Mushohada
Bugungi kunda jahon hamjamiyati diqqat markazida turgan Oʻzbekiston – yangilanish, maʼrifat va insonparvarlik sari dadil qadam tashlayotgan mamlakatdir. Bu jarayonning markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Uchinchi Renessans” gʻoyasi yotadi. Ushbu gʻoya nafaqat milliy tiklanish, balki butun insoniyat uchun maʼnaviy uygʻonish va hamkorlik, madaniy yuksalish konsepsiyasi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Insoniyat taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, har qanday jamiyatning barqarorligi va axloqiy yuksalishida halollik tamoyili alohida oʻrin tutib kelganini koʻramiz. Bu qadriyat faqat diniy tushuncha emas, balki ijtimoiy munosabatlar, iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi va shaxsiy hayotdagi eng muhim mezonlardan biri sifatida namoyon boʻladi. Islom taʼlimotida halollik insonning eʼtiqodi, feʼl-atvori, mehnat faoliyati, oilaviy munosabatlari va hatto ichki dunyosiga daxldor boʻlgan keng qamrovli axloqiy prinsip sifatida belgilab qoʻyilgan. Qurʼon oyatlari va hadislarda halol rizq topish, adolat bilan ish yuritish, oʻlchov va tarozida haqqa xilof qilmaslik, oʻzaro munosabatlarda riyokorlik va xiyonatdan yiroq boʻlish kabi masalalar insonning komillik sari intilishining asosi sifatida koʻrsatiladi.
Halollikning mohiyati shundaki, u insonning amali bilan niyatiga ham bogʻliq boʻlib, har bir ishida pok niyat va adolatni talab etadi. Demak, halollik – bu faqat iqtisodiy muomaladagi shaffoflik emas, balki insonning butun hayot falsafasiga aylanishi lozim boʻlgan maʼnaviy meʼyordir. Bugungi zamon sharoitida halollikning ahamiyati yanada ortayotir. Zero, korrupsiya, manfaatdorlik, noqonuniy boyish va adolatsizlik kabi illatlar jamiyatning maʼnaviy asoslarini izdan chiqaradi, iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi, davlatga boʻlgan ishonchni pasaytiradi. Halollik ustuvor boʻlgan muhitda esa iqtisodiy oʻsish barqaror, davlat boshqaruvi samarali, fuqarolarning oʻzaro ishonchi esa mustahkam boʻladi.
Shu jihatdan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ichida “halollik madaniyatini shakllantirish” gʻoyasining oʻrni beqiyosdir. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbus mamlakatda maʼnaviy soflik muhitini mustahkamlash, davlat xizmatini shaffof va hisobdor etish, jamiyatda adolatga intilishni umumiy tamoyilga aylantirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Bu gʻoyaning muhim jihati shundaki, halollik endilikda faqat maʼmuriy nazorat obyekti emas, balki har bir fuqaroning ichki madaniyatini shakllantiruvchi omil sifatida talqin qilinmoqda. Davlat idoralarida raqamli boshqaruv va ochiq maʼlumotlar tizimining joriy etilishi, taʼlim muassasalarida yoshlar ongida halollik va adolat tuygʻusini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatida shaffoflik standartlarini tatbiq etish kabi jarayonlar mamlakatda yangi axloqiy muhit shakllanishiga zamin yaratmoqda.
Insonning qadr-qimmatini asrash, uning aql-zakovatini ezgu yoʻlda ishlatish, pok rizq va pok niyat bilan yashash – barcha dinlar va maʼnaviy tizimlarda ustuvor oʻrinda turadi. Shu bois halollik global qadriyat sifatida shakllanib, xalqaro biznesda etika kodekslari, davlatlarda antikorrupsiya standartlari, jamiyatda shaffoflik va masʼuliyat tamoyillari aynan shu tushunchaga tayanadi.
Bugungi hayotda halollikning amaliy ahamiyati juda katta. Ish bilarmonlikda halollik – kompaniya obroʻsi, barqaror rivojlanishi va ishonchli hamkorlikning poydevori; davlat boshqaruvida – adolatli qarorlar va qonun ustuvorligining kafolati; taʼlim sohasida – yoshlarning hayotga toʻgʻri munosabat bilan kirib kelishiga xizmat qiluvchi asosiy omil; oilada esa – muhabbat, ishonch va barqarorlikni taʼminlovchi maʼnaviy ustun sifatida namoyon boʻladi. Insonning shaxsiy rivojlanishida ham halollik oʻz-oʻzini nazorat qilish, intizom, masʼuliyat va pok vijdonli boʻlish kabi fazilatlarni shakllantiradi.
Xulosa qilib aytganda, halollik – insonni inson qiladigan asosiy fazilatlardan biri. U jamiyatning maʼnaviy ustuni, davlat barqarorligining, adolatning, taraqqiyotning, tinchlik va ishonchning poydevoridir. Islom taʼlimotidagi halollik tamoyili esa bizga faqat diniy burch emas, balki hayot qoidasi, insoniylik mezoni asosiga qurilgan. Shu bois halol boʻlish – ogʻir vazifa emas, aksincha, insonning tabiiy holati, qalb pokligi va vijdon ravshanligi bilan bogʻliq xususiyat.
Shunday ekan, halollikka intilish har birimizdan oʻz nafsimiz ustidan quvvat, fikrimizda aniqlik, amaliyotimizda masʼuliyat talab etadi. Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilayotgan “halollik madaniyati” muhiti bizdan faqat qonunlarga itoatkor boʻlishni emas, balki kundalik hayotda – ishda, oʻqishda, savdo-sotiqda, oilaviy munosabatlarda ham pok niyat va pok amal bilan yashashni talab qiladi. Chunki halol jamiyatni davlatning oʻzi emas, balki unda yashaydigan odamlarning yuragi, qalbi va vijdoni bunyod etadi.
Eʼtibor qilishimiz kerak boʻlgan eng muhimi – halollikni boshqadan talab qilishdan avval uni oʻzimizda qaror toptirishdir. Inson oʻzini toza tutsa, uning atrofi ham tozalanadi; oilada halollik boʻlsa, jamiyat ham soflashib boradi; rahbar halol boʻlsa, tizim isloh topadi; yoshlar halol boʻlsa, kelajak nurli boʻladi. Shuning uchun ham halollik – hamma narsaning boshida turuvchi nur, insonni muvaffaqiyat va barakaga yetaklovchi yoʻldir.
Demak, halollikni shaxsiy fazilat sifatida emas, balki umumiy masʼuliyat sifatida anglash, uni hayotning har bir qirrasida tatbiq etish va keyingi avlod uchun ham ana shu sof muhitni meros qoldirish – bugun bizdan talab etiladigan eng muhim vazifa. Maʼnaviy yuksalishning kaliti, jamiyat taraqqiyotining asosi, davlat barqarorligining eng katta kuch-quvvati aynan shu tamoyilga tayanadi.
Hayotda muhim qaror qabul qilayotganda yoki oddiy amalni bajarayotganda ham “Mening bu ishim halolmi?” degan savolni oʻzimizga berish – barchamizni ezgulikka yetaklaydigan eng toʻgʻri yoʻl!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





