Vatan – muqaddas makon. Uni yomon koʻzlardan asrash, tinchligi va farovonligi yoʻlida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Muqaddas dinimiz taʼlimotida Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yoʻlida jon bergan kishilarga shahidlik maqomi berilishi aytilgan. Said ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan kishi shahid maqomidadir”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, bunday kishiga shahidlik martabasi berilishi bejiz emas. Chunki u inson uchun eng aziz boʻlgan narsani himoya qilishga bel bogʻlagan. Aks holda, uning shaʼni va gʻururi toptalar edi. Hadisda sanab oʻtilgan mol, jon, din va oila inson hayotining mazmuni – uning Vatanini ifoda etadi.
Musulmon mutafakkiri va tarixchi olim Ibn Xaldun: “Vatan – bu insonning tugʻilib oʻsgan yeri, uning goʻdaklik chogʻidanoq mehr qoʻygan oʻchogʻidir”, deb taʼriflagan.
Vatan himoyachisi boʻlish eng sharafli burchdir. Kindik qoni toʻkilgan, yoshligi kechgan begʻubor damlarni oʻz ichiga olgan muqaddas Vatanni, shu mustaqil yurtning bir qarich tuprogʻini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash inson uchun goʻyo oʻz oilasi, shaʼni, or-nomusi va imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Bu yoʻlda fidoyi inson yuksak maqomga yetishi, ulkan savobga ega boʻlishi haqida koʻplab hadislar mavjud.
Yuqorida aytilganidek, muqaddas dinimizda Vatanni himoya qilish oʻta sharafli burch boʻlib, buning uchun juda katta mukofotlar vaʼda qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechalari Allohdan qoʻrqib yosh toʻkkan koʻzni va Alloh yoʻlida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan koʻzni doʻzax otashi kuydirmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir kun murobata (Vatanni himoya) qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir”, deganlar.
Alloh taolo insonni yaratib, uning fitratiga yer, zamin va ona tuproqqa muhabbatni qorishtirdi. Imom Muhammad Gʻazzoliy rahimahulloh aytadi: “Inson oʻz yeriga, garchi u giyoh unmas sahro boʻlsa ham qattiq bogʻlanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat Vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq boʻlganda sogʻinch, hujum boʻlganda himoya va kamsitilganda gʻazab hislarini paydo qiladi”.
Vatanning tuprogʻi yoki obroʻsiga qilingan har qanday fikriy yoki harbiy hujumga qarshi turish muqaddas burch sanaladi. Vatanni sevish va vatanparvarlik ibodat darajasiga koʻtarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega boʻlish moʻminning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Muqaddas islom dini Vatan himoyasiga kamarbasta boʻlgan mard oʻgʻlonlarni alohida qadrlaydi. Ularning beqiyos xizmati evaziga ulkan ajr-savoblarni vaʼda qiladi. Bu yurtimiz chegaralarida xizmat qilayotgan har bir Vatan himoyachisiga tegishlidir. Demak, Vatanni qoʻriqlash juda qiyin va masʼuliyatli vazifa boʻlishi bilan bir qatorda, oʻziga yarasha katta ajr-savobli hamdir.
Hakimlar: “Kishining vafodorligi uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, birodarlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga oʻkinib yashashidan bilinadi”, degan. Insonning oʻz xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishga qoʻshgan hissasi bilan oʻlchanadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





