(Bir hadis sharhi)
Inson tabiati shundayki, boshiga musibat tushsa, undan badbaxt odam yoʻqdek, yaxshilikka erishaversa, undan baxtli yoʻqdek tuyuladi. Musibat chogʻida umidsizlikdan gʻamga botsa, omadi chopganda bosar-tusarini bilmay qoladi.
Muqaddas dinimiz odamlarga hech bir holatda tushkunlikka tushmaslik va noshukr boʻlmaslikni uqtiradi. Insonni shu ikki keskinlik orasida muvozanat saqlashga chaqiradi. Yoʻgʻida sabr, borida shukr qilishni oʻrgatadi. Chunki musibat ham, neʼmat ham sinovdir. Sabr bilan oʻtkazilgan musibat insonni yuksaltirsa, shukr bilan qabul qilingan neʼmat uni asraydi. Ana shu ruhiy barqarorlik pirovardida haqiqiy xotirjamlik va kamolotga olib boradi.
عَنْ صُهَيْبٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم -” عَجَبًا لأَمْرِ الْمُؤْمِنِ إِنَّ أَمْرَهُ كُلَّهُ خَيْرٌ وَلَيْسَ ذَاكَ لأَحَدٍ إِلاَّ لِلْمُؤْمِنِ إِنْ أَصَابَتْهُ سَرَّاءُ شَكَرَ فَكَانَ خَيْرًا لَهُ وَإِنْ أَصَابَتْهُ ضَرَّاءُ صَبَرَ فَكَانَ خَيْرًا لَهُ “.
Suhaybdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻminning ishi ajoyib-da! Har bir ishi yaxshilikdir. Bu faqat moʻmingagina xosdir. Xursandlik nasib etsa, shukr qiladi va bu uning uchun yaxshilik (savob) boʻladi. Boshiga qiyinchilik tushsa, sabr qiladi va bu (ham) uning uchun yaxshilik boʻladi”, dedilar” (Muslim rivoyati).
Sabr Alloh taolo buyurib, targʻib qilgan eng fazilatli xulq va ulugʻ xislatlardan biridir.
Mazkur hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam moʻmin kishining ishi va shaʼnini ulugʻmoqdalar. Moʻminning har qanday holati yaxshilik ekani va bu faqat moʻminga xosligini eslatmoqdalar.
Moʻmin-musulmon kishi hayotda uchraydigan har qanday holatga – u xoh quvonch boʻlsin, xoh qiyinchilik – imon nuqtayi nazaridan yondashadi. Shu sababli uning hayotida “zarar” degan holat mutlaqo boʻlmaydi. Har qanday voqea uning uchun foyda boʻlib kelaveradi.
Allohning qazoi qadarida har bir inson ikki toifadan biriga – moʻmin yo gʻayrimoʻminga – kiradi. Moʻmin kishi ilm, solih amal kabi diniy hamda mol-mulk, farzand, oila kabi dunyoviy neʼmatlar bilan taqdirlansa, Allohga shukr qiladi. Shu neʼmatlardagi Allohning haqqi va oʻziga taqdir qilingan ulushni biladi. Shu sababli toat-ibodatga va minnatdorligu shukronalik bilan Allohga yaqin boʻlishga harakat qiladi. Oxirati uchun ajr oladi. Bundan tashqari neʼmat sababli qalbidagi quvonchni ham his qiladi.
Allohning haqqi shuki, moʻmin Uning neʼmatidan ilmi bilan ziyo tarqatadi, molidan zakot beradi, ehson qiladi, ahli oilasini birovning qoʻliga qaratib qoʻymaydi, solih amallari bilan oʻrnak va ibrat boʻladi. Oʻz ulushi esa, isrofga yoʻl qoʻymaslik, manmanlik qilmaslik, moddiy-maʼnaviy rizq oʻz aqli va uddaburonligidan emasligi, balki Roziqning inʼomi ekaniga iqror boʻlishdir.
Shu bilan birga, faqirlik, bemorlik, kulfat, qiyinchilik kabilar boshga tushganda, Allohning sinovi deb sabr qilish ham imon alomati boʻladi. Bunday chogʻlarda moʻmin faqat Allohdan yengillik kutadi va ajr umid qiladi.
Umuman olganda, hayotda inson turli sinovlarga duch keladi. Masalan, ish joyida muammolar boʻladi, moliyaviy-iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keladi, oilaviy kelishmovchiliklar roʻy beradi, adolatsizlik yo tanqidlarga duch kelinadi. Moʻmin bunday paytda sabr qilish orqali oʻzini ham, atrofidagilarni ham koʻp balolardan asrab qoladi. Sabr uni gʻazab va shoshma-shosharlik bilan qabul qilinadigan notoʻgʻri qarorlardan saqlaydi. Bu esa jamiyatda, jamoalarda, oilalarda tinchlik, barqarorlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlaydi. Negaki, alamli gʻazab va qaynoq jazava chogʻidagi lahzalik sabr koʻp yillik pushaymondan afzaldir.
Ana shunday sabr moʻmin uchun yaxshilik boʻladi. Chunki buning uchun savob oladi va Haq taoloning “Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, toʻliq berilur” (Zumar surasining 10-oyati) degan vaʼdasiga muvofiq, ajri hisob-kitobsiz taqdim etiladigan sabrlilarning mukofotiga erishadi.
Shu tariqa moʻminning barcha ishlari oʻzi uchun yaxshilik boʻlaveradi. Bu imonning samarasidir. Alloh moʻminga nimani taqdir qilgan boʻlsa, yaxshilik hisoblanaveradi. U gohi kutilmagan joydan neʼmat bilan, gohi musibat bilan keladi. Alloh taolo Baqara surasining 216-oyatida nima deganiga eʼtibor bering: “Balki siz yoqtirmagan narsa (aslida) oʻzlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) siz uchun yomon boʻlib chiqar. Alloh bilur, siz esa bilmaysiz”. Niso surasining 19-oyatida esa, “Balki siz yomon koʻrgan narsada Alloh (siz uchun) koʻpgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”, degan.
Inson yaxshilikning qay vaqt va qay tarzda kelishini – u sururmi yo musibatmi – bilmaydi. U Yaratganning irodasidir. Alloh bizga oʻzimizdan ham, ota-onamizdan ham, boshqalardan ham mehribonroq, shuning uchun biz uchun nimaning yaxshi-yu nimaning yomonligini biladigan Zotdir. Imon keltirganda, Allohning Oʻzi, keyin farishtalari, kitoblari, rasullari qatorida taqdirdagi yaxshi-yomon ham tilga olinishi mana shundandir. Yaʼni, chin moʻmin taqdiridan nolimaydi.
Allohning qazo va qadariga imon keltirish moʻminni barcha holatlarida toʻliq rozilikda ushlab turadi. Buning aksi oʻlaroq, gʻayrimoʻminga biror zarar yetsa, doim norozi va gʻazabnok boʻladi. Lekin Alloh neʼmat bersa, shukr qilmaydi-da, oʻzi erishganini daʼvo qiladi, hatto maʼsiyat (gunoh va isrof) yoʻlida sarf qilishga boradi.
Yuqoridagi hadisda imonga targʻib va moʻmin inson doimo yaxshilikda boʻlishining bayoni bor. Shuningdek, musibat va qiyinchiliklarga sabr qilishga chaqiriq oʻrin olgan. Boshingizga musibat tushganda, oʻzingizni sabrli, Allohdan ajr umid qiluvchi, yengillikni faqat Undan kutib turgan holda koʻrsangiz, bilingki, bu imon alomatidir. Aksi boʻlsa, oʻzingizni malomat qiling, yoʻlingizni toʻgʻrilang va tavba qiling!
Shuningdek, u hadisda farovonlik va neʼmat uchun shukr qilishga targʻib bor. Inson neʼmatlar uchun shukr qilar ekan, bu Alloh bergan tavfiq va neʼmatlarning ziyoda boʻlishiga sababdir. Ibrohim surasining 7-oyatida bunday deyilgan: “Qasamki, (neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”.
Binobarin, islom insonni hayot uchun ham, jamiyat uchun ham manfaat keltiradigan shaxs boʻlishga chorlaydi. Qiyin paytda sabrli, farovon paytda kamtar va shukrli boʻlishni oʻrgatadi. Shunday fazilatlarga ega insonlar koʻpaygan jamiyatda adovat kamayib, uning oʻrnida ishonch, birdamlik va maʼnaviy sogʻlom muhit shakllanadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





