Home / MAQOLALAR / ISLOMDA VATAN TUSHUNCHASI VA UNI HIMOYA QILISH FAZILATI

ISLOMDA VATAN TUSHUNCHASI VA UNI HIMOYA QILISH FAZILATI

Vatan – inson doimiy istiqomat qiladigan, avlod-ajdodlari yashab oʻtgan, xotira va qadriyatlar bilan bogʻliq muqaddas makondir. U faqatgina geografik hudud emas, balki inson qalbiga muhrlangan, uning shaxsiyati, eʼtiqodi va hayoti bilan chambarchas bogʻliq ulugʻ neʼmatdir. Shu bois Vatanni asrash, obod qilish va himoyalash har bir fuqaroning muqaddas burchi hisoblanadi.

Moʻmin-musulmon inson uchun bu burchning ahamiyati yanada katta. Zero, islom dini Vatan shaʼnini yuksak qadrlab, uni ardoqlash va muhofaza qilishni imon bilan bogʻlaydi. Vatanga bepisandlik, uning taqdiriga loqaydlik imon kamolotiga zid holatdir. Chunki islom taʼlimotida tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlik barcha xayrli amallarning asosi hisoblanadi. Vatan tinch boʻlmas ekan, na ibodatda bardavomlik, na ilm-maʼrifatda yuksalish va na jamiyatda taraqqiyot boʻladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari Vatanga muhabbatning eng oliy namunasidir. U zot oʻzlari tugʻilib oʻsgan Makkani tark etishga majbur boʻlganlarida: Sendan koʻra pok va muqaddas shahar biror joyda yoʻq, men uchun sendan ziyoda mahbub va suyukli shahar hech bir yerda yoʻq. Qavmim meni chiqarmaganida edi, sendan boshqa joyni maskan tutmagan boʻlardim”, deganlar (Ibn Hibbon rivoyati). Bu hadis Vatanga muhabbat tabiiy va sharʼiy tuygʻu ekanini ochiq-oydin koʻrsatadi.

Qurʼoni karim va hadislarda Vatanni himoya qilishning ulugʻ fazilati koʻp bayon qilingan. Xususan, chegaralarni qoʻriqlash, yurt xavfsizligini taʼminlash islomda eng ulugʻ ibodatlar qatoriga kiritilgan. Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kecha-kunduz chegara hududini qoʻriqlash bir oy nafl roʻza tutib, tunlarini ibodat bilan oʻtkazishdan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Muslim va boshqalar rivoyat qilgan). Bu esa Alloh taolo nazdida Vatan himoyasining naqadar ulugʻ amal ekanini koʻrsatadi.

Vatanni faqat qurol bilan himoya qilinmaydi. Islomda bu ayniqsa yaqqol koʻzga tashlanadi – muqaddas dinimizda bu himoya qalam bilan, soʻz bilan, maʼrifat va haqiqatni targʻib qilish bilan ham amalga uqtiriladi. Vatan shaʼniga yogʻdirilgan boʻhton, unga qarshi uyushtirilgan fitnalarga qarshi maʼnaviy jihatdan kurashish ham muhofazaning muhim koʻrinishidir.

Shu bilan birga, Vatanga xiyonat islomda eng ogʻir gunohlardan sanaladi. Hadisi sharifda: “Moʻmin har qanday xislatga moyil boʻlishi mumkin, ammo xiyonat va yolgʻonga moyil boʻlmaydi”, deyilgan (Abu Yaʼlo va Bazzor rivoyati).

Qurʼoni karim esa, yurtni himoya qilishda matonatli boʻlish qatʼiy amr etilgan. Anfol surasining 15–16-oyatlarida: “Ey imon keltirganlar! Kofir boʻlganlar toʻdasi bilan toʻqnashganingizda, ulardan ortga qarab chekinmangiz! Kim oʻsha kuni ulardan ortga chekinsa – jang ishi bilan chetlagan va biror boʻlinmaga qoʻshilishga borganlar bundan mustasno – Allohning gʻazabi bilan (birga) qaytgan boʻlib, joyi jahannam boʻlur. Qanday ham yomon taqdirdir bu!” deyiladi. Yaʼni, oyatda dushman bilan toʻqnash kelganda chekinmaslik, el-yurt shaʼnini himoya qilish yoʻlida jasorat va sabot koʻrsatish buyurilmoqda. Islom tarixi musulmonlarning azmu shijoatiga koʻp guvoh boʻlgan.

Xavfli vaqtlarda oʻqiladigan namoz tartibi islomda himoya va ehtiyot choralariga qanchalik ahamiyat berilishini koʻrsatadi. Bir guruh ibodat qilayotganida, ikkinchisi qurolini yalangʻochlab, qoʻriqlab turadi. Bu tadbir islomda ibodat bilan Vatan muhofazasi oʻzaro uygʻun ekaniga yorqin tasdiqdir.

14-yanvar Oʻzbekistonda Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana yurt tinchligi, osoyishtaligi va mustaqilligini asrashdek ulugʻ va masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgan Vatan posbonlariga chuqur ehtirom ifodasidir. Tinch hayotimiz, barqaror taraqqiyotimiz aynan ularning fidokorona xizmati samarasidir.

Shu munosabat bilan Vatan himoyachilarining barchasi, bu ishga daxldor boʻlgan hamma yurtdoshlarimizni chin dildan muborakbod etamiz! Alloh taolodan ularga kuch-gʻayrat, sabr-matonat va Oʻz hifzu himoyasini soʻrab qolamiz. Qodir Parvardigor doim Vatanimizni tinch, osmonimizni musaffo, yurtimizni obod aylasin.

Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Ziyorat va maʼrifat: Imom Buxoriy majmuasidagi yangi imkoniyatlar

Tas-ix: