Home / FOTO LAVHALAR / Markazda viloyat rahbari bilan uchrashuv

Markazda viloyat rahbari bilan uchrashuv

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning Markaz jamoasi hamda Hadis ilmi maktabi ustoz-murabbiylari va talabalari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvni Markaz direktori Shovosil Ziyodov ochib, soʻnggi yillarda Samarqand viloyatida, jumladan, buyuk allomalarimiz xoki mangu qoʻnim topgan muqaddas maskanlarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari, Imom Buxoriy majmuasi atrofida yaratilayotgan zamonaviy ilmiy-maʼrifiy muhit va ziyorat infratuzilmasi haqida maʼlumot berdi. Ushbu ishlar milliy-maʼnaviy merosni asrab-avaylash va keng jamoatchilikka munosib tarzda yetkazishga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar mazmunini boyitish, samaradorligi va taʼsirchanligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Ilm ahlining jamiyat hayotidagi oʻrni, ayniqsa, Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini hayot bilan uygʻun holda targʻib etishning yuksak ahamiyati qayd etildi.

Xususan, jamiyatda sabrsizlik, kaltabinlik, moddiy manfaatni ustuvor qoʻyish bilan bogʻliq ayrim maʼnaviy muammolar mavjudligi qayd etilar ekan, bunday illatlarni bartaraf etishda hadis ilmi va uning tarbiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ekani taʼkidlandi.

– Imom Buxoriy hazratlarining hadislaridagi har bir hikmat inson tafakkurini yuksaltirishga, sabr va masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu merosni xalqqa sodda va tushunarli tilda yetkazish asosiy vazifalarimizdan boʻlishi lozim, – dedi A.Boboyev.

Uchrashuvda maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatda ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari muhokama etildi. Televideniyeda hadislar sharhiga bagʻishlangan dasturlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy tarmoqlarda taʼsirchan va maqsadli kontent orqali jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Asosiy maqsad – oila, mahalla, taʼlim muassasalarida sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada mustahkamlashdan iborat ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, Hadis ilmi maktabi talabalari ishtirokida maktablar va oliy taʼlim muassasalarida maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazish, yosh avlodni milliy va maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi lozimligi qayd qilindi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, jumladan, Imom Buxoriy majmuasining qayta qurilishi va uning Markaziy Osiyo miqyosidagi noyob ilmiy-maʼnaviy maskanga aylangani misolida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu islohotlarni xalqqa xolis va muvozanatli tarzda yetkazish muhimligi taʼkidlandi.

Viloyat hokimiga Markaz ilmiy xodimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, nashr ishi va maʼrifiy faoliyat haqida maʼlumot berildi. Jumladan, hadis ilmiga oid nashrlar adadini oshirish, mavzular koʻlamini kengaytirish, shuningdek, televideniye va raqamli platformalar orqali ilmiy-maʼrifiy materiallarni keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha qator takliflar bildirildi.

Qurʼon va hadis ilmlarini hayot bilan uygʻun holda, xalqqa tushunarli tilda taqdim etish maʼnaviy tarbiya samaradorligini oshirishning muhim sharti ekani taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, buyuk alloma merosini zamonaviy axborot makonida keng targʻib qilish, shu orqali jamiyatda sogʻlom tafakkur va maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan vazifalar belgilandi. Bu yoʻnalishda davlat organlari, ilmiy muassasalar va jamoatchilik oʻrtasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilm ila yuksalgan tamaddun izidan

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Samarqanddagi International School of Finance Technology and Science (ISFT) instituti …