Home / XALQARO YANGILIKLAR / Markaz faoliyati – Indoneziya OAVda

Markaz faoliyati – Indoneziya OAVda

Indoneziyaning nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri – Kalimantan Post gazetasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

Unda “Nahdlatul ulamo” tashkiloti huzuridagi (Lembaga Pendidikan Tinggi Nahdlatul Ulama – LPTNU) oliy taʼlim kengashi delegatsiyasining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrifi, uchrashuv davomida muhokama qilingan ilmiy hamkorlik istiqbollari hamda qoʻshma tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar, taʼlim va maʼrifiy loyihalarni rivojlantirish masalalari keng yoritilgan. Shuningdek, Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari alohida taʼkidlab oʻtilgan.

Maqolada Imom Buxoriy majmuasi, ziyorat turizmini rivojlantirish, shuningdek, “Umra plyus Oʻzbekiston” dasturi doirasidagi rejalar ham qayd etilgan boʻlib, bunday tashabbuslar ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy, maʼnaviy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Indoneziya ommaviy axborot vositalarida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yoritilgani, buning sirasida yurtimizdagi maʼnaviy-maʼrifiy yangilanishlar haqida soʻz yuritilgani Markazning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan, shuningdek, Indoneziya jamoatchiligi, xususan, akademik doiralarida Oʻzbekiston tajribasiga qiziqish va biz bilan hamkorlikka ishtiyoq kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hindistonda Qur’on va fan “muloqoti”

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan “Qur’on va fan” mavzusidagi III xalqaro konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy …