Home / FOTO LAVHALAR / Mushtarak qadriyatlar va ilmiy hamkorlik istiqbollari

Mushtarak qadriyatlar va ilmiy hamkorlik istiqbollari

Shu kunlarda Oʻzbekistonda mehmon boʻlib turgan Indoneziyaning “Nahdlatul ulamo” tashkiloti huzuridagi Lembaga Pendidikan Tinggi Nahdlatul Ulama (LPTNU) — oliy taʼlim kengashi delegatsiyasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi. Mazkur tuzilma 200 ga yaqin xususiy universitet faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idora boʻlib, oʻz faoliyatida moʻtadillik va bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan “Arxipelag islomi” (Islam Nusantara) konsepsiyasini ilgari suradi. Bu — islomning sof mohiyatini saqlagan holda, uni mahalliy madaniyat va urf-odatlar bilan uygʻunlashtirish demakdir. Bunday yondashuv radikalizmga qarshi eng kuchli qalqon hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy aloqalar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, oʻtgan yili Oʻzbekiston delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi doirasida “Nahdlatul ulamo” rahbariyati bilan oʻtkazilgan muloqotlar amaliy sheriklik uchun muhim poydevor boʻlgan edi. Bugungi javob tashrifi shu muloqotning mantiqiydavomidir. Jakartada uchrashuvlarida Imom Buxoriy merosini birgalikda oʻrganish va taʼlim sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlsa, bu galgi musohaba muloqotlarni izchillashtirish yoʻlidagi qadam sifatida baholandi.

LPTNU oʻz tarkibidagi OTMlarni Markaziy Osiyodagi ilmiy markazlar bilan yanada yaqinlashtirishni maqsad qilgan.

Indoneziyaning turli oliy taʼlim muassasalari rektorlari hamda taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlardan iborat delegatsiyaga Markaz muzeyi va ekspozitsiyalari namoyish etildi, Imom Buxoriy merosi, shuningdek, Markazning ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik yoʻnalishlaridagi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrif doirasida oʻtkazilgan davra suhbati chogʻida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Xususan, qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro simpozium va konferensiyalar tashkil etish, LPTNU tarkibiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash, shuningdek, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida hamkorlik oʻrnatish istiqbollari muhokamalar markazidan oʻrin oldi.

Muloqot davomida Oʻzbekistonda joriy etilayotgan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi va uning doirasida shakllanayotgan akademik turizm imkoniyatlari alohida eʼtirof etildi. Bu yoʻnalish taʼlim, maʼnaviyat va madaniy almashuvni uygʻunlashtiruvchi samarali platforma sifatida baholandi.

Delegatsiya rahbari, LPTNU Bosh kotibi Muhammad Fayshal Aminuddin bildirilgan takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilib, Markaz bilan taʼlim va ilm-fan sohasida uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar oʻzaro muloqotni davom ettirish, aniq loyihalar asosida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilm va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan xalqaro muloqot

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Lagʻuat shahrida …