Home / ALLOMALAR / YASSAVIYA TARIQATI: AZIZON VA IQONIYA

YASSAVIYA TARIQATI: AZIZON VA IQONIYA

Movarounnahr tasavvuf taʼlimotida yassaviya tariqati muhim oʻrin tutadi. U dastlab Turkistonda shakllangan boʻlsa, keyinchalik Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf, Hirot kabi shaharlarga tarqaldi.

Yassaviya tariqatining taraqqiy etishida Samarqandda faoliyat olib borgan tasavvuf allomalari alohida oʻrin tutgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqand shahri, Kumushkent, Sheroz (Jomboy) tumanidagi Gʻazira va Aliobod (Payariq) hududlarida tariqat maktablari vujudga kelgan. Ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va madaniy hayotda, hatto bunyodkorlik ishlarida tariqat vakillarining oʻrni tarixiy manbalarda aks etgan.

Yassaviya tariqati silsilasi Xoja Ahmad Yassaviydan, Hakim Otaga, soʻng Zangi Otaga, soʻng Sadr Otaga, soʻng Yamin (Elamin) boboga, soʻng Shayx Aliga, soʻng Shayx Mavdudga yetib kelgan. Mavdud shayxdan keyin yassaviya-azizon va yassaviya-iqoniya tarmoqlari shakllangan.

Yassaviylikning azizon tarmogʻi.

Yassaviya tariqatining azizon tarmogʻi shakllanishi Mavdud shayxning shogirdi Xodim shayx azizon va uning shogirdlari nomi bilan bogʻliq.

Xodim shayx Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy bilan juda yaqin aloqada boʻlgan. Doimiy ravishda suhbatlar oʻtkazib turilgan. Gohida “Zikri arra” tashkil etilgan. Xodim shayx Shahrisabzning Gunjishkxona (Chumchuqli) mavzesi (gʻoyibona-tushi)da Xoja Ahror Valiy bilan uchrashadi. Yana Samarqandning Muhammad Rajab koʻchasida [Muhammad Olim shayx, 2020: 180] uchrashib, suhbatda boʻlgan.

Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzo ham Xoja Ahrorga va ham Xodim shayxga muxlis boʻlgan. Sulton Xodim shayxni asʼhoblari bilan oʻz uyiga taklif etib, zikr majlislarini oʻtkazgani manbalarda qayd etilgan.

Xodim shayx azizon zikr aytishda qalbi qattiqlik qiladigan toifalarni qoralaydi. Qurʼoni karim “Aʼrof” surasining 205-oyati: “Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qoʻrqib, dildan ertayu kech yod qiling va gʻofil kimsalardan boʻlmang” tafsirida, “Gʻofillardan boʻlma” deydi va bu gap orqali gʻaflat bilan zikr qilishni man qiladi. Yaʼni zikr aytuvchi qalbi uygʻoq holda zikr qilmogʻi lozimligini uqtiradi. Zikrdan murod dil huzur topishidir, ammo huzur boqiy boʻlmaydi. Shariatga dangasalik qilmasdan qoim turib, tariqat hukmini bajarish uchun zavqu shavq bilan harakatda boʻlish tushuntiriladi. Kubroviylikdagi raqsi samoʼ haqida Xodim shayxdan soʻrashganida, joizligi toʻgʻrisida oʻz xulosalarini bayon qilgan [Muhammad Olim shayx, 2020: 181-182]. Yaʼni uni xos kishilar uchun ruxsat borligi taʼkidlanadi. Bu bilan Xodim shayx ikki tariqatdan ham nasibasi boʻlgani tushuniladi. Zamon hukmdorlari ham ikki tariqat murshidlariga alohida eʼtibor bilan muomalada boʻlgani, tariqatlar oʻrtasida ziddiyat yoki kelishmovchilik boʻlmaganini koʻrsatadi.

Xoja Ahmad Yassaviy asos solgan yassaviylik taʼlimoti Samarqanddan Turkistonga olib borib shakllantirgach, mazkur silsila Toshkent orqali Samarqandga kirib keladi. Natijada, Shayx Alishayx, Mavdud shayx, Xodim shayx, Jamoliddin azizon, Xudoydod Valiy, Darvesh shayx azizon, Pirim shayx azizon, Moʻmin shayx, Tohir shayx, Olim shayx azizon, Mavlono Usmon, Muhammadi Imlo Buxoriy kabi tariqat namoyandalari Zarafshon vohasi boʻylab faoliyat olib boradi.

Olim shayxning Oxund Mulla Sharif Buxoriy orqali Mulla Boqimuhammad Qorakoʻliyga, undan Oxund Mulla Toshmuhammadga, undan Mulla Hoji Shayx Xorazmiyga, undan Mulla Niyozmuhammad Qorakoʻliyga yassaviya silsilasi yetgan. Bunga koʻra, Qorakoʻl hududiga naqshbandiya va kubroviya silsilasi qatorida yassaviya ham yoyilgan.

Shayx Xudoydod Valiyning shogirdi Xoja Mavlono Nuriy orqali: Shayx Otashin, Sherbek soʻfi, Kamol shayx, shayx Doʻst Ali, shayx Safoi, Soʻfi Poyanda Kafshdoniy va Qosim shayxga yetadi. Qosim shayxdan Pirim shayxga yetgan silsila Olim shayx azizon Aliobodiy va Mirzo Ali shayxga yetadi. Mirzo Ali shayxdan Husayn shayxga, undan Xoja Muhammad Oʻtroriyga, undan Mavlono Avaz Muhammad Basirga, undan Eshon Niyoz Muhammad Buxoriyga [Silsila, OʻzR MDAF i-323 r-2 ish-90. 1-varaq] yetadi. Eshon Niyoz Muhammad Buxoriy yassaviya silsilasini Imlo Buxoriy va Mavlono Avaz Muhammad Basir orqali qabul qilgani aniqlandi.

Yassaviylikning iqoniya tarmogʻi.

Yassaviya tariqatining namoyandasi Shayx Kamoliddin Turkistoniy-Iqoniy XIV asr boshlarida Turkiston viloyatining Chimkent mavzesi Iqon qishlogʻida tavallud topgan.

Kamoliddin Iqoniy qabri bugungi kunda “Yakanchik” ziyoratgohi nomi ataluvchi qabristonda, yaʼni hozirgi Jomboy va Payariq tumanlari chegarasida joylashgan, Bulungʻur kanali va Mirza ariq atrofidagi Dovchar ariq mavzesida joylashgan. Ziyoratgoh “Yakanchik” nomi bilan atalib, mahalliy aholi tomonidan “Yakon shayx”, “Yakum shayx”, “Yakanshik”, “Yakanchik” kabi turli koʻrinishlarda talqin etib kelingan.

“Lamahot” asarida Shayx Kamoliddinning laqabi Iqoniy boʻlib, Turkiston nohiyalaridan biri Iqon qishlogʻida tugʻilgan [Nosiriddin Buxoriy, 1324/1904: 137]. Bir necha yil Samarqandning Aliobod mavzesida yashab, shu yerda vafot etgan [“Majmaʼul ansob val ashjor” asarida 1492-yil deb koʻrsatilgan]. Qabri tabarruk ziyoratgoh deb maʼlumot beriladi.

U yassaviya silsilasi vakili Shayx Mavdud dargohida tarbiya topib, kamolga yetgan. Shayx Mavdud, oʻz navbatida, shayx Alishayxning shogirdi, u esa Yamin boboning, u Sadr Otaning, u Zangi Otaning, u Hakim Ota (Sulaymon Boqirgʻoniy)ning, u sohibi hikmat – Hazrat Sulton Xoja Ahmad Yassaviyning qoyyim-maqom xalifasidir [Abd al-Qodir, 2005; Muhammad Olim shayx, 2020]. Kamoliddin shayxlik martabasini olgach, Shayx Kamoliddin Iqoniy nisbasi bilan mashhur boʻlgan va yassaviylikning iqoniya tarmogʻiga asos solgan.

Yuqorida aytilganidek, mazkur ziyoratgoh va mavze nomi mahalliy aholi tilida “Yakanchik” tarzida talaffuz qilingan. Shayx Kamoliddin Iqoniy ismi xalq orasida hurmat yuzasidan “Shayx Iqoniy” deb yuritilgan. Vaqt oʻtishi (550-yildan ortiqroq) natijasida, “Shayx Iqoniy” soʻzi talaffuzda “Iqon shayx”, “Yakon shayx”, “Yakum shayx”, “Yakanshik”, “Yakkanchik” shaklida qoʻllab kelinmoqda. Shu oʻrinda ushbu atamalarni qoʻllashda umumiy maʼno oʻzgarmasdan kelayotganini ham aytib oʻtish joiz. Mahalliy xalq bugungi kunga qadar ushbu dargohni muqaddas bilib, ziyorat qiladi.

Shayx Kamoliddin – Iqoniy taxallusi bilan sheʼr va hikmatlar yozgani haqida “Rashahot”da: “Az kibor asʼhobi Mavdud turgʻonin bildiradir. Hijriy 1093 (milodiy 1680)da buxorolik muftiy Zinda Alining “Samaratul mashoyix” otli kitobda ham, “Lamahot”da ham Kamol shayxning tarjimayi holi yozilgʻonda “Mazkur Eshonning laqabi Iqoniy boʻlib, Samarqandning Aliobod mavzeidan va shu yerda vafot etgan” [Fitrat, 2000: 33], deb maʼlumot berib oʻtgan.

Manbalarda, Kamol shayx keksaygan vaqtida ham zikr zavqi paytida oʻqdek toʻgʻri, dadil va eshituvchi boʻlar, bu holdan chiqqach, yana egilib qolgani aytiladi. Shayx Kamoliddin shogirdi Sayid Ahmadga yigirma yillik tarbiyadan soʻng ruxsati kul (shayxlik qilishga ruxsat, irshod) bergan.

Yassaviya tariqatining taraqqiy etishida Zarafshon vohasidagi Sugʻd shahri, Ofarin (Kumush)kent, Sheroz (Jomboy) tumanidagi Gʻazira va Aliobod (Payariq) hududlarida tariqat markaz-maktablari vujudga kelgan.

Zarafshon vohasida XVIII asrning oʻrtalari va XIX asrlarda yassaviya tariqati faoliyati biroz susayadi. Asosan oʻlkada naqshbandiya, kubroviya tariqatlari bilan uygʻunlashgan holda koʻzga tashlanadi. Jumladan, Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan Muhammad Imlo Buxoriy, Muhammad Islom shayx Karruxiy, Shayx Mirzo Abul Hasan, Shayx Mirzo Abul Fath kabi tariqat murshidlari naqshbandiya tariqatida faoliyat olib borgan boʻlishsa-da, ammo kubroviya, qodiriya va suhravardiya kabi yassaviya tariqatini ham birgalikda yuritgan. Yaʼni “chor suluk”, “toʻrt yoʻl” tushunchasi keng taraqqiy etgan. Natijada, yassaviya taʼlimoti XX asrlarda ham boshqa tariqatlar bilan uygʻun holda davom etdi.

Markaziy Osiyo (Samarqand)da tasavvuf maktablari orasida yassaviya tariqatining keng yoyilishida oldingi ibodat shakllariga begona boʻlmagan koʻchmanchi turkiylar katta hissa qoʻshgani aytiladi [Fitrat, 2000]. Bunday xulosa, albatta, tariqat asoschisi va hudud nuqtayi nazaridan ilgari surilgan. Yassaviya dastlab Turkistonga va unga yaqin boʻlgan hududlarga yoyila boshladi.

Dastlabki davrlar (Temuriylar zamoni)da yassaviya tariqati Oʻrta Osiyoda naqshbandiya tariqatidan keyingi oʻrinda turgan. Keyingi davr (Shayboniylar davri)ga kelib mazkur tariqat oʻz mavqeyining yuqori choʻqqisiga koʻtariladi. Bunga hukmdorlarning yassaviya tariqati pirlariga boʻlgan munosabati deb qarash mumkin. Shu bilan birga, mazkur holat tariqat murshidlarining ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotda katta mavqega ega ekani, tariqat namoyandalari koʻp sonli boʻlganidan darak beradi. 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR:

  1. Abd al-Qodir ibn Muhammad-Amin. Madjma al-ansob va-l-ashdjar. Arab, fors va turkchadan tarjimonlar: Sh.X.Vohidova, A.K.Moʻminova, B.B.Aminova. – Almatы., 2005.
  2. Muhammad Olim shayx. Lamahot min nafahotul quds. Tarjimon: Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020.
  3. Nosiriddin Buxoriyning “Tuhfatuz zoyirin” asarida ham taʼkidlab oʻtilgan. Qarang: Forscha. – Buxoro., 1324/1904.
  4. Qoʻlyozma. OʻzR MDAF i-323 r-2 ish-90. 1-varaq.
  5. Yassaviya maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshiruvlar // Tanlangan asarlar. II-jild. – T.: Maʼnaviyat, 2000.
Mexrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ABU BAKR MUHAMMAD IBN ABU ISʼHOQ AL-GULOBODIY VA HADIS MOHIYATI

Buxorolik olim Abu Bakr Muhammad ibn Abu Isʼhoq al-Gulobodiy taxminan 310-320/923-933-yillar orasida tugʻilgan. Dorimiy (vaf. …