Home / MAQOLALAR / OʻZBEKISTONDA MAʼNAVIY ISLOHOTLARNING YANGI BOSQICHI BOSHLANMOQDA

OʻZBEKISTONDA MAʼNAVIY ISLOHOTLARNING YANGI BOSQICHI BOSHLANMOQDA

Xalqimiz azal-azaldan millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bagʻrikenglik, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish tamoyillariga amal qilib kelgan. Bugungi Oʻzbekiston zaminida asrlar davomida koʻplab din vakillari tinch-osuda istiqomat qilgan va hozir ham shunday.

Oʻzbeklar islom diniga eʼtiqod qiladi. Ayni paytda biz bilan yonma-yon yashab kelayotgan slavyan yurtdoshlarimizning ota-bobolari ming yil oldin, balki undan ham avval nasroniylikni qabul qilgan. Buddizm uzoq kushonlar davrida keng yoyilgan edi. Shunga qaramay, tarix bu oʻlkada diniy asosda biror nizo yuz berganini qayd etgan emas. Oʻzbekistonda bugungi avlod ajdodlarning oʻtmishning necha-necha sinovlaridan oʻtgan ana shu asriy anʼanasini munosib tarzda davom ettirmoqda.

Totuvlik va bagʻrikenglik zamirida birinchi oʻrinda maʼrifat yotishini inobatga olib aytadigan boʻlsak, alloma ajdodlarimiz faqat ezgulik gʻoyalarini targʻib etgan. Xususan, Imom Moturidiy “Cherkov va sinagogalarni barbod qilish taqiqlanadi, ulamolar bu borada hamfikrdir, shu vajdan musulmon oʻlkalarida ularga ziyon-zahmat yetmaydi” degan boʻlsa, Abu Lays Samarqandiy “Alloh musulmonlarga dini tufayli ular bilan urush qilmagan va diyoridan quvmagan qavmlarga nisbatan yaxshi va odilona muomalada boʻlishni man etmas”ligini taʼkidlagan. Burhoniddin Margʻinoniy diniy bagʻrikenglikni bunday ifoda etgan: “Musulmon oʻlkalarida cherkov va ibodatxonalar buzilgan boʻlsa, ularni tiklashga izn beriladi”. Maxdumi Aʼzam esa, diniy asosda kelib chiqishi mumkin boʻlgan har qanday ziddiyat va nizoning ildiziga quyidagi fikr bilan bolta urgan: “Dunyoda har xil dinga eʼtiqod qiladigan, turli millatga mansub insonlar yashaydi. Lekin bizga ularning qaysi biri haq yo nohaq ekanini belgilash huquqi berilmagan. Kimni mukofotlash, kimni jazolashni Allohning Oʻzi biladi. Shuning uchun boshqa odamlarning urf-odatlari, anʼanalari, eʼtiqodiga bardoshli boʻling”.

Yurtimizda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 356 diniy tashkilot faoliyat koʻrsatayotgani, ularning 197 tasi noislomiy konfessiyalarga taalluqli ekani bu fikrning yorqin dalilidir. Bu zaminda 130dan ziyod millat va elat vakillari baqamti yashab kelyapti. Hammasining eʼtiqodi har xil. Masjid va madrasalar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bir qatorda, pravoslav va protestantlik seminariyalari, 165 nasroniy tashkilot, 8 yahudiylik, 6 bahaiylik, bitta krishnaitlik jamoasi, bir buddaviylik ibodatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ular oʻrtasida turli darajada aloqalar qaror topgan, peshvolarning diniy bayramlarda bir-birini tabriklashi goʻzal anʼanaga aylangan.

Oʻzbekiston dunyoda diniy ekstremizm va millatparastlik tufayli kelib chiqayotgan nizo va ziddiyatlarni hisobga olgan holda, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini qaror toptirish va mustahkamlash yoʻlidan bormoqda. Bu tinch va osuda hayotni taʼminlashga, diniy eʼtiqodi va millatidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Aslida taraqqiyotning asosi ham jamiyatning osoyishidir. Bunga esa birinchi navbatda bagʻrikenglik orqali erishiladi.

Mamlakatimiz Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni birinchi navbatda ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi saʼy-harakatlar koʻlami va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.

Bagʻrikenglik maʼrifatdan kelib chiqishini inobatga olgan holda, Farmonda dastlab diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi. Bular jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilgʻor mexanizmlarni joriy etish, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimiz maʼnaviy-falsafiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish, odamlar orasida ahillik va birdamlik, oʻzaro ishonch va hurmat ruhini kuchaytirish, mustahkamlash, diniy-maʼrifiy sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish kabilardan iborat.

Bu yoʻnalishlar boʻyicha belgilangan vazifalarni samarali tarzda hayotga tatbiq etish uchun “Bagʻrikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan Mahallalar uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida yangicha hamkorlik tizimi ishlab chiqiladi va yoʻlga qoʻyiladi. Bunda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini izchil amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning vijdon erkinligi borasidagi huquqlarini taʼminlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining oʻzaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qoʻllab-quvvatlash, dinga mansublik asosida ustunlik berish yo kamsitishning, vijdon erkinligi kafolatlarini boshqa har qanday shaklda buzishning oldini olish nazarda tutiladi. Yaʼni, bu ishlar endilikda mahalla faollari, huquq-tartibot organlari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari jalb etilgan holda amalga oshiriladi.

Farmonda shu maqsadda diniy-maʼrifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish ham koʻzda tutilgan. Unga binoan, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Raqamli texnologiyalar vazirligi fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish uchun “Haj va Umra yagona portali” va uning mobil ilovasini ishlab chiqadi. Ushbu portal hajga boruvchilarning yagona elektron navbati va umraga ketadigan ziyoratchilarning elektron roʻyxati shakllantiriladigan tizimga aylanadi. Unda vazirlik va idoralar axborot tizimlari integratsiya qilingan va mazkur bu ikki ziyorat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq jarayonlar raqamlashtirilgan boʻladi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlash ham Farmonda belgilangan muhim qarorlardandir. Islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan bu dargoh taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini, yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etadi. U yerda amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarida vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga alohida eʼtibor beriladi. Oʻz navbatida diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, internet tarmogʻida taʼlim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish, talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik izchil davom ettiriladi. Yosh avlodda Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish doimo davlatning diqqat markazida boʻladi.

Shu munosabat bilan, Akademiyaga oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash, malaka oshirish va tajriba orttirish uchun oʻz vakillarini boshqa mamlakatlardagi xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga yuborish, chet eldan malakali mutaxassislarni jalb qilish, oʻz grifi asosida darsliklar, boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr etish huquqlari berilmoqda.

Farmonda koʻzda tutilgan yana bir muhim tadbir Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishdir. Bu muassasa buyuk ajdodimiz va u asos solgan tariqat allomalarining yuksak insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asosda oʻrganish, yosh avlodni bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targʻibot ishlarini olib borish, tasavvuf taʼlimoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, Yetti pir va aziz-avliyolarning boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro maydonda keng targʻib qilish, naqshbandiylikning ezgu gʻoyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan anjuman, konferensiya, koʻrgazma, seminar-trening, tanlovlar va boshqa turdagi madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, tasavvuf taʼlimotining ilmiy asoslangan gʻoyalarini targʻib qilish va ayni paytda soxta tariqatchilikning oldini olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalar bilan shugʻullanadi.

Shu tariqa sof tariqat bilan soxtakorlar oʻrtasidagi barcha farq va tafovutlar ochilib, keng jamoatchilik haqiqat bilan botillikni ajratishda oʻz bilim va malakasini yanada oshirishiga imkoniyat yaratiladi. Aqida, diniy mafkura borasida buzgʻunchi kuchlarga qay tarzda raddiyalar berilib, maʼrifat bilan kurashilayotgan boʻlsa, endi sof tariqatni buzib koʻrsatadigan, undan gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishga urinadigan toifalarga ham zalvorli zarba beriladi.

Joriy yilning aprel oyida Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlandi. Prezident tashabbusi bilan qadim Samarqandda “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Endi yangi Farmon bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muassasa maqomi berilgani alloma bobokalonimiz ruhini shod etadigan yana bir ezgu qaror boʻldi.

Shu munosabat bilan Markaz zimmasiga Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi bilan jamoatchilikni tanishtirish, asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining maʼnaviy poydevorini yaratishda ishtirok etish, islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish, ilmiy-tadqiqot va oʻquv-uslubiy masalalarda, pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirishda diniy taʼlim muassasalariga amaliy yordam koʻrsatish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish kabi qoʻshimcha vazifalar yuklanyapti.

Farmondagi boshqa bir yangilik diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishidir. Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul maslahat organi hisoblanadigan ushbu Kengash Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi va boshqa diniy-maʼrifiy muassasalarning taʼlim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi. Uning asosiy vazifalari sirasiga “Uchinchi renessans – Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulugʻlangan vatanparvarlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy gʻoyalarni aholi orasida keng targʻib etish yoʻnalishlarini belgilash, diniy-maʼrifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur oʻrganib borish, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish, ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish, soha tashkilotlarida toʻplangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribani tahlil etish asosida ulardagi taʼlim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, oʻquv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini taʼminlash, barcha taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar mavzu va yoʻnalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish kabilar kiritiladi.

Farmonning yakuniy qismi eng muhim va dolzarb masalalardan biriga – yurtimizda konfessiyalararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Shu maqsadda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengashi faoliyatini takomillashtirishga qaror qilindi. Bunda avvalo Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish nazarda tutilmoqda. Shu tariqa uning faoliyati bilan jamoatchilikni yanada keng tanishtirish, ilgari surayotgan gʻoyalarini odamlar ongiga chuqurroq singdirish, saʼy-harakatlariga hamyurtlarimizni koʻproq jalb etish, xayrixoh insonlar safini kengaytirish imkoniyatlari yuzaga chiqadi.

Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari boʻyicha davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga soʻrov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqi ham berilyaptiki, bu faqat uning faoliyati samaradorligini oshirishga, kun tartibidagi masalalarga tezkor yechim topishning yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qiladi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etilishi yuzaga keladigan muammolarga joyida yechim topish, masalalarni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish imkonini beradi.

Albatta, bu borada “xalq diplomatiyasi”dan foydalanish ham nazarda tutilganini alohida taʼkidlab oʻtish kerak. Odamlarning boshini qovushtirish, jipsligi va birdamligini oshirish, bir-birini yaxshiroq tanishi, bilishi, shu orqali oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlashini taʼminlashda shaxslararo, jamoalararo munosabatlar muhim ahamiyatga ega. Shuni inobatga olgan holda, Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari oʻrtasida sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish moʻljallanmoqda. Buning samarasi oʻzini uzoq kuttirmasligi aniq.

Shunday qilib, Prezidentimizning mazkur Farmoni Oʻzbekistonda totuvlik va bagʻrikenglik, ilm-maʼrifat va bunyodkorlik gʻoyalari asosida olib borilayotgan keng koʻlamli maʼnaviy islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi, deb aytish uchun barcha asoslar yetarlidir.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor

Check Also

HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR(2-qism)

Hadislarni inkor qilishning diniy hukmi haqida aniq bir xulosaga kelish juda qiyin. Chunki, inkor tushunchasining …