Home / MAQOLA / FITNA QOTILLIKDAN HAM OGʻIR GUNOHDIR

FITNA QOTILLIKDAN HAM OGʻIR GUNOHDIR

Ijtimoiy tarmoqlarda tinch-osoyishta yashayotgan musulmon xalqlar orasida fitna chiqarib, konstitutsion hokimiyatlarni agʻdarishni oʻylayotganlar, davlatni tuzumini oʻzgartirishga ochiqdan-ochiq chaqirmasa-da, gap-soʻzlari zamirida shunga ishora qilgan holda, yoshlar ongini loyqalashga intilayotganlar koʻpaymoqda. Shulardan biri sof oʻzbek tilida “Xalq ichida mana shunaqangi jonkuyar odamlar boʻlishi kerak-da. Afgʻonistonda yigirma yil urushgan boʻlsa ham oʻzgarish va oʻzgartirishni istaydigan odamlar bor. Shom ahli orasida ham zulmga qarab oʻtirmaydigan, oʻzgartirishni istaydigan odamlar bor” deb, odamlarga buzgʻunchi gʻoyalarni singdirishga, jamiyatda fitna tarqatishga harakat qilmoqda. Gʻalamis kimsalar bunday mazmundagi gaplar orqali odamlarni oshkora emas, balki hiyla bilan, xufya tarzda ishontirishga harakat qiladi. Bir qarashda shunchaki obyektiv (shaxsiy) fikrdek tuyulgan bu iboralar – aslida mavjud tizim va tuzumga nisbatan shubha uygʻotish, odamlar ruhiyat qalbiga fitna urugʻini sochish kabi xavfli maqsadlarga xizmat qiladi.

Bunday gaplarning eng xatarli jihati shundaki, ular dastlab “adolat”, “yangicha hayot”, “xalq manfaati” kabi jarangdor soʻzlar bilan bezatiladi. Lekin negizida oʻzini jamiyatga qarshi qoʻyish, odamlar orasida ishonchsizlik uygʻotish, davlat va xalq birligini buzish kabi gʻarazli maqsadlar yashirin boʻladi. Fitnachilar odatda insonning ichki ehtiyojlaridan, dardu tashvishlaridan foydalanib, uning ongini adashtirishga, shu tariqa qalbidagi halovatni yoʻqotishga harakat qiladi.

Tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, jamiyatni beqarorlikka tortuvchi fikrlar, albatta, avval tor doirada paydo boʻladi. Keyin notoʻgʻri talqinlar, nooʻrin qiyoslar, “falon yerda bunday ekan, bizda-chi?!” kabi bemaʼni daʼvolar bilan kuchaytirilib, omma orasida tarqatiladi. Oʻzingiz oʻylang, Afgʻoniston yo Shom (Suriya) kabi yurtlarda yuz bergan mudhish voqealarni bugungi oʻzbek jamiyatiga qiyos qilish toʻgʻrimi oʻzi?! Axir, har bir xalqning oʻz individual tarixi, maʼnaviy qadriyatlari, siyosiy tajribasi va taraqqiyot yoʻli bor, u boshqalardan mutlaqo farq qiladi. U yerlardagi uzoq yillik urushlar, birodarkushlik, talofatlar oʻzbek xalqiga butunlay yot holatlardir. Demak, ularni qiyos obyekti sifatida keltirib, “ular oʻzgarish qildi, biz-chi?!” kabi savollar bilan odamlarning aqliga gʻulgʻula solish oʻtaketgan razolatdan oʻzga narsa emas. Sogʻlom fikrli kishilar bu kabi soʻzlar ortida qanday gʻarazli maqsadlar turganini darhol anglaydi.

Bunday adashtiruvchi toifalarning yana bir usuli – jamiyatda mavjud muammolarni mutlaqlashtirib (salgina salbiyni mutlaqo salbiy, kichik muammoni boʻrttirib koʻrsatish tarzida) koʻrsatishdir. Hayotda kamchiliklar boʻlishi tabiiy. Lekin ularni davlatni agʻdarish, xalqni hokimiyatga qarshi qoʻyish uchun vaj qilib olish hech qachon toʻgʻri boʻlmaydi. Yaxshi niyatli insonlar muammolarni tinch yoʻl, murosa va maslahat bilan hal qiladi. Ichi gʻaraz bilan toʻlgan toifalar esa, aksincha, har qanday mayda muammoni boʻrttirib, undan fitna chiqargisi, odamlarda shikoyat va norozilik tuygʻularini kuchaytirgisi keladi. Buni xalqimiz “pashshadan fil yasash” deydi.

Fitna tarqatish – bu faqat notoʻgʻri gap tarqatish emas. Bu odamlar orasida ishonchni yoʻqotish, birodarni birodarga dushman qilib qoʻyish, tinchlik asoslariga rahna solishdir. Bugungi murakkab sharoitda har bir inson biror keskin fikrga duch kelganda masʼuliyat bilan oʻylashi kerak: Bu gapga ergashish qanchalik toʻgʻri? Bularning niyati nima oʻzi? Keltirilgan misol va dalillar egri talqinda emasmi, odamlarni adashtirishga qaratilmaganmi? Bunday gaplarning oqibati qayerga olib boradi?

Fitnaning fitna ekanini aniqlashning oʻzi ham kishidan bilim, maʼrifat, tafakkur va ziyraklik talab qiladi.

Jamiyatning eng katta kuchi – uning birligi va birdamligida. Odamlar yakdil, hamfikr boʻlsa, hech qanday buzgʻunchi gʻoya jamiyat osudaligiga putur yetkaza olmaydi. Lekin baʼzilar egri talqinlarga ishonib, shubhalanaversa, hatto kichik fitna ham katta ofatga aylanib ketishi hech gap emas. Shu bois har bir inson asosi mavhum “yangi” gʻoyalarga ongli ravishda yondashishi, oʻzga mamlakatlar misolidagi qonli voqealarni “erkinlik”, “islohot” kabi “serjilo” soʻzlar bilan ziynatlab koʻrsatuvchilardan ogoh boʻlib borishi kerak.

Eng muhimi, tinchlikni qadrlay bilish zarur. Tinchlik shunchaki qurolli mojaroning yoʻqligi emas, balki mustahkam xavfsizlik, davomli barqarorlik, yosh avlodning ertangi kunga ishonchi, ilm-maʼrifat taraqqiyoti, adolatli jamiyatni tinch va qonuniy yoʻl bilan barpo etish imkonidir. Fitnachilar mana shu asoslarni buzishni koʻzlaydi.

Jamiyatda fitna tarqatish – odamlarni, el-yurtni, mamlakatni tanazzulga yetaklovchi eng xavfli illat. Shu sababli islomda fitna va fitnachi qattiq qoralanadi. Moʻmin insonning vazifasi fitnani oʻchirish, tinchlik va birodarlikni kuchaytirishdir.

Alloh taolo bandalarni fitnalar va fitnachilardan ehtiyot boʻlishga chorlab, bunday deydi: “Orangizdagi zulm qilganlarning faqat oʻzigagina yetmaydigan (balki barchangizga taʼsir qiladigan) fitnadan saqlaningiz va bilingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir”[1].

Jumladan, Haq taolo fitnadan saqlanishning eng oddiy va muhim usuli sifatida musulmon kishi har qanday xabarga ham ishonib ketavermasligi, har tomonlama tekshirib koʻrishi zarur ekanini ilohiy amr bilan maʼlum qiladi: “Ey moʻminlar! Sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, (keyin) qilgan ishingizdan pushaymon boʻlmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) koʻringiz!”[2]

Islom dinida jamiyatda tinchlikni saqlashga ustuvor oʻrin berilib, fitnaga eng ogʻir gunohlardan biri sifatida qaraladi. Baqara surasida aytilganidek, “Fitna qotillikdan ham yomonroqdir”[3]. Bu oyat bilan moʻmin-musulmonlar fitnaning oʻta ogʻir gunoh ekanidan ogoh etilib, undan saqlanishga buyurilmoqda. Modomiki, fitna odam oʻldirishdan ham ogʻir gunoh ekan, har bir inson uni qoʻzgʻashdan, bunday ishga aralashib qolishdan saqlanishi, oilasini ehtiyot qilishi farzi ayndir. Buning uchun avvalo fitnaga olib boruvchi sabablardan qoʻl va tilni tiyish (nooʻrin xatti-harakat va fisqu fasod gap-soʻzlardan uzoq yurish) lozim boʻladi.

Ulamolar fitnadan saqlanish uchun bunday duo qilgan: “Ey Alloh! Dindan qaytish yoki fitnaga mubtalo boʻlib qolishdan Sening Oʻzingdan panoh tilaymiz”.

Fitna va fitnachilar doim boʻlgan va bugungi zamon ham istisno emas. Bir tomonda turli diniy-ekstremistik oqimlar, ikkinchi tomonda islomofoblar, yana bir tomonda “sof islom”ni niqob qilib olgan shaxsi notayin “shayx”lar oʻz targʻibot maydonini kengaytirish yoʻlida harakatlar olib bormoqda.

Jamiyatda fitna boshlanib, oqil insonlar johillarini unga aralashib qolishdan toʻsa olmasa, nifoq-nizo kengayib, oqilni ham, johilni ham, solihni ham, fojirni oʻz domiga tortib ketadi. Yaʼni, yaxshi-yomon birdek iztirob chekadi. Zolimni hech kim toʻxtatmasa, Allohning balosi hammaga yogʻiladi. “Paygʻambarning amriga xilof ish qiladigan kimsalar oʻzlariga biron fitna-kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan hazir (ehtiyot) boʻlsinlar”[4].

“Oʻrmonga oʻt ketsa, hoʻl-quruq barobar yonadi” degan naqlimizda fitna jilovlanmas olovga oʻxshatiladi. Fitna oqibatida keladigan maʼnaviy va iqtisodiy zararni hech bir moddiy qiymat bilan oʻlchab boʻlmaydi. Uning koʻlami kengaygan sari uning zarari ham ortib, yana ham koʻp jamoa va jamiyatlarni oʻz domiga tortib boraveradi.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam musulmon kishi fitnalarga duch kelganda, ibodat va eʼtiqodda yanada mahkam boʻlishni uqtirganlar. “Fitna va qatl koʻpaygandagi ibodat xuddi men uchun hijrat qilgan kabidir” deb, oʻshanday sharoitdagi ibodatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mehr va hurmat bilan qilingan hijratga tenglashtirganlar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, fitnani olovini oʻchirish, tinchlik va birodarlikni kuchaytirish har bir moʻmin insonning vazifasi ekan. Musulmonlarni fitna boshlangan payti toat-ibodatga chorlashda katta hikmat bordir. Inson yurtning solih rahbariga itoat bilan jismu jonini jismoniy ozorlardan himoya qilsa, ibodat bilan qalbini mafkuraviy aldanishlardan muhofaza etadi. Fitnalar urchib turgan sharoitda chin saodatga yetmoqchi boʻlganlar uchun eng maqbuli shudir.

Fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” shiori jamiyatimizning har bir ziyoli kishisini, xususan, diniy arboblar, imom-xatiblarimiz zimmasiga davlatimizning odil va oqil siyosati asosida jipslashib, yot fikr-mafkuralarga qarshi milliy mafkura bilan, vayronkor gʻoyalarga qarshi bunyodkor gʻoyalar bilan, dinsizlik jaholatiga qarshi milliy maʼrifat va asriy diniy qadriyatlar bilan kurashishdek ulkan masʼuliyatni yuklaydi.

Prezident Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Islom dini – bu ota-bobolarimiz dini, u biz uchun ham imon, ham axloq, ham diyonat, ham maʼrifat ekanini unutmaylik”.

Binobarin, adashtiruvchi gap-soʻzlar xataridan ogoh boʻlish, ular negizidagi yashirin maqsadlarni anglash, xalqimizning adolat, tinchlik va bagʻrikenglikka asoslangan, yuzlab yillar davomida hayot sinovlariga dosh berib, oʻzining haqqoniyligini isbotlab kelgan tafakkurini himoya qilish har birimizning burchimizdir. Shu bois ham mulohazali boʻlish, balandparvoz koʻringan gaplar ortidagi gʻarazli niyatlarni seza olish va jamiyatda sogʻlom muhitni saqlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylangan.

[1] Anfol surasi, 25-oyat.
[2] Hujurot surasi, 6-oyat.
[3] Baqara surasi, 191-oyat.
[4] Nur surasi, 63-oyat.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“HAYOTIY MAYOQLAR”

«Agar ogohsan sen – shohsan sen. Agar shohsan sen – ogohsan sen!»   QADRLI va …