Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan “Qur’on va fan” mavzusidagi III xalqaro konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimlari ham ishtirok etmoqda.

Markaz matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, anjumanda Shvetsiya, Eron, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Kuvayt, Nepal kabi o‘ttizga yaqin mamlakatdan qur’onshunos olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar qatnashmoqda.

Konferensiyaning ochilishida so‘zga chiqqan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, shuningdek, yo‘lga qo‘yilayotgan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi haqida ma’lumot berdi. Movarounnahr ulamolari tomonidan yaratilgan tafsir ilmiga bag‘ishlangan merosning bugungi kundagi dolzarb ahamiyatiga ham to‘xtalib, markaz tomonidan “Tafsiri Samarqandiy”, Imom Moturidiyning “Ta’vilotul Qur’on” asarlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinganini ta’kidladi. Ushbu asarlar sunniy aqida va mo‘’tadil tafakkurni shakllantirishda muhim manba ekani qayd etildi.

Anjuman Qur’oni karimni oliy ma’naviy va ilmiy manba sifatida qabul qilgan holda, tabiiy, gumanitar, ijtimoiy, tibbiyot, muhandislik va texnologiya sohalarida fanlarni ilohiy ta’limot nuqtai nazaridan tadqiq etishga qaratilgan fanlararo yondashuvlarni ilgari surmoqda.

Muhokamalar davomida Mushafi sharif oyatlarini sub’ektiv qarashlar asosida tafsir va ta’vil qilish holatlari tanqidiy tahlil qilinyapti. Xususan, so‘nggi yillarda “faqat Qur’on” shiori ostida shakllanayotgan, sunnatni inkor etishga urinayotgan qur’oniylar deb ataluvchi oqimlarning ilmiy asosdan mahrum g‘oyalari, ularning islomiy bilimlar tizimiga zid jihatlari ochib berildi.

Ishtirokchilar Ibn Hazm, Imom Shofeiy, Imom Suyutiy, Imom Shavkoniy, Imom Zahabiy kabi buyuk ulamolarning sunnatning hujjat ekani haqidagi qat’iy qarashlarini keltirib, islom ilmlarida Qur’on, sunnat va ijmo o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ilmiy asosda ochib berdi. Sunnatni rad etish nafaqat amaliy ibodatlarda, balki aqidaviy va axloqiy sohalarda ham jiddiy buzilishlarga olib kelishini qayd etdi va bunday g‘oyalarga qarshi ilmiy-ma’rifiy yo‘l bilan javob berish zarurligini ta’kidlandi.
Konferensiyaning tabiiy fanlar, gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, muhandislik va texnologiyalar, shuningdek, Qur’on va fan metodologiyasi yo‘nalishlaridagi shu’balarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlarining ham ma’ruzalar taqdim etishi ko‘zda tutilgan.
Manba: UzA
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





