Oyat va hadislarda insonning oʻz qoʻli bilan qiladigan ishi eng yaxshi kasb ekani taʼkidlangan. Qurʼoni karimda – temirchilik, duradgorlik, dehqonchilik va qurilish, hadislarda – dehqonchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, hunarmandlik, sanoatchilik va savdogarlik kabi kasblar tilga olingan. Bugungi xizmat koʻrsatish sohasining koʻp tarmoqlarini shu savdogarlikning tarkibiga kiritish mumkin. Chunki bu xizmatlar pirovard natijada sotiladi.
Islomda inson oʻz mehnati bilan hayot kechirishi, halol rizq topishi eng ulugʻ fazilatlardan sanaladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kasb qiladigan bandani yaxshi koʻradi. Kim oilasi uchun mehnat qilsa, Alloh yoʻlida jihod qilgan kishidek boʻladi”, deganlar. Bu hadisda mehnat faqat moddiy ehtiyojni qondirish emas, balki ilohiy rozilikka erishish vositasi ham ekani aytilmoqda.
Kasb-hunar bobida sahobalar hayoti biz uchun eng goʻzal namunadir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam asʼhoblarining hammasi oʻz kasbi bilan mashgʻul boʻlgan. Xususan, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu mato savdosi, Usmon ibn Affon, Talha, Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhum savdogarlik, Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu qassoblik, Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu qurolsozlik, Usmon ibn Talha roziyallohu anhu tikuvchilik, Abu Sufyon roziyallohu anhu yogʻ va teri savdosi bilan shugʻullangan.
Sahobalarning hayotidan bunday xulosa kelib chiqadi: dindorlik mehnatdan qochish, belni ogʻritmay pul topish emas, balki mehnatni ibodat darajasiga olib chiqishdir.
Barcha paygʻambarlar oʻz rizqini halol peshona teri bilan topgan. Hammasi kasb-hunar bilan shugʻullangan. Rizq Allohdan ekanini eng yaxshi bilgan inson boʻlgani holda ham birortasi hunarsiz oʻtmagan. Odam alayhissalom dehqonchilik, Nuh alayhissalom duradgorlik, Hud va Solih alayhimassalom tijorat, Horun, Ilyos va Idris alayhimussalom tikuvchilik, Ibrohim va Lut alayhimassalom ziroat, Ismoil alayhissalom ovchilik, Dovud alayhissalom temirchilik va sovutsozlik, Yusuf alayhissalom soatsozlik, Isʼhoq, Yaʼqub, Shuayb va Muso alayhimussalom choʻponlik bilan shugʻullanganlar. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam savdogar boʻlganlar.
Demak, kasb va mehnat paygʻambar darajasidagi insonlar uchun ham sharafli ishlardan boʻlgan.
Rofiʼ ibn Xadij raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Eng yaxshi kasb – kishi oʻz qoʻli bilan mehnat qilishi va har qanday yaxshi savdo”, deganlar.
Dinimiz hamma sohada moʻtadil boʻlishga chaqiradi. Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qoʻymaslikni buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ikki dunyoni ham eʼtiborga olib yashaydi. Halol kasb izidan oʻzi va ahli-oilasiga pokiza rizq izlaydi.
Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri sanaladi. Zero, bajarilgan solih amallarining qabul boʻlishi, farzandlarning istiqboli va salohiyati, oilaning farovonligi aynan luqmaning halol, kasbning shariat koʻrsatmalariga muvofiq boʻlishiga bogʻliqdir. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan: “Halol rizq izlash har bir musulmon uchun vojibdir”, degan hadisni rivoyat qilgan.
Halol kasb-hunar bobida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning merosxoʻrlaridan sanalgan allomalarning hayoti biz uchun eng goʻzal namunadir. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning yoʻqligida, shogirdi Madina shahridan kelgan bir kishiga 400 dirhamlik qalin kiyimni 1000 dirhamga sotib yuborgan. Bundan xabar topgan ustozi uni qattiq koyidi va doʻkondan chetlatgan. Xaridorning tashqi koʻrinishini soʻrab olib, uni qidirib, Madina shahridan topgan va 600 dirhamini qaytarib bergan. Shundan soʻng xotirjam boʻlib Kufaga qaytgan.
Birovning haqqini yeyishdan qoʻrqadigan insonning rizqi barakali boʻladi. Buning belgisi shuki, insonda qanoat, shukr, sabr paydo boʻladi va unga yaxshi amallarga tavfiq nasib etadi. Bu haqda Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh: “Barakaning alomati qanoatga, toat-ibodatlarga muvaffaq boʻlishdir”, degan.
Mehnatga layoqatli kishi oʻzi va ahli-oilasi uchun halol kasb qilib mol-mulk topishi bevosita ibodat farzlaridan keyingi farzdir. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Halol kasb talab qilish farzdan keyingi farzdir”, deganlar.
Boshqa bir hadis Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qoʻni-qoʻshnilariga muruvvat koʻrsatish maqsadida halol yoʻl orqali rizq topish bilan mashgʻul boʻlsa, qiyomat kuni Alloh taologa yorugʻ yuz bilan roʻpara boʻladi”, dedilar”.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shubhasiz, kishi rizqlanadigan narsalarning eng haloli oʻz kasbi orqali yegan narsasidir”, deganlar.
Yaʼni, dinimizda kasb-hunar egallashga intilish va ishtiyoq qadrlanadi va kishining oʻz qoʻli bilan qilgan mehnati Parvardigoriga yaqinlashtiruvchi eng afzal va sharafli amal deb hisoblanadi. Imom Gʻazzoliy bejiz bunday demagan: “Bilib qoʻying, inson oʻzi va ahlini odamlardan behojat qilishi va oilasiga kerakli narsalarni olib berish uchun mehnat qilishi nafl ibodatlardan afzaldir. U xuddi Alloh yoʻlida yurgan jangchiga oʻxshaydi”.
Homid Lifofiy: “Biz toʻrt narsani toʻrt joydan izladik. Ammo yoʻlda xato qildik va ularni boshqa toʻrt joydan topdik: boylikni mol-dunyodan izladik, qanoatdan topdik. Rohatni moʻl-koʻllikdan izladik, oz moldan topdik. Lazzatni neʼmatdan izladik, salomatlikdan topdik. Rizqni yerdan izladik, osmondan topdik”, degan.
Abu Lays Samarqandiy aytgan: “Kim kasbi halol boʻlishini istasa besh narsani mahkam tutsin: kasbi tufayli Alloh taoloning farzlaridan birortasini ortga surmasin va ularda nuqson boʻlishiga yoʻl qoʻymasin. Kasb tufayli Alloh taoloning maxluqotlaridan birortasiga ozor bermasin. Mol-dunyo jamlash va koʻpaytirishni emas, oʻzi va ahli-ayolining iffatini saqlashni niyat qilsin. Kasb qilaman deb oʻzini ortiqcha qiynab yubormasin. Rizqni Alloh taolodan deb bilsin, kasbdan emas, kasb – sabab, xolos”.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





