Home / MAQOLA / HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR(2-qism)

HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR(2-qism)

Hadislarni inkor qilishning diniy hukmi haqida aniq bir xulosaga kelish juda qiyin. Chunki, inkor tushunchasining anglatgan maʼnosi “kufr yoki kofir” hukmiga yaqindir. Odamlar haqida bunday hukm chiqarish ham Qurʼon nuqtai nazaridan, ham vijdonan qiyin. Shu boisdan hadislarni inkor qilishning hukmini berishda ehtiyotkor boʻlishimiz kerak. Gʻazzoliy (vaf. 505) bu borada bergan ishora biz uchun muhimdir. Unga koʻra, “shohodat kalimasini aytgan va shohodatiga zid kelmagan, bir uzri boʻlsin yoki boʻlmasin Paygʻambar (a.s.)ga yolgʻonni joiz koʻrmagan bir moʻmin takfir qilinmaydi”. Ibn Taymiya (vaf. 728) ham bu borada juda bagʻrikengdir. Unga koʻra, baʼzi xatolar tufayli ummatni takfir qilish toʻgʻri emas. Ayniqsa, ilmiy masalalarda va feʼliy masalalarda qilingan xatolar na kufr, na bidʼat, na fisqdir. Biz ham hadislarni inkor qilish borasida ulamolarning bu fikrlariga tayanamiz. Shuning uchun, “hadislarni inkor qilish” deganda “takfir” yoki “kufr” bilan ayblash kabi maqsadimiz yoʻqligi maʼlum boʻlishi kerak.

Avvalo, hadislarni mutavotir va ohod xabarlar deb ikki kategoriyada koʻrib chiqish kerak. Mutavotir xabarlar, yolgʻon gapirish uchun birlashishlari hech qachon mumkin boʻlmaydigan miqdordagi koʻp sonli roviylar jamoasining, shu miqdordagi boshqa roviylar jamoasidan qilgan naqllaridir[1]. Ohod xabarlar esa, qisqacha taʼriflash kerak boʻlsa, mutavotir darajasiga etmagan xabarlardir[2].

Hadislarni rad etishning hukmi mutavotir va ohod boʻlishlariga koʻra oʻzgaradi. Chunki, mutavotir maʼlumot aniq ilmni ifoda etadi. Masalan, Ibn Hazm (vaf. 457)ga koʻra mutavotir xabar, hissiy idrok (besh his) bilan olingan maʼlumot kabi aniq bir maʼlumot manbaidir[3]. Bojiy (vaf. 476) ham hanafiylarning farz va vojib ajratmalariga eʼtiroz bildirib, paygʻambardan kelgan xabar – bu bilan aniq xabarni nazarda tutgan boʻlishi kerak – Qurʼon nassi bilan bir xil darajada ekanini, chunki har ikkisining manbai vahiy ekanini aytadi[4]. Zotan kalomchilar ham “xabari sodiq” deb atalgan xabar turini his organlari kabi maʼlumot manbalari sifatida qabul qiladilar[5].

Bizga koʻra ham paygʻambardan naql qilingan mutavotir xabar, lafziy yoki maʼnaviy boʻlsin, aniq maʼlumotni ifoda etadi. Lafzlardagi baʼzi farqlar agar maʼnoni buzmasa, xabarning mutavotir boʻlishiga toʻsqinlik qilmaydi. Shuning uchun mutavotir yoʻl bilan kelgan xabarlarni qabul qilishimiz kerak.

Mutavotir xabarni rad etish bilan ohod xabarni rad etish oʻrtasida hukm jihatidan farq bor. Masalan, Qurʼon Hazrati Oishaning begunohligini hukm qilgan holda, uni zino qilgan deb daʼvo qilgan kishi kofirdir. Chunki, bu va shunga oʻxshash holatlar, paygʻambarni yoki mutavotirni yolgʻonchi qilish bilan mumkin boʻladi. Mutavotirni inson tili bilan yolgʻonchi qilish mumkin boʻlsa-da, qalban uni bilmasligi mumkin emas. Ha, agar inson ohod xabarlar bilan sobit boʻlgan narsani inkor qilsa, kofir boʻlmaydi[6].

Boshqa bir misol, Isro va Meʼroj voqeasi bilan bogʻliq. S. Kilavuz buni misol qilib shunday deydi: “Isro voqeasini inkor qilish kufrdir. Meʼroj voqeasini inkor qilish esa kufr emas. Chunki, birinchisi oyat bilan sobitdir, ikkinchisi mutavotir darajasiga etmagan hadis bilan sobitdir”[7]. Usul olimlaridan Saraxsiy (vaf. 490-y.) ham Kitob va sunnat bilan sobit boʻlganni rad etganni takfir qilish kerak, deb hisoblaydi. Ibn Hazm (vaf. 457-y.) bu boradagi fikrlarini shunday bayon qiladi: “Bir kishi “Biz faqat Qurʼonda topganimizga amal qilamiz” desa, ummatning ijmosiga koʻra, kofir boʻladi. Bunday oʻylagan inson, quyosh gʻarbga qarab botguncha va botgandan keyin[8] bir rakat namoz oʻqisa, unga etarli boʻladi. Chunki, eng kamida bir rakatga namoz nomi berilishi mumkin. Unga koʻra, buni koʻpaytirishga hojat yoʻq. Bunday deydigan kishi kofirdir, mushrikdir, qoni va moli haloldir”[9]. Ibn Hazm (vaf. 457-y.) boshqa joyda Isʼhoq ibn Rohuya (vaf. 238-y.)ning quyidagi fikrlarini naql qiladi: “Paygʻambar (a.s.)ning bir xabarini eshitgan, oʻsha xabarning sahihligini qabul qilgandan keyin rad etgan kishi kofirdir”[10].

Mutavotir xabarlar bilan bogʻliq holat shunday boʻlsa-da, ohod xabarlar uchun xuddi shuni aytish mumkin emas. Chunki, ohod xabarlar aniq maʼlumotni ifoda etmaydi. Ohod xabarlar bilan amal qilish masalasi alohida bir mavzu. Ibodatda, huquqda yoki axloqda ohod xabarlar bilan amal qilish yoki amal qilish shartlarini muhokama qilish alohida bir mavzu. Biz bu erda nazarda tutganimiz xabarlarni toʻgʻridan-toʻgʻri rad etish masalasidir. Aksincha, baʼzi xabarlarning sahihligi uchun ohod boʻlishlari shart boʻlishi ham mumkin.

Hadislarni toʻliq yoki qisman rad etish oʻrtasida farq yoʻq. Oʻtmishda, Shia imomlari faqat oʻz imomlari orqali kelgan hadislarni qabul qilganlar, boshqa hadislarni esa rad etganlar. Biz aniqlay olganimizcha, Xorijiylar ham hadislarni toʻliq rad etgan. Ammo, har ikki yondashuv oʻrtasida natija jihatidan farq yoʻq. Chunki, dinning ikki manbaidan biri boʻlgan hadis va sunnatni rad etish, toʻliq yoki qisman rad etilgan boʻlsin, dinning muhim tayanchlarini yoʻq qilish maʼnosini anglatadi.

Hadislarni qisman boʻlsa ham rad etish, dinning mohiyatining tahrif qilinishi va diniy hayotning toʻxtab qolishiga olib keladi. Bu erda muhim bir ishora paydo boʻladi. Yuqorida, hadislarni rad etishni mutavotir va ohod boʻlishlari nuqtai nazaridan koʻrib chiqdik. Endi, hadislarni rad etish bilan paydo boʻlishi mumkin boʻlgan natijalar nuqtai nazaridan oʻylashimiz kerak. Agar, bir hadisning rad etilishi dinning asosiy falsafasida, asosiy ibodat va axloq tizimida, ijtimoiy tartibda buzilish yaratsa, qisqasi dinning mohiyati va qoʻllanilishida buzilishlar keltirib chiqarsa, bu turdagi rad etish qabul qilinmaydi. Masalan, namozning oʻqilishiga oid Paygʻambar (a.s.)dan kelgan rivoyatlarni rad etish, namoz ibodatining barcha xususiyatini yoʻqotishiga olib keladi. Chunki, namozning qanday oʻqilishini barcha tafsilotlari bilan hadis va sunnat majmuasidan oʻrganamiz.

Bugun, hadislarni rad etishni kasb qilib olganlar orasida dinning tahrif qilinishiga qoʻrqqanlari uchun hadis bilan sunnatni alohida koʻradiganlar bor. Ularga koʻra, “hadis paygʻambarimizning soʻzi, sunnat esa uning amali. Sunnat, amal qilina-qilina avlodlar orasida naql qilinib bizgacha etib kelgan. Shu boisdan sunnatga ishonishimiz mumkin. Ammo, hadislar ogʻzaki rivoyatlar shaklida naql qilingani uchun, hadislarga ishonish mumkin emas”. Holbuki, biz, naql qilingan sunnatlar orasida Paygʻambar (a.s.)ga tegishli boʻlmagan baʼzi masalalarni hadis rivoyatlariga qarab aniqlay olamiz. Shu boisdan, mazkur iddao zohirni qutqarishdan boshqa maqsadga qaratilmagan.

Davomi bor…

[1] Ugur M. Ansiklopedik hadis terimleri sozlugu. TDV yayinlari. – Anqara: 1992.
[2] Ugur M. Ansiklopedik hadis terimleri sozlugu. DİB yayinlari. – Anqara: 1988.
[3] Ibn Hazm. al-Ihkom fi usulil ahkom. – Misr: 1345-1347. J.1. – B. 104.
[4] Bojiy, Sulaymon ibn Halaf. at-Taʼid vat tarjih li man xarraja anhul Buxoriy fil Jomiʼus Sahih. – Riyoz: 1987. J. 1. – B. 171.
[5] İşik K. Maturidiʻnin kelam sisteminde iman, Allah ve Peygamberlik anla­yişi. – Anqara: 1980. – B. 48.
[6] Gʻazzoliy. Faysalut tafriqa. – B. 16.
[7] Saraxsiy, Abu Bakr Muhammad. Usulus Saraxsiy. – Bayrut: 1973. J. I. – B. 318.
[8] Isro surasi, 78-oyat.
[9] Ibn Hazm. al-Ihkom fi usulil ahkom. Misr: 1345-1347. J.2. – B. 80.
[10] Ibn Hazm. al-Ihkom fi usulil ahkom. Misr: 1345-1347. J.1. – B. 99.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim

Check Also

HADISLARNI INKOR ETISH SABABLARI VA OQIBATLAR

Hadis ilmi bugungi kunda eng koʻp muhokama qilinadigan va bahs-munozara mavzusi boʻlgan ilm sohasidir. Ayniqsa, …