Home / FOTO LAVHALAR / “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar”

“Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar”

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom instituti tomonidan mamlakatimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini mahalliy va xalqaro jamoatchilik orasida keng targʻib qilish maqsadida 24-aprel kuni Toshkent islom institutida shu mavzuda xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi.

Onlayn va oflayn tarzda tashkil qilingan anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov ham ishtirok etib, “Globallashuv davrida diniy ixtiloflarning oldini olishda hadis va hadis ilmlarining oʻrni” nomli shoʻbasida “Movarounnahrlik muhaddislar ilmiy merosi” mavzusida maʼruza qildi.

Konferensiya mohiyatidan kelib chiqqan holda, tadqiqotchi islom dinining asl manbalarini talqin qilishda ahli sunna val jamoaning tutgan yoʻli hamda buyuk muhaddislarimiz meros qoldirgan sahih hadislarga tayanish lozimligini diyorimiz zaminidan yetishib chiqqan Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy va uning “Sunani Dorimiy” asari misolida koʻrsatib berdi. Allomaning hayot yoʻli, ilmiy faoliyati, dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan asarlari haqida maʼlumotlar keltirib, ishtirokchilar diqqat-eʼtiboriga noyob tarixiy faktlarni havola qildi.

Konferensiya qatnashchilari mamlakatimizda maʼnaviy qadriyatlarning hayotiy oʻrnini tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va samarasini yuqori baholab, bu jarayonda ajdodlarimizning diniy-maʼrifiy merosini chuqur tadqiq qilishga qaratilayotgan eʼtibor va saʼy-harakatlar miqyosi ortib borayotganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tarixiy toponimlarga yangi nazar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …