Home / MAQOLA / FITNALARGA ARALASHIB QOLMANG!

FITNALARGA ARALASHIB QOLMANG!

Har bir davlatning fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonuniy hujjatlari bor. Shu bilan birga, huquqni buzganlar uchun javobgarlik choralari ham mavjud. Birovning haqqini yeyish, oʻgʻrilik, talonchilik, poraxoʻrlik, sudxoʻrlik va boshqa turdagi huquqbuzarliklar kabi diniy masalalarda odamlarni fitnaga solish uchun ham javobgarlik bor, albatta. Diniy ayblov tufayli panjara ortiga tushganlar sof eʼtiqodni buzib, odamlarni yoʻldan ozdirgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan. Shariat asosida ibodatini qilib yurganlarga hech kim tazyiq oʻtkazmaydi.

Tarixdan maʼlumki, adashgan toifalar adolatli rahbarlarga qarshi isyon qilish bilan mashhur boʻlgan. Ular gʻarazli maqsadlari yoʻlida odamlar orasida fitnalar uyushtirgan. Bundan koʻpchilik zarar koʻrgan. Bunday gʻalamislik harakatlari hozirgi kunda ham davom etmoqda.

Xalifalik daʼvosini qiluvchilarning harakatlari oʻsha fitnalardan biridir. Huzayfa roziyallohu anhu bu haqda quyidagilarni aytadi: “Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yaxshilik haqida soʻrardi. Men esa boshimga tushishidan qoʻrqib, yomonlik haqida soʻrar edim. “Ey Allohning Rasuli, johiliyatda, yomonlikda edik. Alloh bu yaxshilikni keltirdi. Endi mana shu yaxshilikdan keyin yomonlik boʻladimi?” dedim. U zot: “Ha”, dedilar. “Oʻsha yomonlikdan keyin yaxshilik boʻladimi?” dedim. U zot: “Ha, lekin unda tutun (yaʼni, xiralik) boʻladi”, dedilar. “Uning tutuni nima?” dedim. U zot: “Bir qavm mening toʻgʻri yoʻlimdan boshqa yoʻlga boshlaydi. Sen ular(ning amallari)dan baʼzilarini bilasan, baʼzilarini bilmaysan”, dedilar. “Oʻsha yaxshilikdan keyin yana yomonlik boʻladimi?” dedim. U zot: “Ha, jahannam eshiklari tomon chorlovchilar boʻladi. Bu (daʼvat)ni ijobat qilganni oʻshanga tashlaydi”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, bizga ularni sifatlab bering?” dedim. U zot: “Ular oʻzimizdan boʻladi, oʻzimizning tilimizda gapiradi”, dedilar. “Oʻsha narsa boshimga tushgudek boʻlsa, nimani buyurgan boʻlar edingiz?” dedim. U zot: “Musulmonlar jamoasi va ularning imomini(ng yoʻli)ni mahkam tutasan”, dedilar. “Ularning jamoasi ham, imomi ham boʻlmasa-chi?” dedim. U zot: “U holda daraxtning tomirini tishlab boʻlsa ham oʻlguningcha oʻsha firqalarning barchasidan chetda boʻlasan”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Nabiy alahissalom bu gaplari bilan ahli sunna val jamoa va ularning imomlari yoʻlini lozim tutishni nazarda tutganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xalifalik oʻttiz yildir. Undan keyin podshohlik boʻladi”, deganlar. Darhaqiqat, Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali va Hasan roziyallohu anhumning xalifaligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin oʻttiz yil davom etdi.

Endi esa, xalifalikni daʼvo qiluvchi toifalar odamlarni jihodga chaqirib, shahidlik maqomini vaʼda qilmoqda. Lekin shahidlik aslida nima ekanini yashirmoqda.

“Shahid” soʻzi lugʻatda “guvoh”, “hozir boʻluvchi”, “bilganlari haqida xabar beruvchi” maʼnolarini bildiradi. Shuningdek, Shahid Alloh taoloning goʻzal ismlaridan biri boʻlib, har narsaga guvoh, har doim hoziru nozir degan maʼnoni ifodalaydi. Istilohda ushbu soʻz haq yoʻlda halok boʻlgan shaxsga nisbatan qoʻllanadi. Manbalarda shahidlikning quyidagi turlari koʻrsatilgan:

  1. Dunyo shahidligi – insonning obroʻ orttirish, nom qoldirish singari dunyoviy maqsadlar yoʻlida jang qilib, halok boʻlishi. Bunday kimsa haqiqiy shahid hisoblanmaydi.
  2. Oxirat shahidligiga, hadislarda bayon etilganidek, choʻkish, devor bosishi kabi holatlar tufayli hayotdan koʻz yumish kiradi.
  3. Dunyo va oxirat shahidligi – dushman bilan jangda xolis Alloh uchun eʼtiqodi, Vatani va ahli oilasini asrash yoʻlida halok boʻlish.

Keltirilgan dalillardan kelib chiqib aytish mumkinki, adashgan toifalarning jihod va shahidlik haqidagi daʼvolari islom diniga mutlaqo begonadir. Musulmonlar duch kelgan odamning aytganiga koʻr-koʻrona ergashib ketavermasdan, oʻz diniy qadriyatlari va muqaddas islomiy tushunchalarni ishonchli olimlardan oʻrganishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda, oʻzi bilmagan holda din dushmanlari boʻlgan kimsalarning tuzogʻiga tushib qolishi hech gap emas.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HAQIQIY BOYLIK QAYERDA?

Hakimlar bejiz aytmagan… Homid Lifofiy shunday degan: “Biz toʻrt narsani toʻrt joydan izladik. Ammo yoʻlda …