Home / MAQOLALAR / Qarindoshlik rishtalarining ahamiyati

Qarindoshlik rishtalarining ahamiyati

Qarindoshlik rishtasi – bu insonlarni bir-biriga yaqin qilib turadigan, ularni bir oila, bir jamoa qilib birlashtiradigan muhim vositadir. Uning ahamiyati beqiyos boʻlib, inson hayotida muhim oʻrin tutadi. Shaxsiy, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi.

Qarindoshlar deganda, avvalambor, ota-ona, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar va boshqa yaqin xesh-aqrabo tushuniladi. Islom dinining avvalidan qarindoshlar bilan yaxshi muomala qilishga undalgan. Hatto ular bilan bordi-keldi qilib turish, rishtalarni bogʻlash ibodat darajasiga koʻtarilgan.

“Silai rahm” arabcha soʻz birikmasi boʻlib, “sila” – bogʻlamoq, “rahm” – qarindoshlik, yaʼni “qarindosh urugʻlari bilan aloqalarni bogʻlash” degan maʼnoni bildiradi.

Silai rahm oʻzgalarga nisbatan qarindoshlariga gʻamxoʻrroq va muhabbatliroq boʻlish, ularning holidan xabar olib, moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab turishdir.

Silai rahm dinimiz mohiyatini koʻrsatib beruvchi buyuk ibodatdir. Uning oliy namunasi, yaqinlari bilan chiroyli muomala qilish, imkon topsa, ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatishdir. Quyi darajasi esa, hech boʻlmaganda uchrashgan paytida salom-alik qilib turishdir. Muqaddas dinimizda oʻziga toʻq inson nochor qolgan yaqin qarindoshlariga moddiy yordam koʻrsatishi vojib amal sanaladi.

Ushbu amal moʻmin-musulmonlar hayotida gʻoyat ahamiyatli boʻlgani uchun Qurʼoni karim oyatlarida qayta-qayta takrorlanadi. Jumladan, Niso surasining 36-oyatida bunday marhamat qilingan: “Allohga ibodat qilinglar. Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onangizga va yaqin qarindoshlarga … yaxshilik qiling”.

Mazkur oyatda Alloh taolo avval oʻzigagina ibodat qilishga, soʻng ota-onaga va qarindoshlarga yaxshilik qilishga buyurmoqda. Qarindoshlarga yaxshilik qilish borasida Baqara surasining 215-oyatida bunday marhamat qilingan: «Sizdan (ey Muhammad), nimalarni ehson qilishni soʻraydilar. Ayting: “Qanday yaxshilik qilsangiz, ota-onaga, qarindoshuruqqa, yetim-miskinlarga va yoʻlovchi-musofirlarga qilingiz. Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz, Alloh uni bilguvchidir”».

Mazkur oyatda ehson va nafaqaga loyiq insonlar orasida bekorga birinchi boʻlib ota-ona zikr qilinayotgani yoʻq. Inson tabiati shuni taqozo qiladi. Oʻzidan keyingi birinchi haqdor ota-onasi boʻladi. Ota-onasini muhtoj qoʻyib, ulardan boshqaga nafaqa qilishdan nima manfaat bor? Shuningdek, qarindosh-urugʻlar haqdorlik jihatidan boshqalardan ustundir va hokazo.

Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” kitobidagi koʻplab hadislar aynan silai rahmning tartib-odobi va fazilati haqida boʻlib, ularda bunday marhamat qilingan:
Kulayb ibn Manfaʼa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bobom: “Ey Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onangga, otangga, opa-singlingga, aka-ukangga va ulardan keyin keladigan mavlolaring (yaqinlaring)ga bu (yaxshilik qilmoq) vojib haqdir va silai rahmdir”, dedilar”.

Ushbu hadisda yaxshilikni kimdan boshlab, qanday tartibda davom ettirish kerakligi bayon qilinmoqda.

Demak, har bir moʻmin-musulmon ota-ona, aka-uka, opa-singil va boshqa qarindoshlar bilan silai rahmni mustahkamlashi, ularga yaxshilik qilishi, muhtoj boʻlsa, moddiy yordam berishi va hojatini chiqarishi lozim ekan.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir aʼrobiy Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning safarlaridan birida u zotning yoʻllarini toʻsib: “Menga jannatga yaqinlashtiradigan va doʻzaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga ibodat qilasan, unga hech bir narsada shirk keltirmaysan, namozni oʻz vaqtida qoim qilasan, zakot berasan va silai rahm qilasan”, dedilar”.

Bu hadisi sharifda silai rahm qilish – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash islomning imon, namoz va zakot kabi asosiy ruknlari bilan bir darajaga qoʻyilmoqda. Bu amal bandani jannatga kiritadigan va doʻzaxdan qutqaradigan amallar roʻyxatiga kiritilmoqda. Silai rahm qanchalar ahamiyatli amal ekanini shundan ham anglab olish mumkin.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rizqining keng va farovon boʻlishi va orqasidan asari koʻp qolishini (umri uzun boʻlishni) yaxshi koʻrsa (xohlasa), silai rahm qilsin (qarindoshlari bilan rishtalarni bogʻlasin)”, dedilar”.

Demak, Alloh taolo silai rahm qilgan, qarindosh-urugʻlariga yaxshilik qilgan, yordam bergan, xayr-ehson qilgan odamning rizqini kengaytirib, boyligini ziyoda qilib, umrini uzaytirib, undanyaxshi xotira, esdalik qolishini taʼminlar ekan.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan qoʻrqsa, silai rahm qilsa, uning ajali orqaga suriladi, moli koʻpayadi, ahli uni yaxshi koʻradi”, dedilar”.

Bu hadisda silai rahm qilgan odamga nafaqat u dunyoda, balki bu dunyoning oʻzida ham yaxshiliklar boʻlishi taʼkidlanmoqda.

Qarindoshlik rishtasining ahamiyati quyidagilarda namoyon boʻladi: Maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashda. Qarindoshlar bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi, qiyinchilikni yengishga yordam beradi va xursandchilik kunlarida birga boʻladi. Bu uning ruhiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi.

Maʼnaviy yordam koʻrsatishda. Qarindoshlar qiyin vaziyatga tushib qolganda ularga toʻgʻri maslahat berib, muammolarini hal qilishda yordam beradi va qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday yordam, ayniqsa, qiyin vaziyatga tushib qolgan, yolgʻiz qolgan yoki ruhiy tushkunlikka uchragan qarindoshlar uchun juda muhimdir.

Moddiy yordam koʻrsatishda. Oʻziga toʻq inson nochor, qiyin ahvolda qolgan qarindoshlariga moddiy – pul, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa turdagi zarur narsalar bilan begʻaraz yordam beradi. Bunday yordam qarindoshlik rishtalarini mustahkamlaydi, bir-biriga boʻlgan ishonch hissini kuchaytiradi, qarindoshlar oʻrtasidagi mehr-muhabbatni oshiradi.

Taʼlim va tarbiyada qoʻllab-quvvatlashda. Qarindoshlar oʻz yaqinlarining taʼlim va tarbiyasi uchun qulay sharoit yaratib, ularga iqtisodiy koʻmak, kerakli kitob, oʻquv qurollarni olib beradi.
Shu bilan birga, ularning oziq-ovqat, yotoqxona, shartnoma va yoʻl pullarini toʻlashda amaliy yordam beradi. Taʼlim va tarbiya masalalari bilan qiziqib, nazorat qilib turadi. Bu ularning maʼnaviy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga va kelajakda komil inson boʻlib voyaga yetishiga yordam beradi.

Ulugʻlarimizning aytishlaricha, silai rahmda bir nechta maqtalgan xislat bor ekan.

Bular:
– silai rahmda Alloh taoloning roziligi bor;

– silai rahm sababli Allohning rahmati nozil boʻladi.
– u (moʻmin)larga xursandchilik yetkazish bor, chunki ular silai rahm bilan quvonadi;

– silai rahmda farishtalarning ham xursandchiligi bor, chunki ular ham silai rahmga guvoh boʻlgan onlari quvonadi;
– silai rahmda musulmonlar shaʼniga yaxshi maqtovlar bor;
– silai rahmda iblisga gʻam yetkazish bor;
– umrning ziyoda boʻlishida silai rahmning oʻrni beqiyosdir;
– rizqning barakali boʻlishini silai rahmsiz tasavvur qilish qiyin.

Silai rahm islomning goʻzal fazilatlaridan boʻlib, dinimiz doim uni odamlar qalbiga singdirgan va shu xislat bilan tarbiyalab kelgan.

Hadisi shariflarda qarindoshlik rishtasini uzishning saliy oqibatlari ham bayon qilingan.

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, orasida qarindoshlik rishtasini uzuvchi kishi boʻlgan qavmga Alloh taoloning rahmati nozil boʻlmaydi”, dedilar”.

Demak, bir odam tufayli boshqalar ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum boʻlib qolishi hech gap emas ekan. Shuning uchun har bir jamoa, har bir mahalla aʼzolari doimo bir-biridan xabardor boʻlib, “oramizda shunaqalar paydo boʻlib qolmasin, hammamiz u sababli baloga yoʻliqmaylik”, deb oʻzaro silai rahmga undab turishi lozim.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitgan ekan: «Alloh azza va jalla: “Men Rahmonman. Rahmni Men yaratganman va unga Oʻz ismimdan ism qoʻyganman. Kim uni bogʻlasa, bogʻlayman. Kim uni kessa, kesaman”, degan».

Bu hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning silai rahm qilishning ahamiyati va qarindoshlik rishtalarini kesishning salbiy oqibatlari haqida aytgan soʻzlarini bayon qilib berganlar.

Alloh taolo kim aloqalarni bogʻlasa, yaʼni silai rahm qilsa, men ham uni bogʻlayman, yaʼni, Oʻzimga yaqin tutib, rahmatimga sazovor qilaman. Kim uni kessa, men ham uni kesaman, yaʼni, uni Oʻzimdan yiroq qilib, undan rahmatimni uzib qoʻyaman, demoqda.

Islom dinida qarindoshlik rishtasini uzish gunohi kabiradir. Kim silai rahmni uzsa, uning jazosi juda qattiq boʻladi. Alloh taolo barchamizni bunday gunohlardan asrasin va qarindoshlik rishtalarimizni mustahkam qilib, jannatga kirishimizda madadkor boʻlsin.

Jubayr ibn Mutʼimdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qarindoshlik aloqasini uzganodam jannatga kirmaydi”, dedilar.

Islom dinida qarindoshlik aloqalarini uzish, ularga dushmanlik qilish va zarar yetkazish qattiq qoralanadi. Qarindoshlar oʻrtasidagi mehr-oqibat, yordam va hamjihatlikka katta ahamiyat beriladi.

Qarindoshlik aloqalari jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlgan oilaning asosini tashkil etadi. Ularning uzilishi oilaviy qadriyatlarning zaiflashuviga, oila aʼzolari oʻrtasidagi ishonch va hurmatning yoʻqolishiga olib keladi. Bu esa qoʻshnilar, qarindoshlar va butun jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlarga salbiy taʼsir qiladi. Shuning uchun silai rahmga eʼtiborli boʻlish, qarindoshlar bilan muntazam aloqani yoʻlga qoʻyish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, qarindoshlar oʻrtasidagi iliq munosabatlarni saqlash, yaqin va uzoq qarindoshlar bilan aloqalarni mustahkamlab, munosabatlarni rivojlantirish jamiyat barqarorligi va farovonligi uchun oʻta muhim omildir.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“QARZ” MUSADDASINING TARIXIY VA ZAMONAVIY KONTEKSTDAGI IJTIMOIY-FALSAFIY TAHLILI

Qarz soʻzining lugʻaviy ma’nosi “qirqish”dir. Bu qarz beruvchining oʻz molidan ma’lum boʻlakni “qirqib”, qarzga berishini …