror nojoʻya xatti-harakat qilsa, unga hech kim yoʻq joyda nasihat qilish kerak. Toki u xatosini tushunib yetib, tavba qilsin. Agar davradoshlaridan biridan yomon ish va feʼl sodir boʻlsa, uni toʻgʻrilash darkor.
Ulugʻ va azizlarning nasihat va vaʼzlarini jon qulogʻi bilan eshitib, ularga qatʼiy rioya qilish kerak.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





