Home / MAQOLA / “JIHOD”NING ASL MAʼNO MOHIYATI

“JIHOD”NING ASL MAʼNO MOHIYATI

“Jihod” soʻzi sharʼiy istilohda “Allohning xohishini bajarishga bor kuchini sarflash, harakat qilish” maʼnosini bildiradi. Bundan kelib chiqib, “mujohid” deb Allohning hukmlarini amalga oshirishda bor kuchini sarflaydigan kishiga aytiladi. Qoʻl jihodi – qonunbuzarlikni toʻxtatishga qaratilgan harakat, qalb jihodi – oʻz nafsi bilan kurashish, til jihodi – yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish, soʻz yoki qalam jihodi – diniy targʻibot va maʼrifat tarqatish harakati, dinni turli hujumlardan saqlash va hokazo. Bu maʼnoda jihod – musulmonning barchaga mumkin boʻlgan va ahdga vafo qilgan, oʻzi yashab turgan mamlakat qonunlariga rioya qilgan holda bajarishi lozim boʻlgan shaxsiy ishi va diniy majburiyatidir.

“Jihod” soʻzi lugʻatda inson tomonidan jamiki imkoniyatini ishga solib, harakat qilish maʼnosini anglatadi. Shundan kelib chiqqanda, musulmon odam jihod qilmoqchi boʻlsa, oʻzining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatini Alloh yoʻlida, Uning dini uchun sarflashi lozim. Alohida taʼkidlash lozimki, jihod soʻzi lugʻatda urush maʼnosini anglatmaydi. Bu soʻz arab tilida asosan “qitol” soʻzi bilan ifodalanadi.

Oʻz darsini oʻzlashtirish uchun barcha imkoniyatini ishga solib, harakat qilayotgan tolibi ilm mujtahid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilyapti, deyish mumkin. Sharʼiy masalalarni yechishda bor imkoniyatini ishga solgan yirik olimlar ham mujtahid deyilgan.

Jihod soʻzining lugʻatdagi xususiyatidan kelib chiqib, uning turi ham koʻpaygan. Oʻsha soʻzlar ichida dushmanga qarshi jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan. Ammo oxirgi maʼno boshqalaridan ustun kelib, jihod deganda faqat “qitol” soʻzi tushuniladigan boʻlib qolgan.

Alloh taolo islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan Oʻz paygʻambari Muhammad alayhissalomga Furqon surasida quyidagi oyatni nozil qilgan: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qurʼon) bilan katta jihod qil!”

Demak, Qurʼon bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish maʼnosi yoʻqligini anglash qiyin emas. Islomda jihod, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga soʻz bilan daʼvat qilish maʼnosida yuzaga kelgan.

Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilmogʻingdir”, deganlar.

“Jomeʼul Ahodis” kitobida keltirilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.

Bundan insonning havoyi nafsi aytganiga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi bilan qilgan harakati ham jihod ekani kelib chiqadi. Bunday jihod oddiy emas, balki afzal jihod hisoblanadi.

Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan hadisda bu haqda quyidagicha keltirilgan: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga u zotdan jihodga izn soʻrab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

Demak, ota-onaning xizmati ham jihod boʻlishi mumkin ekan.

Islomning dastlabki oʻn uch yili davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari Makkai mukarramada yuqorida zikr qilingan qitol, yaʼni urush maʼnosi boʻlmagan jihodni olib bordilar.

Oʻsha davrda Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror bir guruh yoki firqa doirasida urush olib bormaganlar. U zotga Makkada zulm qilgan paytda ham biror marotaba sahobalariga Makka mushriklari – shahar hokimlariga qarshi qurolli kurashni boshlash toʻgʻrisida buyruq bermaganlar. Har holda u zotning tarafdorlari yetarli boʻlib, shaharni ikkiga boʻlgan holda chegaralab olishga va shu maqsadda kurash boshlashga qurbi yetar edi.

Shunga qaramay Nabiy sollallohu alayhi vasallam maʼnaviy haqdor boʻlsalar-da, isyon koʻtarmay, Alloh taoloning buyrugʻiga itoat etib, shaharni tark etishni afzal koʻrganlar.

Musulmonlarning urush qilishiga mushriklar va baʼzi ahli kitoblarning islomga qarshi tajovuzi sabab boʻlgan. Shunday ekan, islomdagi jihodning asoslariga murojaat qilamiz. Islomda dastlab adolatsizlik va zararga qarshi kurashish, shuningdek, Quraysh mushriklari musulmonlarni oʻz uyidan quvib chiqarganda va Makkada Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalariga tajovuz kuchayganda ularni daf etish uchun urushga ruxsat berilgan edi. Musulmonlar Makkadan majburan koʻchguniga qadar urush qilishga ruxsat yoʻq edi. Soʻng Alloh taolo moʻminlarga tajovuzni qaytarish va oʻzini himoya qilish uchun jihod qilishga quyidagi oyatlar bilan izn berdi: “Oʻzlariga qarshi urush ochganlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga nusrat berishga qodirdir. Ular nohaqdan, faqatgina “Robbimiz Alloh” deganlari uchun oʻz diyorlaridan chiqarilgandirlar. Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf qilib turmasa, uzlatgohlar, kanisalar, havralar va Allohning nomi koʻp zikr qilinadigan masjidlar vayron qilingan boʻlur edi. Albatta, Alloh Oʻziga yordam berganlarga yordam berur. Albatta, Alloh kuchli va gʻolibdir”[1].

Bu oyatlar Aqaba bayʼatidan keyin, hijrati nabaviyaning ikkinchi sanasidagina musulmonlar oʻzini mudofaa qilishga tayyorlanishi uchun izn sifatida nozil boʻlgan. Bundan oldin urushga ruxsat berilmagan. Chunki Alloh taolo: “Ular nohaqdan, faqatgina “Robbimiz Alloh” deganlari uchun oʻz diyorlaridan chiqarilgandirlar”, demoqda. Bu xabar urushga berilgan izn ortidan kelgan.

Bu oyatlarning nozil boʻlishi gʻayridinlarga nisbatan tinchlik munosabatlarini bekor qilgani yoʻq. Oradagi tinch aloqalar davom etavergan. Faqat tajovuzkor Quraysh kofirlari va ularga oʻxshagan qavmlarga qarshi kurash olib borilgan, xolos. Tinchlik barcha musulmon boʻlgan va boʻlmaganlarning barchasi bilan munosabatlarning asosi boʻlib qolavergan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga koʻchib kelganlaridan keyin tarixda birinchi musulmon davlatiga asos soldilar. Musulmonlar faqat ushbu davlatning doimiy rasmiy armiyasi sifatida oʻziga qarshi zulm qiluvchi dushman qoʻshiniga qarshi jang boshladi. Buni Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madina davlatining hokimiyat rahbari – oliy ulamosi va oliy qoʻmondoni vazifasida boʻlibgina eʼlon qildilar. Shu bilan birga, u zot qattiq intizomni joriy etdilar. Agar biror guruh yoki firqa musulmon davlati rahbari ruxsatisiz jihod eʼlon qiladigan boʻlsa, uni qattiq jazo kutar edi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam qoʻshinni jangga yuborayotganlarida, ularni faqat musulmonlarga qarshilik koʻrsatayotgan, qurol ushlagan dushman bilangina jang qilish lozimligi toʻgʻrisida ogohlantirar edilar. Dinidan qatʼi nazar, dushman zaminida yashayotgan tinch aholini oʻldirish man qilingan edi. Shuningdek, hayvon, ekin va daraxtlarga ziyon yetkazmaslik buyurilar edi.

Jihod haqidagi oyatlardan maʼlum boʻladiki, islomda jihod hukmi sharoitga qarab oʻzgarib turadi. Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa. Talab jihodi hozir yoʻqligiga ulamolar ijmoʼ qilgan. Chunki hozirgi kunda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan va oʻzaro aloqa oʻrnatib, elchixonalar ochgan.

Mudofaa jihodi dushman musulmonlar yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun amalga oshiriladi. Tashqaridan hujum, bosqinchilik va qaroqchilik yuz berganda oʻzini himoya qilish va mudofaa urushi – jihod deyiladi. Yaʼni oʻzi, butun jamiyat va xalqning diniy huquqlarini himoya qilish, shuningdek, Vatani, qarindoshlari, oilasi va mulkini himoya qilish huquqi – shaxsiy huquqdir. Lekin jihod olib borish vazifasi faqat mamlakat hukumati yoki musulmonlarning maʼlum qismi tomonidan (farzi kifoya) yoki alohida lozim boʻlgan holatlarda har bir musulmon tomonidan (farzi ayn) majburiy vazifadir. Islom ulamolari fatvosiga muvofiq jihod eʼlon qilish huquqi faqat davlat rahbariga tegishli boʻlib, bu, oʻz navbatida, mamlakatning yuqori darajadagi olimlari bilan maslahatlashgan holda amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda jihodga chaqirayotganlarning chaqirigʻini hech qanday asosga ega emasligini anglab olish lozim. Zero, men jihod qilaman deb oʻzga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol koʻtarib, ularning tinchligiga raxna solsa va qotillik qilib, halok boʻlsa, shahid emas, balki, johiliyat oʻlimiga giriftor boʻladi. Jihodga targʻib qilayotgan guruhlar va ularga ergashayotganlar kimga xizmat qilayotganini oʻzi ham bilmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim nomaʼlum bayroq ostida jang qilsa va bu yoʻlda oʻldirilsa, demak, u johiliyat oʻlimini topibdi”, deb aytganlar. Yaʼni kimning qoʻlida ekanini, maqsadi qandayligini bilmay jang qilsa va bu yoʻlda halok boʻlsa, u johiliyatda oʻlgandek boʻlar ekan.

Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon boʻlgan oʻlkalarda begunoh insonlarning oʻldirilayotgani holatiga sharʼan ruxsat koʻzi bilan qaramoqda. Bu esa, juda achinarli holdir. Alloh taolo bir moʻmin kishini qasddan oʻldirganlar jahannam azobiga duchor boʻlishi haqida xabar bergan. “Kim bir moʻminni qasddan oʻldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning gʻazabi va laʼnati yogʻilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” *[2]. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu haqda “Dunyoning yoʻq boʻlib ketishi Alloh nazdida bir moʻminning nohaq oʻldirilishidan koʻra yengilroqdir”, deb bu jinoyatning oqibati qanchalar yomon ekaniga ishora qilmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, fitnaga olib boruvchi notoʻgʻri fikrlar tarqalishining oldini olishimiz lozim. Ulamolar dan soʻrab oʻrganmasdan har kimga ishonib qolmasligimiz kerak. Fitna eshigini yopadigan ham, ulardan chiqish kalitini topadigan ham ulamolardir. Shuning uchun ahli sunna val jamoa ulamolari atrofida birlashish lozim. Musulmonlar jamoasi bilan birga boʻlgandagina fitnalar zarar qilmasligi mumkin. Chunki boʻri ham podadan ayrilgan qoʻyga hujum qilganidek, shayton ham musulmon jamoasidan ajralgan kishilarni fitna domiga tortadi.

[1] Haj surasi, 39-40-oyatlar mazmuni
[2] Niso surasi, 93-oyat
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Halollikning qudrati

Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. Oʻzini Ahmad deb tanishtirib, …