Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey eksponatlarini shakllantirish va boyitish, shuningdek, hududlar kesimida ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Usmonxon Muhammadiyev, Buxoro viloyat hokimligi mutaxassislari, Buxoro Davlat universiteti, Buxoro pedagogika instituti rahbariyati va professor-oʻqituvchilari ishtirokida viloyatga tegishli loyihalar muhokama qilindi. Maʼlum boʻlishicha, Buxoro viloyatiga oid boʻlgan loyihalar soni 53 ta. Shundan 7 ta loyiha bevosita viloyatda amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasini boyitish, takomillashtirish boʻyicha ilmiy ekspeditsiya Ishchi guruhi tomonidan Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi va uning 17 ta filialida tadqiqot ishlari olib borildi. Buxoro shahri va Qorakoʻl, Romitan, Kogon va boshqa tumanlarda amalga oshirilgan izlanishlar natijasida 100 dan ortiq artefakt tanlab olindi. Shuningdek, Buxoro davlat muzeyida saqlanayotgan turkiy tildagi 110 qoʻlyozma asar haqida maʼlumot qoʻlga kiritildi.