Ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori Malayziya Xalqaro islom universiteti dotsenti Dr. Xayril Husayniy bin Jamil ilmiy izlanishlari taqdimotini oʻtkazdi.
“Imom Buxoriy hadislari bugungi kun va kelajakdagi tadqiqotlar uchun institutsional manba sifatida” mavzusida tashkil etilgan taqdimotda tadqiqotchi allomaning benazir asari – “Al-Jomeʼ as-sahih”ning hadis ilmidagi nodir qiymatini alohida taʼkidladi. Kitobning ilmiy va metodologik asoslari, shuningdek, asrlar davomida islom tafakkuri rivojiga qoʻshib kelayotgan hissasi, tarixiy ahamiyati, ilmiy jihatdan mukammalligi haqida soʻz yuritdi.
Taʼkidlanganidek, asar bugungi kunda nafaqat sahih hadislar toʻplami, balki butun bir ilmiy maktab, hadis borasidagi tadqiqotlarning tayanch nuqtasi sifatida dunyo boʻylab oʻquv dasturlari, ilmiy ishlar va muhokamalarda markaziy oʻrin egallaydi. Maʼruzachi zamonaviy ilmiy muhit sharoitida “Sahihul Buxoriy”ga qayta nazar tashlab, anʼanaviy bilimlarni yangi uslublar bilan muvofiqlashtirish zaruratiga eʼtibor qaratdi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalarning bu yoʻnalishdagi roli muhim ekanini qayd etdi.
Ishtirokchilar maʼruzaga katta qiziqish bildirib, oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan taqdimotni faol jonli muloqotga aylantirdi. Tadbir ilmiy muloqot uchun maydon yaratib, Imom Buxoriyning ulugʻvor merosi tadqiqida anʼana va zamonaviy yondashuvlar uygʻunligini taʼminlashda muhim qadam boʻldi.