Home / FOTO LAVHALAR / Murojaatnomada ifodalangan iqtisodiy yuksalishning ilmiy va maʼnaviy asoslari oʻrganildi

Murojaatnomada ifodalangan iqtisodiy yuksalishning ilmiy va maʼnaviy asoslari oʻrganildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Hadis ilmi maktabi talabalari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv kursi doirasida navbatdagi amaliy mashgʻulot oʻtkazildi. “Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish” mavzusiga bagʻishlangan ushbu darsni Markaz ilmiy xodimi Tohir Evadullayev olib bordi.

Mashgʻulot davomida Prezident Murojaatnomasida belgilangan iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi – xomashyo yoʻnalishidan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish modeliga oʻtish masalalari ilmiy va hayotiy faktlar asosida tahlil qilindi. T.Evadullayev oʻz maʼruzasida mamlakat iqtisodiyotiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va innovatsion ekotizimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kutilayotgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tahliliy muloqot tarzida oʻtgan mashgʻulot yakunida iqtisodiyotni innovatsion asosda qayta qurish faqat texnik yangilanish emas, balki jamiyatda yangicha dunyoqarash va ilmiy yondashuvni talab qilishi taʼkidlandi.

Kurs tinglovchilarining eʼtirof etishicha, bunday mashgʻulotlar mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlash borasidagi davlat siyosatining strategik maqsadlarini chuqurroq anglash hamda islohotlarning nafaqat moddiy, balki maʼnaviy-intellektual asoslari haqida tizimli xulosalar chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xalqaro markazda “Sahihul Buxoriy” xatm qilindi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziyaning eng nufuzli diniy tashkilotlari va ilmiy doiralari vakillaridan iborat …