Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish boʻyicha qator tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xabar berilganidek, oʻtgan yilning avgust oyida muzey kontentini shakllantirishga bagʻishlangan ichki uchrashuv oʻtkazilib, unda asosan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi tarixiga oid ekspozitsiyani yaratish masalasi koʻrib chiqilgandi.
Koʻp oʻtmay, bu yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy faoliyat va amalga oshirilayotgan tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish maqsadida qaytadan barpo qilinayotgan Imom Buxoriy majmuasidagi innovatsion muzey hududida oʻrganish oʻtkazildi.
Bu boradagi amaliy ishlarning mantiqiy davomi sifatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mazkur muzeyning tashkiliy-meʼmoriy yechimlari muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda rahbariyat va ilmiy xodimlar, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Muhokamada muzeyning konseptual, umumiy meʼmoriy gʻoyalari koʻrib chiqilib, pavilyonlarning oʻzaro bogʻlanishi, harakat yoʻnalishlari, ochiq-yopiq maydonlar boʻyicha texnik va amaliy jihatlar yuzasidan loyihaviy yechimlar borasida fikr almashildi.
Shuningdek, taklif etilayotgan eksponatlarni joylashtirish tartibi, ularning tarhi va oʻzaro mutanosibligini belgilash, vitrina va elektron tablolarda namoyish etiladigan ashyolar, axborot va multimedia materiallarini saralash, shu bilan birga, ularning mazmunli va manbalarga asoslangan maʼlumotlari ustida ishlash zarurligi taʼkidlandi.
Muloqot davomida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, uning tarkibidagi innovatsion muzey va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining tantanali ochilish marosimiga tayyorgarlikning borishi ham muhokama etildi. Jumladan, xalqaro mehmonlar roʻyxatini shakllantirish, ochilish marosimi ssenariysi va asosiy tadbirlar dasturini ishlab chiqish, tashkiliy masalalarga tegishli boshqa vazifalar belgilandi.
Uchrashuv yakunida bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, masʼullar oʻrtasida doimiy muloqot va axborot almashuvini yoʻlga qoʻyish, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va yuqori sifatda bajarish, shuningdek, muddatlarga qatʼiy rioya qilish zarurligi qayd etildi.