Alisher Navoiy – buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi bo‘lib, o‘zbek adabiy tilining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. U o‘z asarlarida til imkoniyatlaridan samarali foydalanib, arab va fors tillarining leksik qatlamlarini o‘ziga xos mahorat bilan uyg‘unlashtirgan. Xususan, “Sab’ai Sayyor” dostonida arabcha so‘zlarning qo‘llanilishi, ularning semantik va stilistik jihatlari, poetik tasvirning boyitilishidagi o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqola Navoiyning til me’yorlariga munosabati, uning asarlaridagi arabcha leksik qatlamning xususiyatlari hamda badiiy ifoda usullarini tahlil etishga bag‘ishlangan. Bu maqolada nafaqat Navoiy tilining o‘ziga xos jihatlari yoritiladi, balki o‘sha davr o‘zbek adabiy tilining umumiy xususiyatlari ham ochib beriladi.
Alisher Navoiy o‘zining barcha asarlarida til qonuniyatlariga to‘liq amal qilib, o‘zbek adabiy tilining imkoniyatlaridan unumli foydalangan. “Sab’ai sayyor” dostonida o‘zbek tili bilan birga, arab va fors tillari leksikonlarini ham mohirona istifoda qila olgan. Bu holat doston matnida tabiat tasviri ifodalangan misralarda ko‘p uchraydi. Masalan:
Sabza atrofida nasimi bahor, sumanu sunbul ochti laylu nahor.
Harakat birla ul xujasta nasim, sochti gul boshig‘a sumandin siym.
Turrasig‘a to‘kub binafsha abir, atri etti dimog‘ig‘a ta’sir.
Jola jismin urub nigun qildi, kim, tanin zarbi nilgun qildi.
Bu misralarda Navoiy tabiat tasviri obyektini tanlar ekan, uni yorqin ifodalaydigan aniq poetik so‘zlardan foydalangan. Masalan: “nasim” – “نسيم” – shabada (نسيم بهار – nasimi bahor, ma’nosi: bahor shabadasi), “layl” – “ليل” – tun, “abir” – “عبير” – xushbo‘y, “atri” – “عطر” – hid ma’nolarini ifodalashda arabcha so‘zlarni qo‘llagan.
Izlanishlar dostonda arab tilidan o‘zlashgan leksik birliklar katta qatlamni tashkil etishini ko‘rsatdi. “Navoiy tilida arabizmlarning ko‘p yoki oz foizni tashkil etishi, birinchidan, o‘sha davrning o‘zbek adabiy tili spetsifik xususiyatlari bilan izohlansa, ikkinchidan, shoirning arab tiliga bo‘lgan munosabati” [1:116], asarlarining janr xususiyatlari, ifoda qilinayotgan g‘oyaviy mazmun, yuqori darajadagi badiiy uslub va mumtoz poetik san’at bilan aloqadordir.
Navoiy asarlarida qo‘llangan arabcha so‘zlarning leksik birliklari shoir tomonidan o‘zlashtirilmagan, balki ularning ko‘p qismi arab adabiy tili an’analari, shuningdek, fors tili orqali o‘tgan. Bu so‘zlar Navoiygacha yashagan va undan keyingi davr so‘z ustalarining asarlarida ham keng qo‘llangan. Aniqrog‘i, turkiy tillardagi, jumladan, o‘zbek tilidagi arabcha so‘zlar, arab tilining o‘zidan o‘zlashgan bo‘lsa, ikkinchidan, XV asrdagi adabiy tillardan biri hisoblangan fors tili orqali ham kirib kelgan. Bu haqda Navoiy shunday yozadi: “… chun mazkur bo‘lgon qoida bilakim ado topdi – mayl forsiy sori bo‘ldi” [1:119]. Alisher Navoiy turkiy tilning rivojlanishiga faqatgina shoh asarlar yaratish bilangina emas, balki uni nazariy jihatdan ham boyitish orqali katta hissa qo‘shgan. Uning bu yo‘nalishdagi muhim ishlaridan biri 1499-yilda yaratilgan “Muhokamatul lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asaridir. Mazkur asarda Navoiy turkiy va forsiy tillarni qiyoslab, turkiy tilning boyligi va keng imkoniyatlarga ega ekanini isbotlab bergan. Navoiyning fikricha, “arab tili bunday ulug‘lanishga muhtoj emas, hech shubhasiz, u barcha tillardan mumtoz va “moʻjizatiroz”dir, chunki Allohning kalomi va Rasuli akram hadislari shu tilda yaratilgan” [3:187].
“Sab’ai sayyor” dostonidagi arabcha so‘zlar ijtimoiy, astronomik, madaniy, maishiy hayotning turli terminlariga oid bo‘lib, ko‘pchiligi mavhum tushunchalarni ifodalaydi. Bu so‘zlar asarning ma’naviy va qadriyatga oid negizini tashkil etar ekan, turli sohalardagi bilimlar uyg‘unligini namoyon etadi. Jumladan, astronomik atamalar o‘sha davrdagi sayyoralar harakati va koinot tuzilishi haqidagi tasavvurlarni aks ettirsa, ijtimoiy terminlar jamiyat tuzilishi, ijtimoiy munosabatlar va odob-axloq me’yorlariga doir tasavvurni ifodalaydi. Madaniy atamalar esa, o‘z navbatida, tarixiy meros, san’at va adabiyot bilan bog‘liq bo‘lib, dostonning umuminsoniy ma’nosi va estetik qiymatini oshiradi. Shu bilan birga, maishiy hayotga oid so‘zlar kundalik turmush tarzi, urf-odatlar va marosimlarning badiiy talqinida muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan doston faqatgina badiiy asar bo‘lib qolmay, unga O‘rta asrlardagi arab-islom sivilizatsiyasining ilm-fan va ma’naviy merosi bilan bog‘liq muhim manba sifatida ham qaraladi.
Doston leksikasidagi arabcha so‘zlarni stilistik jihatdan ikki kategoriyaga bo‘lish mumkin:
- Keng iste’mol qilingan – neytral so‘zlar.
- Adabiy-kitobiy so‘zlar.
Keng iste’mol qilingan arabcha so‘zlar asarda turli ma’nolarni ifodalashi, har xil stilistik funksiyalarni bajarishi bilan xarakterlanadi. Badiiylik, obrazlarni jozibali ifodalashda Navoiy bu so‘zlar yordamida katta imkoniyatga ega bo‘lgan. Quyida keltirilayotgan so‘zlar doston leksikasida juda faol qo‘llangan:
“sori” ساري– tomon, taraf /169 dostonda kelgan arabcha so‘zlarning 7.6% ini tashkil qilgan, (سَرَى – “bormoq, yurmoq” fe’lining aniq daraja sifatdoshi) dostonda:يوز ساري – “yuz sori”, بير ساري – “bir sori”, سول ساري – “so‘l sori” kabi iboralarda kelgan;
“hol”حال – “ahvol, kayfiyat, xususiyat, payt” /142 /6.4%, (حَلَا– “bo‘shamoq” fe’lining aniq daraja sifatdoshi);
“xo‘ja”خواجه – xo‘ja / 109 / 4.9%, (خواجه – xorijdan kelgan kishilar arab tilida shunday ataladi [4]);
“ahl” أُهْلٌ – aholi, yashovchi, qarindosh, oila / 99 / 4.5%, (أَهَلَ – “uylanmoq” fe’lining masdari);
“nav” نَوْعٌ– tur /97/4.4%/ (نَاعَ – “turli xil bo‘lmoq” fe’lining masdari);
“olam” عَالَمٌ – olam, dunyo / 95 / 4.3% / (علم – “belgi qo‘ymoq” fe’lining masdari);
“qasr” قَصْرٌ – qasr / 86 / 3.9%/ (قصر – “qisqa qilmoq” fe’lining masdari);
“g‘am”غَمٌّ – xafalik, g‘am / 68 / 3.1% / ( غَمَّ – “xafa bo‘lmoq” fe’lining masdari);
“ishq” عشق – sevgi, ishq / 67 / 3% / (عشق – “sevmoq” fe’lining masdari);
“sifot” صِفَات – sifatlar, xususiyatlar / 65 / 2.9% / (وصف – “sifatlamoq” fe’lining masdari صِفَةٌ – sifat, xususiyat so‘zining muannas to‘g‘ri ko‘pligi) va boshqa shu kabi o‘zlashmalar.
Dostondagi adabiy-kitobiy so‘zlar grammatik qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda qo‘llangani bilan xarakterlanadi.
Masalan: “zohir” ظاهر – ko‘rinib turgan, ochiq-oshkor (ظهر – “paydo bo‘lmoq” fe’lining aniq daraja sifatdoshi);
“hajr” هجر – ayriliq, judolik (هجر – “ko‘chib o‘tmoq” fe’lining masdari);
“iztirob” اضطراب – iztirob (اضطرب – “bezovta bo‘lmoq” VIII bob fe’lining masdari);
“mug‘anniy”مغني– ashulachi, sozanda, cholg‘uchi (غَنَّى– “kuylamoq” II bob fe’lining masdari);
“aqiq”عقيق– qimmatbaho qizil tosh [5] (عقَّ – “yirtmoq” fe’lining masdari);
“visol” وصال – erishuv, yetishuv (واصل – “bog‘lanmoq” III bob fe’lining masdari);
“kavkab” كوكب – yulduz (كوكب – “yoritmoq” to‘rt o‘zakli fe’lning aniq daraja sifatdoshi) kabi o‘zlashma so‘zlar shular jumlasidan.
Terminologik jihatdan ijtimoiy sohani ifodalaydigan so‘zlar bor bo‘lib, ularga: “ma’no” معنى – ma’no (عَنَّى – “ma’no bermoq” fe’lining aniq daraja sifatdoshi);
“muhandis” مهندس – binokor mutaxassis (هندس – “muhandis bo‘lib ishlamoq” to‘rt o‘zakli fe’lning aniq daraja sifatdoshi);
“musofir” مسافر – safar qiluvchi, sayr qiluvchi (سافر – “safar qilmoq” III bob fe’lining aniq daraja sifatdoshi);
“qosid” قاصد – xabarchi, elchi, chopar (قصد – “maqsad qilmoq” fe’lining aniq daraja sifatdoshi);
“maqsud” مقصود – maqsad, istak (قصد – “maqsad qilmoq” fe’lining majhul daraja sifatdoshi);
“g‘aroyib” غرائب – qiziq narsalar, kamyob narsalar, (غرب- “qiziqarli bo‘lmoq” fe’lining masdari غريبة – qiziq so‘zining siniq ko‘pligi);
“ulum” علوم – ilmlar (علم – “ilm olmoq” fe’lining masdari, عِلْمٌ – ilm so‘zining siniq ko‘pligi);
“manzur” منظور – ko‘rilgan, ko‘ringan, maqbul bo‘lgan (نظر – “qaramoq” fe’lining majhul daraja sifatdoshi);
“hikoyat” حكايات– hikoyalar, ma’lumotlar (حكى – “gapirib bermoq, hikoya qilmoq” fe’lining masdari, حكاية so‘zining muannas to‘g‘ri ko‘pligi);
“zamon” زمان – zamon, dam-badam, har chog‘ (زمن – “vaqtlar oralig‘ida bo‘lmoq” fe’lining masdari) kabi o‘zlashmalar kiradi.
Poetik so‘zlar odatda kitobiy tilga xos bo‘lib, ular obrazning poetik tasvirini ochishda, qahramonlarning ichki kechinmalari, ruhiy holati va vaziyatini ifodalashda, shuningdek, badiiy tasvirning rang-barangligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bunday so‘zlarga quyidagilar kiradi: muanbar معنبر – , munojot مناجات -, munis مونيس – , murod مراد – , mushtoqمشتاق – , mojaroماجرا – , mahramمحرم – , muhabbatمحبت – , malakملك – , majlisمجلس – , ishqعشق – , oshiqعاشق – , ayon عيان – , vafoوفاء – , vaslوصل – , aflokأفلاك – , atrعطر – , mahbubمحبوب – , ma’shuqمعشوق – , in’omانعام – , hajrحجر – , azmعزم – , nuktaنكتة- , ziynatزينت – , jannatجنت -. Ushbu so‘zlar arab tilidan o‘zlashgan bo‘lib, poetik nutqning boyligini oshirishda alohida ahamiyatga ega.
Dostonda o‘sha davrning adabiy tilidagi fonetik va grammatik imkoniyatlardan to‘liq foydalanilgan. Ammo tildagi tarixiy taraqqiyot ta’siri bilan ba’zi so‘zlarda fonetik o‘zgarishlar yuz bergan. Masalan, dostonda 3 marta qo‘llangan: قُفْل – qulf so‘zi, 2 marta foydalanilgan مَرْحَم – mahram, خدمت – xizmat, كاف – kaft, وجه – aft, yuz, chehra kabi arabcha so‘zlar hech o‘zgarishsiz arab tilidagi shaklini saqlab qo‘llangan bo‘lsa, hozirgi tilimizda qulf, mahram, xizmat (t-d), kaft (“t”ning orttirilishi) holatida ishlatiladi. Bu hodisa tilning tarixiy taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘lgan fonetik o‘zgarishlar natijasidir.
Ana shunday o‘zgarishlar, bir tomondan, tilning dinamik rivojlanishi va fonetik qonuniyatlarining namoyoni bo‘lsa, ikkinchi tomondan, arabcha so‘zlarning o‘zbek tiliga integratsiya jarayonidagi ta’sirini aks ettiradi. Bu jarayon tilshunoslikda adabiy tildagi tarixiy o‘zgarishlarning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida o‘zbek adabiy tilining imkoniyatlarini keng namoyon etgan holda, arab va fors tillarining leksik boyliklaridan ham mohirlik bilan foydalangan. Xususan, “Sab’ai sayyor” dostonidagi arabcha so‘zlar poetik nutqning jozibasini oshirib, badiiy ifodaning yanada rang-barang bo‘lishiga xizmat qilgan. Ushbu maqolada tahlil qilingan misollar shuni ko‘rsatadiki, Navoiy arabcha so‘zlarni faqat bezak uchun emas, balki asarning g‘oyaviy mazmuni, ma’naviy va badiiy qiymatini oshirish maqsadida ishlatgan.
Shuningdek, bu so‘zlarning dostondagi o‘rni, ularning stilistik va semantik jihatlari shoirning ijodiy uslubi bilan chambarchas bog‘liq. Arabcha leksik qatlamning qo‘llanilishi o‘sha davrdagi adabiy til me’yorlari va ilmiy-madaniy muhitni aks ettiradi. Navoiy nafaqat o‘z asarlari orqali o‘zbek adabiy tilini boyitgan, balki uni nazariy jihatdan ham mustahkamlab, tilimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan.
Umuman olganda, Navoiy asarlaridagi arabcha so‘zlarning ishlatilishi shoirning ilmiy saviyasi va adabiy tilga bo‘lgan yuksak e’tiborining yaqqol ifodasidir. Bu jihatlar Navoiy ijodini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi va keyingi tadqiqotlar uchun ham dolzarb mavzu hisoblanadi.
-
Alisher Navoiy. Asarlar. O‘n besh tomlik.14- tom. – Toshkent: Fan, 1967. – B. 116.
-
Sab’ai sayyor. – B. 7.
-
Yusupova D. O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi. – Б.187.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





