XXI asr keskin burilishlar davri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Globallashuv, iqlim o‘zgarishlari, ijtimoiy tarmoqlarning jadal rivojlanishi, sun’iy intellekt, madaniy almashuvlar har bir jamiyat hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois jamiyatning ma’naviy-axloqiy poydevorini mustahkamlash muammosi bugungi kunning eng muhim, dolzarb masalasiga aylanib bormoqda. Negaki, uning barqarorligi va taraqqiyoti ko‘p jihatdan o‘zaro ishonch, adolat, halollik kabi qadriyatlarga bog‘liqdir.
Milliy urf-odatlarga sodiqlik, samimiyat, ochiqlik, mas’uliyat kabi fazilatlar jamiyat hayotining barcha sohalarida, xususan ta’lim, iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy hayot, madaniyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, iqtisodiy sohaning bir bo‘g‘inini oladigan bo‘lsak, tadbirkor sherigini, investorni aldamasa, sotuvchi tarozidan urmasa, shuning o‘ziyoq o‘zaro ishonch va hurmatni oshiradi.
Halollik ichki, axloqiy fazilat bo‘lib, u rostgo‘ylik, vijdonlilik, adolatparvarlik va mas’uliyat kabi sifatlarni qamrab oladi. U bilan qalb xotirjam bo‘ladi, jamiyat osoyish topadi. Halollik ustuvor bo‘lgan joyda halovat, fayz-baraka bo‘ladi.
Islom dini halol rizq topishni targ‘ib etadi va bu eng to‘g‘ri yo‘ldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol rizq izlash har bir musulmon uchun vojibdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Afsuski, bugun tijoratda ham, mansabda ham halollik tushunchasini chetga surib qo‘yuvchilar yo‘q emas. Undaylar katta mol-u davlatga ega bo‘lishi mumkin, lekin rohatini ko‘rmaydi. Chunki xotirjamligini yo‘qotadi. Eshik “tiq” etishidan ham cho‘chiydi, fosh bo‘lib qolishdan hadiksirab yashaydi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi, 29-oyat). Ushbu oyat insonlarni o‘zganing moliga ko‘z olaytirishdan, rizqiga harom aralashtirishdan, nohaq yo‘llar bilan boylik orttirishdan qaytarmoqda.
Jamiyatda halollik muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, unday inson, avvalo, o‘z mehnati bilan yashashga intiladi. Qonun va axloqiy me’yorlarga amal qilib, boshqalarning huquq va manfaatlarini hurmat qiladi. Halollik insonni mustaqil fi krlashga, vijdonan qaror qabul qilishga undaydi.
Jamiyatning har bir sohasida halollik ustuvor bo‘lsa, fuqarolar, avvalo, davlatga ishonch bilan qaraydi. O‘zaro ijtimoiy munosabatlar shaff of bo‘ladi, jamoatchilik nazorati samarali bo‘ladi. Aksincha, halollik qadrsizlangan jamiyatda beqarorlik, ishonchsizlik va adolatsizlik kuchayadi.
Zamonaviy iqtisodiyot ham shaff ofl ik va halollik ustiga qurilgan bo‘lib, halol raqobat, adolatli soliq tizimi va qonuniy tadbirkorlik iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Lekin jamiyatda halollik yo‘qolsa, u yerda bu fazilatning ziddi bo‘lgan korrupsiya avj oladi. Bu zamonaviy jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladigan eng katta ijtimoiy-iqtisodiy illatlardan biridir.
Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat huquqiy choralargina emas, balki ma’naviy yondashuv, odob va tarbiya ham muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun bu borada halollik asosiy vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun insonda immunitet shakllangan bo‘lishi kerak. Halollik immuniteti inson qalbiga biror dori yoki nina bilan emas, balki iymon nuri orqali o‘tib, uning vijdonini poklaydi. Bu esa umumiy ma’noda insoniylik tushunchasi bilan ifodalanadi.
Iymonli inson insofl i bo‘ladi. Bu fazilat ham jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqimizning “Insofi borning barakasi bor” degan naqli bejiz paydo bo‘lmagan. Insofl i odam yon-atrofi da bo‘layotgan yaxshi-yomon voqea-hodisalarga, yordamga muhtoj insonlarning muammolarini bartaraf etishga befarq bo‘lmaydi. Bunday holatlarni ko‘rganda, vijdoni tug‘yonga keladi, qanday bo‘lmasin, ularni bartaraf etishga harakat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lgan Ammor insof haqida bunday degan: “Uch xislatni o‘zida mujassam qilgan kishining iymoni mukammal bo‘ladi:
- insof va adolatli bo‘lmoq;
- barchaga salom bermoq;
- kambag‘allikda ham sadaqa berib turmoq.
Demak, insonning halol, vijdonli, insofl i bo‘lishi jamiyat islohiga xizmat qiladigan ichki axloqiy fazilat ekan.
Xulosa qilib aytganda, halollik zamonaviy jamiyatning mustahkam poydevori hisoblanadi. U shaxs kamoloti, ijtimoiy ishonch, iqtisodiy barqarorlik va huquqiy davlat qurilishining asosiy omilidir. Shunday ekan, har bir inson jamiyat ravnaqi uchun o‘z vijdonini poklasa, har ishda “Yaratgan ko‘rib turibdi-ku!” degan tushuncha bilan umr kechirsa, bunday jamiyat faqat va faqat rivojlanadi, yuksaladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





