Home / MAQOLA / HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR(3-qism)

HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR(3-qism)

Sahobalarning Qurʼon va hadislarni keyingi avlodlarga etkazishda va Islom madaniyatining shakllanishida muhim roli bor. Ularning Qurʼon bilan bogʻliq vazifalaridan biri, Qurʼonni darhol toʻplab, kitob shakliga keltirish, ikkinchisi esa, Qurʼonni toʻgʻri tushunishni taʼminlash boʻlgan. Paygʻambar (a.s.)ning vafotidan keyin, Abu Bakrning xalifaligi davrida, Qurʼoni karim ikki muqova orasida toʻplanib, kitob shakliga keltirilgan. Bu juda muhim voqeani amalga oshirgan sahobalar, ikkinchi vazifalari sifatida, Qurʼonni sogʻlom tushunishda keyingi avlodlarga yordam bergan. Chunki, sahobalar, vahiyning tushgan sharoitlarini bilish, oyatlarning tushish sabablarini kuzatish va Qurʼonning jonli namunasi boʻlgan Paygʻambarni koʻrish kabi muhim afzalliklarga ega edilar. Shu boisdan, keyingi avlodlar, Qurʼonni tushunishda doimo sahobalarni oʻlchov va namuna sifatida olganlar.

Sahobalarning ikkinchi muhim roli, Paygʻambar (a.s.)ning soʻz va amallarini kelajak avlodlarga etkazish boʻlgan. Biz bilan Paygʻambar (a.s.) oʻrtasidagi bogʻlanishning birinchi halqasini ular tashkil qiladi. Birinchi hijriy asrning oxirlariga kelib, ichki urushlardan soʻng, hadisda isnod qoʻllanilishi boshlanganda olimlar roviylarning ishonchliligini tekshirish zaruratini his qilganlar[1]. Bir muddat oʻtgach, roviylarning holatini oʻrganuvchi ilmur rijol deb atalgan ilm shakllana boshlagan va tez orada tizimlashgan[2]. Hadis roviylarini oʻrganish masalasi koʻtarilganda, sahobalar bu tadqiqotdan tashqarida qoldirilgan. Tobein va keyingi olimlar, sahobalarning adolatida fikr birligiga kelganlar, ularning jarh va taʼdil jihatidan oʻrganilishini keraksiz deb koʻrganlar[3]. Ibn Hajar (vaf. 852), bu holatni “Sahobalarning barchasi adolatli ekanida ahli sunnat ittifoq qilgan”, deb taʼkidlagan.

Sahobalarning adolatli ekani masalasida baʼzi bidʼat guruhlaridan tashqari ixtilofga tushganlar boʻlmagan[4]. Ammo, undan ancha oldin Xatib Bagʻdodiy (vaf. 463-y.) bu masalani batafsil koʻrib chiqib, sahobalarning adolati haqida shunday degan: “Paygʻambar (a.s.)dan to oxirgi roviygacha isnodi muttasil boʻlgan bir hadis bilan amal qilish, faqat barcha roviylarining adolatli ekani aniq boʻlsa mumkin boʻladi. Ularning holatini har jihatdan oʻrganish zarur boʻlsa-da, hadisni Rasulullohga nisbat bergan bir sahobaning holati oʻrganilmaydi. Chunki, sahobalarning adolatli ekani, Allohning ularning adolatli ekanini bildirishi, pok insonlar ekanini xabar qilishi va ular haqida oyatlar tushirishi bilan aniq boʻlgan”[5].

Birinchi asrda paydo boʻlgan va birinchi fitnalar deb atalgan Jamal (36/656) va Siffin (37/657) urushlariga qatnashgan boʻlsalar ham, sahobalarning adolatidan shubha qilinmagan[6]. Olimlar, sahobalarning adolatini Qurʼon[7], hadis[8] va ijmo[9]ga asoslantirganlar. Hadis tanqidchilari ham roviylarning holatini oʻrganishni zarur deb bilgan holda, sahobalarni tanqid qilishdan qochganlar va ularni hech qanday yomon sifat bilan yodga olmaganlar va ularga yolgʻonchilikni nisbat bermaganlar[10].

Paygʻambar (a.s.)ning vafotidan keyin sahoba davri boshlangan. Bu davr, hadischilarning fikriga koʻra, hijriy 110-yilgacha davom etgan. Bu davrning boshlangʻich yillari, ayniqsa uchinchi xalifa Usmonning xalifaligigacha, odamlarning sahobalarga nisbatan ishonch hissi bor boʻlgan davrdir. Ammo, Hazrati Usmonning xalifaligi bilan bu holat oʻzgargan. Hazrati Usmonning 12-yillik (23-35 hijriy) xalifaligining birinchi olti yili muammosiz oʻtgan boʻlsa-da, oxirgi olti yili ichki nizolar davri boʻlgan. Baravarlikda ortib borayotgan ichki notinchlik bir inqilobga aylangan va Hazrati Usmonning oʻldirilishi bilan yakunlangan[11].

Hazrati Usmonga qarshi yuritilgan inqilob harakati biz uchun ikki jihatdan muhimdir. Birinchisi, birinchi marta bir sahobiy jiddiy tarzda tanqid qilingan. Ikkinchisi, birinchi marta bir sahobiy fuqarolik inqilobi natijasida oʻldirilgan.

Hazrati Usmonning amallaridan norozi boʻlgan bir guruh musulmon yashirincha yigʻilib, Usmonning “katta xatolar qilganiga, Allohdan qoʻrqib tavba qilishi va xalifalik maqomini tark etishi kerakligiga” qaror qilganlar[12]. Bu holat, bir sahobiyning sahobiy boʻlmaganlar tomonidan tanqid qilinishiga birinchi jiddiy misoldir. Tanqidlar quyidagi nuqtalarda toʻplangan:

  • Qurʼonni jamlatgandan keyin musʼhaflarni yoqtirishi;
  • safarda namozni qisqartirmasdan oʻqishi;
  • oʻzini Rasulullohdan ham ustun koʻrishi, Abu Bakr va Umarni past darajaga olishi;
  • Badr va Rizvon bayʼatida qatnashmasligi, Uhud jangidan qaytishi[13].

Bu tanqid nuqtalari Hazrati Usmon uchun toʻgʻri boʻlmasa ham, bir sahobiyning sahobiylik maqomiga qaramay tanqid qilinganini ochiq-oydin koʻrsatmoqda.

Hazrati Usmonning oʻldirilishidan keyin, 36/656-yilda Hazrati Ali bilan Hazrati Oisha oʻrtasida Jamal jangi, 37/657-yilda esa Hazrati Ali bilan Hazrati Muoviya oʻrtasida Siffin jangi boʻlgan[14]. Bu janglarda ichida koʻplab sahobiylar ham boʻlgan minglab odam oʻldirilgan.

Ikki yil ichida sodir boʻlgan bu voqealar, keng musulmon ommasi orasida fikriy boʻhronlarga olib kelgan. Janglarda ishtirok etgan va bir-biriga qilich koʻtargan sahobiylarning diniy holati muhokamaga ochilgan.

Siyosiy va eʼtiqodiy toʻlqinlar natijasida paydo boʻlgan birinchi mazhablar ham bu bahslarda oʻz oʻrinlarini egalladi. Bu mazhablarning birinchisi va eng shafqatsizi Ilk xorijiylar (Xavorijul uvlo) edi. Ilk xorijiylar sahobalarni yomonlash bilan cheklanmay, ularni kufrda ayblaganlar[15].

Bu siyosiy platformada paydo boʻlgan Rofiziylar (ayniqsa Gʻuloti Rofiza) ham Xorijiylar kabi harakat qilib, sahobalarning katta qismini kufrga tushganini eʼlon qilganlar[16].

Baʼzi zindiqlar ham toʻgʻridan-toʻgʻri Paygʻambar (a.s.)ga yoʻnaltira olmagan tanqidlarini sahobalarga yoʻnaltirish orqali amalga oshirganlar[17].

Baʼzi bidʼat guruhlari esa, sahobalarning urush yillarigacha boʻlgan holatlarini odil deb qabul qilganlar, urushlardan keyingi holatlari boʻyicha ularni ham boshqa roviylar kabi oʻrganishga tegishli deb aytganlar.

Avval ham taʼkidlaganimizdek, sahobalar, Paygʻambar (a.s.)ning soʻz va amallarini bizgacha etkazgan zanjirning birinchi halqasidir. Bu birinchi halqa, ayniqsa hadis rivoyati nuqtai nazaridan juda muhimdir. Chunki, ular boshqa roviylar kabi boʻlmay, hadislarni bevosita manbaidan eshitganlar. Agar, soʻzni manbaidan birinchi eshitganning ishonchliligi shikastlansa, manba ishonchli boʻlsa ham, naql qilinganning toʻgʻriligi haqida shubha paydo boʻladi. Bu, toʻgʻridan-toʻgʻri hadisning avtoritetining silkinishi maʼnosini anglatadi. Chunki, keyingi halqada joylashgan bir roviy jarh qilinsa, adolat sifatiga ega boshqa bir roviyni topish mumkin, ammo, sahobalarning toʻliq adolat sifati olib tashlanganda, shu tabaqadan boshqa bir adolatli roviyni topish imkonsiz boʻladi. Bu ham toʻgʻridan-toʻgʻri hadislarni rad etish maʼnosini anglatadi.

Tarixda ham shunday boʻlgani kuzatiladi. Bu holatni birinchi aniqlaganlardan biri Suyutiy (vaf. 911-y.) boʻlgan. “Miftahul janna” asarida rofiziylarning hadislarni inkor qilish sababi haqida shunday deydi: “Rofiziylarning gʻaroyib ishlaridan biri ham sahobalarni adashgan deb qabul qilishlari va adashgan odamlarning rivoyatlari boʻlgani uchun hadislarni rad qilishlaridir”[18].

Xuddi shu holatni zamonaviy Gʻarb tadqiqotchilaridan Uott ham bunday bayon qiladi: “Rofiziylarning asosiy doktrinasining tabiiy natijasi ham shunday edi: Islomda maxsus maqomga ega boʻlgan sahobalarning koʻpchiligi, Paygʻambarning vafotidan keyin Alini xalifa sifatida tan olmaganliklari uchun Paygʻambarning buyrugʻiga itoat qilmagan edilar. Shuning uchun, uning hadislarini naql qilishga loyiq odamlar emas edilar. Rofiziylar, shu tariqa, shariat yoki islom huquqining asosi boʻlgan hadisning nozik tuzilishini, shuningdek, hadischi va huquqshunos olimlar sinfining rivojlanayotgan taʼsir va kuchini portlatib yuborishgan”[19].

Rofiziylar kabi, xorijiylar haqida ham xuddi shu narsalarni aytish mumkin. Tahkim voqeasidan keyin paydo boʻlgan bu guruh, barcha sahobalarni takfir qilgan. Shu bilan birga, bu sahobalarning qilgan naqllarini ham qabul qilmaganlar.

Shialar ham, ahli baytdan tashqaridagi sahobalarni odil deb hisoblamaganlari uchun faqat ahli bayt yoʻli orqali kelgan rivoyatlarni qabul qilganlar.

Bugungi islom dunyosi, ilmiy, madaniy va sivilizatsiya sohasidagi kabi tashqi kuchlarning gegemonligi ostiga kirib, degradatsiya/inqiroz jarayonlarini boshdan kechirgan va hali ham kechirmoqda. Uzoq yillar davomida butun islom olamida bosqinlar sodir boʻlgan. Bu bosqinlar faqat jismoniy boʻlib qolmay, shuningdek diniy, axloqiy, ilmiy va madaniy jihatdan bir qator aralashuvlar orqali modernizmning hukmron boʻlishiga harakat qilingan. Islom dunyosiga modernizm va modernist oqimlarning taʼsiri mavjud. Bu doirada musulmon aholiga ega boʻlgan mamlakatlar, dindan uzoqlashtirishga harakat qilingani kabi, diniy/axloqiy jihatdan buzishga harakat qilingan. Shuning uchun mustashriqlar bu vayronchilik va degradatsiyani amalga oshirish va tezlashtirish uchun vazifalangan. Hatto bu nuqtada islom dunyosi orqada qolishining sababi Islom dini ekanini va shu sababli isloh qilinishi kerakligini singdirishga harakat qilishgan. Buning natijasi sifatida ham islom dinini qisqartirish uchun sunnatsiz Qurʼon musulmonchiligi shiorini ham olgʻa surishgan. Sunnat va paygʻambar chetga chiqarilganda amalga oshirmoqchi boʻlgan reja va loyihalarini juda osonlik bilan hal qilishlari mumkin boʻladi. Qurʼonning maʼno jihatdan tahrif qilinishi osonlashadi. Hadisga qarshi boʻlganlarning himoya qilganlarining muhim qismi, mustashriqlarning daʼvolari bilan deyarli bir xil keladi. Afsuski, mahalliy baʼzi himoyachilar, mustashriqlarning vakillari kabi harakat qilib, ulardan qolishmaydi.

Islom jamiyati tarix davomida risolatning boshlanishidan boshlab Paygʻambar (a.s.)ning avtoritetini parchalamasdan bir butunlikda qabul qilgan; dinning eʼtiqod, ibodat, axloq, muomalot va ahkomiga oid barcha qoidalarini universal bir qadriyat va amal qilinishi/namuna olinishi kerak boʻlgan hayot tartibi sifatida qabul qilgan. Chunki Paygʻambar (a.s.)ning tabligʻ vazifasi, faqat ogʻzaki bayon emas, balki butun hayoti bilan jamiyatga namuna boʻlish vazifasidir. Sunnatni chetga chiqarib, Qurʼonning eʼtiqod, ibodat, axloq va ahkomga oid buyruq va taqiqlarini toʻgʻri tushunish va hayotga tatbiq etish mumkin emas. Masalan, Qurʼonda buyurilgan namozning vaqtlari, oʻqilishi tartibi, zakotning qaysi mollardan qaysi miqdorlarda berilishi, hajning qanday amalga oshirilishi, had va uqubotga oid ahkomning toʻliq qanday qoʻllanilishi Qurʼonda tushuntirilmaydi. Chunki Qurʼoni karim, umumiy va muxtasar tushuntirishlar beradi. Buning barchasini qanday amalga oshirishni va qilishni bizga faqat sunnat oʻrgatadi. Shuning uchun dinning ahkomini oʻrganganimizda deyarli ahkomning 80% ini sunnat tashkil qiladi.

Sunnatni rad etish va uni islomning manbai sifatida qabul qilmaslik, Paygʻambarsiz bir din tasavvur qilish demakdir. Shuningdek, Qurʼonni toʻliq tushunish yoki hayotga tatbiq etish juda qiyin, hatto imkonsizdir. Sunnatning bogʻlovchi emasligini aytganlarning fikrlarini isbotlash uchun olgʻa surgan soʻzlarining hech biri ilmiy haqiqatlar bilan mos kelmaydi. Hammasi nomutanosib, ilmiy asosi boʻlmagan, majburiy va buzib koʻrsatilgan fikrlardan iborat. Aqli raso va samimiy boʻlgan bir musulmonning bu botil fikrlarning ortidan borishi mumkin emas. Sunnat va hadisning oʻz ichida baʼzi muammolar boʻlsa, oʻtmishda boʻlgani kabi bugun ham hal qilish yoʻliga borilishi mumkin. Ammo bunday islomni yoʻq qilish maqsadida hadisni inkor qilib, adashgan yoʻl tutish yaxshi niyat bilan izohlanadigan narsa emas.

Soʻnggi davrlarda modernizmning taʼsiri bilan sunnatni rad etib, faqat Qurʼon bilan kifoyalanish fikri va oqimi avval Hind subkontinentida, keyinchalik ahli Qurʼon oqimi/harakati Misrda oʻzini koʻrsatgan va keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham buning davomi kuzatilgan. Holbuki, islom dini faqat bir manbadan iborat boʻlmay, ikkinchi manba sunnatdir. Tarix davomida ham barcha musulmonlar sunnatning manba ekanligiga, sunnatning qisman vahiy ekanligiga, bogʻlovchiligi va hukm qoʻyish huquqini qabul qilishda hech qanday shubhaga tushmaganlar. Bu ishimizda hadisga qarshi boʻlishning bugungi fitna ekanligi, hadissiz Qurʼon musulmonchiligi shiori bir fantaziya va orzu ekanligi, Paygʻambar (a.s.)ning vakolat doirasi faqat tabligʻdan iborat emasligi, hukm qoʻyish va bayon qilish huquqi borligi, unga bildirilganicha gʻaybni bilishi, birinchi mufassir ekanligi, sunnatning vahiy bilan bogʻliqligi, sunnatning bogʻlovchiligi, sunnatga itoat va ergashish zarurligi, sunnatning dalil ekanligi, hadislarning Paygʻambar (s.a.v) davrlarida yozilganligi, hadisni Qurʼonga taqdim qilishda yomon niyat bilan harakat qilib boʻlmasligi kabi mavzularga toʻxtalib, ilmiy javoblar berilgan.

Natijada, har bir insonning bu dunyo hayotida adashmasdan, hayron qolmasdan yoʻlning oxirigacha toʻgʻri yoʻlda boʻlishi uchun Qurʼon va hadislardan bizga oʻrgatilgan quyidagi duolarni doim oʻqib turishining foydasi bor. Chunki hech kim uchun shayton tomonidan oyoqlarini siljitib yubormasligi kafolati yoʻq ekanligi maʼlum boʻlishi kerak: “(Ey) Robbimiz, bizni hidoyatga etkazgandan keyin qalblarimizni siljitma va bizga oʻz huzuringdan rahmat ato et” (Oli Imron, 3/8). “Oyoqlarimizni sobit qil” (Baqara, 2/250; Oli Imron, 3/147). “Bizni toʻgʻri yoʻlga (siratul mustaqimga) etkaz” (Fotiha, 1/6). “Ey qalblarni holdan holga oʻzgartiruvchi Allohim, mening qalbimni diningda doim va sobit qil!” (Termiziy, Qadar 7; Ibn Moja, Muqaddima, 13).

Hadisga qarshi harakat insonni faqat Qurʼon musulmonligiga, Islom faqat Qurʼondan iborat degan qarashlar hadislarni inkor qilishga va aholi oʻrtasida notoʻgʻri tushunishi holatlariga sabab boʻlgan. Hadisga qarshi muxolifat harakatining yoki hadis inkorchiligiga birinchi harakat hijriy ikkinchi asrda sodir boʻlgan, ikkinchisi esa XIX asrda, madaniyat va sivilizatsiya jihatidan gʻarbning gegemonligi ostida boʻlgan muhitda paydo boʻlgan.  Soʻnggi davrlarda modernizmning taʼsiri bilan sunnatni rad etib, faqat Qurʼon bilan kifoyalanish fikri va oqimi avval Hind subkontinentida, keyinchalik ahli Qurʼon oqimi/harakati Misrda oʻzini koʻrsatadi va keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham buning davomi kuzatiladi.

[1] Koçyigit T. Hadis tarihi. – B. 176-181.
[2] Yucel A. Hadis istilahlarinin doguşu ve gelişimi. – Istanbul: Marmara universitesi ilahiyat fakultesi vakfi yayinlari, 1996.
[3] Suyutiy. Tadribur roviy. – Qohira: 1966. J. II. – B. 214; Ibnus Solah. Ulumul hadis. – B. 264; Ibn Kasir, Abul Fido Ismoil Qurashiy. al-Boisul hasis. – Bayrut: n.y.n. – B. 154; Bagʻdodiy. Kifoya. – B. 93.
[4] Asqaloniy. Isoba. J. I. – B. 10.
[5] Bagʻdodiy. Kifoya. – B. 93.
[6] Navaviy, Muhyiddin Yahyo ibn Sharaf. at-Taqrib. – Qohira, n.y.n. – B. 45; Ibnus Solah. Ulumul hadis. – B. 265.
[7] Sahobalarning adolati haqida nozil boʻlgan oayatlar – Oli Imron, 110; Fath, 18/29; Tavba, 87/88/100; Hadid, 10.
[8] Buxoriy. Fazoil. J. IV. – B. 189; Muslim. Fazoil. 1963-1964; Ibn Moja. Ahkom. J. II. – B. 791; Termiziy. Fitan. J. IV. – B. 500.
[9] Sahobalarning adolati borasida qilingan ijmo haqida qarang: Asqaloniy. Isoba. J. I. – B. 10; Amiriy, Yahyo ibn Abu Bakr. Riyozul mustatoba. – Bayrut: 1974. – B. 12; Ibnus Solah, Abu Amr Usmon ibn Abdurahmon.  Ulumul hadis. – Halab: 1386. – B. 265; Itr, Nuriddin. Manhajun naqd fi ulumil hadis. – Damashq: 1401/1981. – B. 123; Suyutiy. Tadrib. J. II. – B. 214; Ibn Kasir. Bois. – B. 154; Bagʻdodiy. Kifoya. – B. 93.
[10] Amin A. Fajrul islom. – Bayrut: 1969. – B. 216.
[11] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. III. – B. 32.
[12] Tabariy. Tarix. J. IV. – B. 333.
[13] Ibnul Arabiy, Abu Bakr. al-Avosim minal qavoshim fi tahqiqi mavoqifis sahoba. – Qohira: 1387. – B. 61-62.
[14] Kengroq maʼlumot uchun qarang: Ibn Saʼd. J. III. – B. 32.
[15] Kengroq maʼlumot uchun qarang: Bagʻdodiy, Abu Mansur Abdulqohir ibn Tohir. al-Farqu baynal firaq va bayonul firqatin nojiya minhum. – Qohira: n.y.n. – B. 55; Shahristoniy, Muhammad ibn Abdulkarim. Kitobul milil van nihal. – Qohira: 1366/1947. J. 1. – B. 201; Ashʼariy, Abul Hasan Ali ibn Ismoil. Maqolatul islamiyyin va ixtilaful musolliyn. – Weisbaden: 1980. – B. 87; Hayyot, Abul Husayn Abdurrahim ibn Muhammad ibn Usmon muʼtaziliy. al-Intisor var rad ibnir rovandiy al-mulhid. – Bayrut: 1957. – B. 102.
[16] Qarang: Ibn Kasir. Boisul hasis. – B. 155; Ibn Qutayba, Muhammad Kufiy Marvaziy. Taʼlifu muxtalifil hadis. X.Kirbashioʻgʻli tarjimasi. – Istanbul:1979. – B. 100; Ibn Abdulvahhob, Muhammad. Risola fir rad alar rofiza. – Riyoz: n.y.y. – B. 26.
[17] Qarang: Asqaloniy, Ibn Hajar Abul Fazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad Kinoniy. Taʼjilul manfaa bi zavoidi rijalil aimmatil arbaʼa. – Haydarobod: 1324. – B. 235); Abu Gʻudda. Mavzuʼ hadislar. – Istanbul: n.y.n. – B. 28.
[18] Suyutiy. Miftohul janna. – B. 45.
[19] Watt, William Montgomery. Islamic philosophy and theology. – Edinburg: 1962. – B. 53.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (RhD), katta ilmiy xodim

Check Also

Tokio taksisidagi halollik darsi

Yaponiya poytaxti Tokioda bir kishi taksi to‘xtatar ekan til bilmasligi tufayli o‘zi bormoqchi bo‘lgan institut …