Bugun, 29-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bilan hamkorlikda “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida seminar-trening ish boshladi.
Unda Fransiyadagi “College de Franse” doktori Mariya Eftimiyu, Fransiya Milliy ilmiy-tadqiqotlar markazi professori Frensis Richard, Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, mahalliy olimlar, tadqiqotchilar, restavratorlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Markaz direktori ishtirokchilarni qutlab, ushbu seminar qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq qilish sohasidagi mutaxassislar bilim va koʻnikmalarini bir qadar oshirishga imkoniyat yaratishi hamda oʻzaro tajriba almashish maydoni boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Dastlabki kunning asosiy qismida mavzu yuzasidan professor Frensis Richard hamda doktor Mariya Eftimiyu maʼruza qildi. Unda olimlar Oʻrta Osiyoda oʻziga xos qoʻlyozma anʼanasi vujudga kelgan davrdan litografiya va bosmaxona kabi texnologiyalar kirib kelgan paytgacha boʻlgan muddatda yaratilgan manbalar kolleksiyalari, ulardagi qoʻlyozma nusxalarning saqlanishini, qoʻlyozma qogʻozlarning turlari, foydalanilgan siyoh va ranglar, sahifalash tartibi va bezaklari xususida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, qoʻlyozmalarda ishlatilgan kalit soʻzlar, varaq belgilari, muqova va kolofonlariga ham alohida toʻxtaldi.
Kunning ikkinchi yarmida sohaning mahalliy mutaxassislari oʻz shaxsiy ish tajribasi va faoliyat olib borayotgan ilmiy muassasalar haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.
Taʼkidlash kerakki, xorijlik tadqiqotchilar qoʻlyozmalar bilan ishlash va ularni arxeologik predmet sifatida tadqiq etuvchi kodikologiya sohasida yetarli ilmiy salohiyatga ega. Ular olib borayotgan izlanishlarda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan va oʻrganishga arziydigan jihatlar mamlakatimizda mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Seminar ertaga oʻz ishini davom ettiradi.