Home / MAQOLALAR / INSON – XATOGA MOYIL

INSON – XATOGA MOYIL

Inson farishta emas, balki nafs, xohish va vasvasa bilan yaratilgan mavjudotdir. Shuning uchun gunoh qilishi va kamchiliklarga ega boʻlishi tabiiy.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Jonim “Qoʻli”da boʻlgan Zotga qasamki, gunoh qilmaganingizda, Alloh sizni ketkazib, (oʻrningizga) boshqa bir qavmni keltirar, ular gunoh qilib, soʻng Allohdan magʻfirat soʻrar va U Zot ularni magʻfirat qilgan boʻlar edi” (Muslim rivoyati).

Muqaddas dinimiz insonni xatosi bilan emas, balki unga munosabati – tavbasi, pushaymonligi va oʻzini isloh etish istagi bilan baholaydi. Muammo va ayanchli tomoni gunoh yo xatoda qattiq turib olish, uni tan olmaslik yo undan qaytmaslikda, xolos.

Inson baʼzan toʻgʻri yoʻl tutadi, baʼzan xatoga yoʻl qoʻyadi. Chunki bilganlari bilmaganlarining oldida juda kam. Alloh taolo bu haqiqatni Isro surasining 85-oyatida aytib qoʻygan: “Sizga juda oz ilm berilgandir”. Ushbu oyat inson aqli va bilimi, ongu tafakkurining cheklangani, haqiqiy va mutlaq ilm faqat Alloh taologa xos ekanini anglatadi.

Demak, xatosiz odam boʻlmaydi, aybsiz – Parvardigor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bu haqiqatni quyidagicha bayon qilganlar: “Odam farzandlarining har qandayi koʻp xato qiluvchidir. Xatokorlarning eng yaxshilari koʻp tavba qiluvchilardir” (Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Hadisda “xato qiluvchi” soʻzi mubolagʻa siygʻasi, yaʼni “doim”, “koʻp qiluvchi” degan maʼno beradigan grammatik shaklda aytilgan. Bundan tushuniladiki, inson bir marta emas, koʻp xato qiladi.

Inson zaiflik tabiati bilan yaratilgan – baʼzan Parvardigorining buyurganlariga toʻliq itoat qila olmaydi, qaytarganlaridan tiyila olmaydi. Lekin Alloh taolo bandalari uchun tavba eshigini ochib qoʻygan va gunohkorlarning eng yaxshisi koʻp tavba qiluvchilar ekanini xabar qilgan.

Biroq xatoning oʻzidan ham ogʻirroq jazoga loyiq bir jihat bor. Xatoga yoʻl qoʻygan inson uni tan olish oʻrniga, turli bahona va asossiz dalillar bilan oʻzini oqlashga, pok qilib koʻrsatishga urinishi yomon oqibatga olib boradi. Albatta, hech kim oʻzini nuqsonli yoki aybdor koʻrsatishni istamaydi. Lekin xatoni nohaq ravishda oqlash juda xavfli illat boʻlib, u adolat va insof mezonlarini buzib yuboradi.

Mazkur hadis insonning xato qilishi uning imonsizligini anglatmasligini, balki tavba orqali Allohga yanada yaqinlashish imkoni borligini koʻrsatadi.

Xatoni tan olmaslikka koʻpincha takabburlik sabab boʻladi. Bu borada Alloh yaratgan ikki maxluq (mavjudot) haqidagi mashhur voqeani eslaymiz: Odam alayhissalom va Iblis.

Shayton Rabbiga osiylik qilib, Odam alayhissalomga sajda qilishdan bosh tortganida, oʻz xatosini tan olmadi. Aksincha, oʻzini oqlashga kirishdi. Takabburligi shunga undadi. Keltirgan dalili esa asossiz va buzuq qiyos edi: “Men undan yaxshiman, meni oʻtdan yaratding va uni loydan yaratding” (Sod surasi, 76-oyat va Aʼrof surasi, 12-oyat). Yaʼni, Iblis xatoni tan olish oʻrniga oʻzini oqlashga urinib, kibr sababli halokat yoʻlini tanladi. Aybiga iqror boʻlib, Rabbidan magʻfirat soʻraganida, Alloh uni kechirgan boʻlardi.

Odam alayhissalom esa, man etilgan daraxt (mevasi)dan yeb qoʻyib xato qilganida, takabburlik qilmadi. Xatosini darrov tan oldi, oʻzini oqlashga urinmadi, bahona va dalillar keltirmadi. Rostgoʻylik qildi, bu xato uchun yagona sabab behuda qiziqish va shaytonning vasvasasiga ergashish boʻlganini angladi. Shuning uchun jufti bilan birga tavba qilib, bunday dedi: “Ey Rabbimiz, biz oʻzimizga zulm qildik. Agar Sen bizni magʻfirat qilmasang va bizga rahm qilmasang, albatta, ziyon koʻrganlardan boʻlamiz” (Aʼrof surasi, 23-oyat).

Baʼzilar xatosini oʻrinsiz vaj-karson, yolgʻon bahonalar bilan oqlashga urinadi. Biri oʻgʻirlik sodir etib, ehtiyoj bilan oqlaydi, boshqasi jahldorligini sabab qilib, ayoli va farzandlarini uradi, yana biri pora olib, rahbarlari ham pora olayotganini roʻkach qiladi. Shu tarzda har bir xatokor oʻz xatosini oqlaydigan bahona topa oladi.

Bunday “oqlanish” haq-huquqni yoʻqqa chiqaradi. Masalan, nazorat boʻlmagan hududda bir kishi avtoulov haydab ketayotganda, oraliq masofani saqlamay, boshqa bir mashinani urib oladi. Keyin bu xatosini turli bahonalar (“yoʻl boʻsh edi, tezlik past edi, u toʻsatdan toʻxtadi” va hk.) bilan oqlashga harakat qiladi. Ikkinchi tomon “bu – sening xatoing” deb haqni talab qiladi. Bu holatda haq qoidani buzmagan tomonda boʻladi, albatta. Orqadan kelayotgan haydovchi masofa saqlashi kerak. Bunga rioya qilmagani uchun ayb unda boʻladi. Nazorat yoʻqligi xatoga yoʻl ochib qoʻymaydi. Bahona bilan oqlanish haqiqatni oʻzgartirmaydi.

Inson har qancha “men haq edim” desin, qoidani buzgan boʻlsa, gunoh va javobgarlik zimmasida qolaveradi.

Islomda ham, umumiy insoniy tafakkur nuqtayi nazaridan ham haqiqat gap-soʻzga emas, voqeaga qarab belgilanadi. Zulm tan olinmasa-da, zulmligicha qolaveradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulmdan saqlaning, chunki zulm Qiyomat kunida zulmatdir”, deganlar (Muslim rivoyati).

Mol-mulkka yetkazilgan zarar qoplab berilishi shart. Uzr gunohni yengillashtiradi, lekin haqiqatni bekor qilmaydi. Oqlanish esa halokatga yetaklaydi.

Qalbi pok va teran idrokli inson xatosini bahonalar bilan oqlashdan tiyiladi. Chunki xato qilish inson tabiatiga xos ekanini biladi. Shu bilan birga, xatoni tan olish shaʼn va qadr-qimmatni kamaytirmasligini ham yaxshi anglaydi. Aksincha, xatodan saboq olib, takrorlamaslikka harakat qiladi. Shuningdek, Yaratgan Zotni kuzatuvchi deb biladi. Xatosini oqlash uchun odamlarni chalgʻitishi mumkindir, lekin barcha narsani bilib, nazorat qilib turuvchi Zotni alday olmaydi.

Imom Muslimning “Sahih”ida xatolarini bahona bilan oqlamay, jasorat bilan qabul qilgan kishi haqida ibratli bir voqea bor. Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhu Tabuk gʻazotiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga chiqmay, uzrsiz qolib ketganlardan edi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Tabukdan qaytganlarida, gʻazotda qatnashmagan saksondan ortiq kishi u zotning huzurlariga borib, turli bahonalar aytadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa hukmlar dastlab zohirga qarab chiqarilishi sababli uzrlarini qabul qiladilar. Koʻnglidagilarni Allohga havola etadilar.

Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytmaslaridan oldin yolgʻon gapirishni oʻylab yurgan boʻladi. Lekin qaytib kelganlarini eshitganda, bahona bilan qutulib qolish fikridan qaytadi. Yolgʻon aralashgan narsa bilan pirovard jazodan qutulib qola olmasligini anglab, u zotga faqat rostini aytishga qaror qiladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam undan nima sabab bilan bormaganini soʻraganlarida, u toʻla ochiqlik bilan bunday deydi: “Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, agar sizdan boshqa birorta odamning qarshisida oʻtirgan boʻlganimda, uzr aytib, uning gʻazabidan albatta qutulib keta olar edim, chunki gapga juda chechanman. Lekin Allohga qasamki, agar bugun siz mendan rozi boʻladigan yolgʻon gap aytsam, Alloh meni gʻazabingizga duchor qilib qoʻyishini bilaman. Agar siz mendan achchiqlanadigan rost gapni aytsam, buning oqibati (yaxshi boʻlishi)ni Allohdan umid qilaman. Allohga qasamki, mening hech qanday uzrim yoʻq edi. Allohga qasamki, hech qachon sizdan (shu safar) ortda qolgan paytimdagidek baquvvat va boy (gʻazotga munosib) boʻlmagan edim”. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ammo mana bu rost gapirdi. Tur, Alloh sen haqingda biron hukm chiqarmaguncha (kutgin)!” dedilar.

Oʻshanda Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhudan boshqa yana ikki kishi haqiqatni gapirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana shu uch kishi bilan gaplashishni man qiladilar. Odamlar ularni yakkalab qoʻyadi, muomalasi ham oʻzgarib qoladi. Shu zaylda ellik kun oʻtadi va Alloh mana bu oyatlarni nozil qilib, ularning tavbasini qabul qiladi: “Alloh Nabiyning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalgʻiyozgandan keyin ogʻir (bir) soatda unga ergashgan edilar. Soʻng tavbalarini qabul etdi. Albatta, U Zot ularga shafqatlidir, rahmlidir. Ortda qolgan uch kishining ham (tavbasini qabul qildi). Nihoyat, ularga keng yer tor boʻlib, yuraklari siqilib, Oʻzidan boshqa boshpana yoʻqligiga toʻla ishonganlaridan soʻng, butunlay qaytishlari uchun tavbalarini qabul qildi. Albatta, Alloh Tavvob (tavbani koʻplab qabul qiluvchi)dir, rahmlidir. Ey imon keltirganlar! Allohga taqvo qiling va sodiqlar bilan birga boʻling!” (Tavba surasi 117-119 oyatlar).

Bu voqeada insonning haqiqiy jasorati, jurʼati, koʻnglining pokligi namoyon boʻlgan. U oʻzini yolgʻon bilan himoya qilishga qodir boʻla turib, rostgoʻylikni tanladi va xatosini tan oldi, qanday natija boʻlishidan qatʼi nazar, unga tayyor turdi. Oqibatda tavbasini qabul boʻldi.

Inson xato qilganda, takabburlikni tark etib, aybiga iqror boʻlishi, bahonalar bilan oqlanishdan voz kechishi lozim ekan. Chunki oʻzi boshqalardan xuddi shunday adolatni kutadi.

Dinimiz taʼlimotiga koʻra, insonning xatoga moyil boʻlishi zaiflik emas, sinovdir. Bu imtihon orqali inson sabr, tavba va taqvoning mohiyatini anglaydi. Zero, haqiqiy komillik xato qilmaslikda emas, balki xatodan keyin oʻzini isloh qila bilishdadir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DIN NIQOBIDAGI BUZGʻUNCHILIKKA QARSHI TINCHLIK GʻOYASI

Insoniyat umr davomida ezgu maqsadlarga erishish uchun doimo saʼy-harakatda boʻladi. Orzu-umidi roʻyobi, farzandlari kamolotini koʻrishi …