Home / FOTO LAVHALAR / Islom ulamolari merosiga bagʻishlangan amaliy muloqot

Islom ulamolari merosiga bagʻishlangan amaliy muloqot

Islom olami mutafakkirlari boʻyicha 6-seminar (SSIC-2026)ni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan onlayn ishchi muhokama oʻtkazildi. Unda mazkur xalqaro ilmiy tadbirni tashkil etishga jalb qilingan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh tashkilotchi sifatida, shuningdek, Malayziya Milliy universiteti (Universiti Kebangsaan Malaysia – UKM) qoshidagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi rahbaryati ishtirok etdi.

Muhokama davomida Islom sivilizatsiyasi instituti bilan Oʻzbekiston ilmiy muassasalari oʻrtasida soʻnggi oʻn yil mobaynida shakllangan mustahkam ilmiy-akademik hamkorlik barqaror rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, aynan UKM huzuridagi ilmiy tuzilmalar bilan oʻtkazilgan qoʻshma seminar va forumlar islom sivilizatsiyasi olimlari boʻyicha seminarlar turkumining ilmiy va mazmuniy asosini shakllantirib kelmoqda. SSIC-2026 ham ushbu strategik ilmiy hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida namoyon boʻladi.

Ishchi muhokamada seminarning asosiy maqsad va vazifalariga aniqlik kiritib olindi. Jumladan, islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti jarayonida musulmon ulamolarining jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan ilmiy va maʼnaviy hissasini keng yoritish, Oʻzbekiston va Malayziya ilmiy maktablari oʻrtasida tajriba almashuvini yanada rivojlantirish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarda boy tarixiy merosga qiziqishni oshirish ustuvor maqsadlar sifatida belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, tadbirning formati, mavzular doirasi, ishtirokchilar tarkibi hamda tashkiliy-texnik masalalar batafsil muhokama qilindi. Qayd etilganidek, seminar gibrid shaklda – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida anʼanaviy tarzda hamda Zoom platformasi orqali onlayn formatda oʻtkaziladi.

Muhokama yakunida islom sivilizatsiyasi olimlariga bagʻishlangan 6-seminarni 2026-yil 10-11-iyun kunlari oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Galdagi syeminar ham islom sivilizatsiyasini tadqiq etish sohasidagi dolzarb ilmiy masalalarni muhokama qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, islomning maʼrifatparvarlik, bagʻrikenglik va ilm-fanga chorlovchi gʻoyalarini keng targʻib etishga xizmat qiladi, albatta.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mushtarak qadriyatlar va ilmiy hamkorlik istiqbollari

Shu kunlarda Oʻzbekistonda mehmon boʻlib turgan Indoneziyaning “Nahdlatul ulamo” tashkiloti huzuridagi Lembaga Pendidikan Tinggi Nahdlatul …