Home / FOTO LAVHALAR / Kasaba uyushmalari kuni Markazda tantanali nishonlandi

Kasaba uyushmalari kuni Markazda tantanali nishonlandi

11-noyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni” va mamlakatimizda kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi munosabati bilan bayramona tadbir boʻlib oʻtdi.

Mazkur sana arafasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish va jamoa aʼzolari orasida sport muhitini rivojlantirish maqsadida shaxmat, shashka va stol tennisi boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Ikki kun davom etgan bellashuvlarda erkaklar va ayollar alohida yoʻnalishlarda ishtirok etib, oʻz mahoratini namoyish etdi.

Bayram tadbirida Markaz direktori Shovosil Ziyodov va boshlangʻich kasaba uyushmasi raisi Yoʻldoshxon Isayev ishtirokchilarni ushbu qutlugʻ sana bilan tabriklab, kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlarning mehnat sharoitini yanada takomillashtirish va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, shuningdek, jamoada sogʻlom muhitni shakllantirish borasida soʻz yuritdi.

Tadbir yakunida sport musobaqalari gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Faol ishtirokchilar boshlangʻich kasaba uyushmasi tomonidan sovrinlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga moddiy yordam koʻrsatildi.

Tantanali marosimdan soʻng mehmonlar va xodimlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Laboratoriya faoliyati takomillashmoqda

Oʻtgan yili Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida qoʻlyozma kitoblarni restavratsiya qilish laboratoriyasi faoliyat boshlaganini xabar …