Home / YANGILIKLAR / Yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasi

Yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnoma yurtdoshlarimizni yangi marralar, ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirgani shubhasiz. Negaki mamlakatimiz taraqqiyotini va uning yorqin istiqbolini belgilab beruvchi bu muhim dasturilamal hujjatda davlat boshqaruvini isloh qilish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish hamda islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha muhim vazifalar yaqqol aks etdi. Bu haqda yurtdoshlarimiz o‘z fikrlarini bildirmoqda, murojaatnoma asosida kelgusi besh yilga rejalar tuzmoqda.

– Murojaatnomada ma’naviyat, tarbiya va ijtimoiy birdamlik masalalariga keng o‘rin berilgani alohida e’tiborga loyiq. Chunki iqtisodiyot qanchalik rivojlanmasin, jamiyatda o‘zaro hurmat, adolat va ma’naviy ustunlik bo‘lmasa, barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar, sog‘lom e’tiqod va ilmga asoslangan yondashuvlar jamiyat barqarorligining muhim kafolati sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bu o‘rinda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oldida turgan vazifalar ham yanada oydinlashadi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada mahalla, jamiyat va inson qadri masalalariga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Chunki xalqimiz tajribasida tinchlik va barqarorlik avvalo, yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro hurmat va ma’naviy birdamlikdan boshlanadi. Islomiy ta’limotda ham insonning jamiyatga manfaat keltirishi eng oliy fazilatlar qatorida ulug‘lanadi. Bu g‘oyalar bugungi islohotlarning ma’naviy ildizini tashkil etadi.

Murojaatnoma bizga yana bir muhim haqiqatni eslatdi: davlat islohotlari yuqoridan tushiriladigan shiorlar emas, balki xalq bilan birga bosib o‘tiladigan yo‘ldir. Shu bois ushbu hujjat nafaqat parlament yoki mutaxassislar uchun, balki har bir fuqaro uchun daxldor dastur sifatida qabul qilinmoqda.

Sherzod MAMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining maslahatchisi
Manba: «Zarafshon» gazetasi 149-150 (24.179-24.180)

Check Also

Ahamiyati abadiy maʼnaviy meros

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida XII-XIII asrlar tasavvuf taʼlimotining yirik namoyandasi, ulugʻ mutafakkir Najmiddin …