Home / FOTO LAVHALAR / Xilma-xillik sharoitidagi hamjihatlik — taraqqiyot manbai

Xilma-xillik sharoitidagi hamjihatlik — taraqqiyot manbai

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Leybnis nomidagi Zamonaviy sharqshunoslik markazi (Germaniya) ilmiy xodimi Leyla Almazova tashrif buyurdi. Mehmon Markaz muzeyi va ekspozisiyalari bilan atroflicha tanishtirilib, unga yurtimizda islom sivilizatsiyasi, ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tashrif davomida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashuv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan 2019 yil aprel oyida o‘zbek va nemis islomshunos olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikka tamal toshi qo‘yilgani mamnuniyat bilan alohida qayd etildi. O‘shanda O‘zbekiston delegatsiyasining Leybnis markaziga tashrifi chog‘ida germaniyalik hamkasblarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, xususan, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash, turli konfessiyalar vakillarining o‘z e’tiqodini erkin ado etishi uchun yaratilgan huquqiy va amaliy shart-sharoit haqida atroflicha ma’lumot berilgan edi.

Muloqotda O‘zbekistonda etnik va diniy xilma-xillik jamiyatning muhim boyligi ekani, u xalqning yaratuvchanlik salohiyatini oshirishi va jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlashi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar vakillarining tinch-totuv yashashi ta’minlanayotgani, bu boradagi tajriba xalqaro miqyosda ham e’tirof va qiziqish uyg‘otayotgani qayd etildi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro ilmiy muloqotni davom ettirish, joriy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashdan mushtarak manfaatdorlikni izhor etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

TASAVVUF TARIXINI TADQIQ ETISHDAGI YANGI YONDASHUV VA USLUBLAR

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …