Home / FOTO LAVHALAR / “Sahihul Buxoriy”ning sahihligi – asrlar sinovidan oʻtgan haqiqat

“Sahihul Buxoriy”ning sahihligi – asrlar sinovidan oʻtgan haqiqat

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-dekabr kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent islom instituti olimlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek, Turkiya, Misr va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurilla Umarov “Sahihul Buxoriy” asarining qoʻlyozmalari, sanad va roviylari tarixi” mavzusida maʼruza qildi.

Islom sivilizatsiyasi tarixida shunday asarlar borki, ular nafaqat diniy, balki ilmiy, madaniy va maʼnaviy meros sifatida ham beqiyos ahamiyat kasb etadi. Ana shunday noyob manbalardan biri bu, shubhasiz, buyuk muhaddis Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihul Buxoriy” asaridir. Maʼruzachi  undagi rivoyat yoʻllari, roviylar, asarning qoʻlyozma nusxalari hamda unga nisbatan bildirilgan shubhalarga berilgan ilmiy raddiyalarni keng qamrovda yoritib berdi.

Maʼruzada alohida eʼtibor qaratilgan masalalardan biri — “Sahihul Buxoriy”ning sahih holda bizgacha yetib kelish mexanizmi boʻldi. Taʼkidlanganidek, asar Imom Buxoriy vafotidan keyin 400-yildan ortiq davr mobaynida uzluksiz va ishonchli sanadlar orqali rivoyat qilingan. Bu jarayonda Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan muhaddislar, xususan, Muhammad ibn Yusuf Firabriy va Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy kabi zotlarning xizmati beqiyos ekani alohida urgʻu bilan qayd etildi.

Maʼruzada, shuningdek, “Sahihul Buxoriy” qoʻlyozma nusxalarining geografiyasi va soni haqida ham muhim ilmiy maʼlumotlar keltirildi. Manbalarga koʻra, bugungi kunda dunyoning 2300 dan ortiq qoʻlyozma fondida mazkur asarning 8000 dan ziyod nusxasi saqlanmoqda. Ular Turkiya, Misr, Germaniya, Bolgariya, Qatar, AQSH va Oʻzbekiston kabi mamlakatlarning yirik kutubxonalarida mavjud. Ayrim qoʻlyozmalar Imom Buxoriy vafotidan atigi 5-10-yil oʻtib koʻchirilgani bilan alohida ilmiy va tarixiy qiymat kasb etadi.

Maʼruza davomida “Sahihul Buxoriy”ga nisbatan bildirilgan tanqidiy qarashlar ham ilmiy tahlil qilindi. Ayrim zamonaviy tanqidchilarning asarning asl nusxasiga nisbatan shubhalarga asoslangan daʼvolariga qarshi ishonchli ilmiy dalillar keltirildi. Maʼruzachi Qurʼoni karim ham aynan sanad, hifz va ummat ittifoqi asosida saqlanib kelganini qiyosiy misol sifatida keltirib, hadis ilmiga nisbatan bildirilayotgan bunday shubhalar aslida islomiy manbalarning nufuzini zaiflashtirishga qaratilganini taʼkidladi.

Taqdim etilgan maʼruza “Sahihul Buxoriy” asari tasodifiy yo afsonaviy tarzda emas, balki aniq ilmiy mezonlar, mustahkam sanadlar, yuksak masʼuliyat va asrlar davomida ulamolarning uzluksiz mehnati orqali bizgacha yetib kelganini asoslab berdi. Bu esa uning nafaqat diniy, balki jahon ilmiy merosidagi oʻrnini yana bir bor qatʼiy tasdiqlaydi.

Seminar qizgʻin fikr almashuvlar va savol-javoblar bilan oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hindistonda Qur’on va fan “muloqoti”

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan “Qur’on va fan” mavzusidagi III xalqaro konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy …