Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy ilmiy merosi – mahalliy va xorijiy olimlar nigohida

Imom Buxoriy ilmiy merosi – mahalliy va xorijiy olimlar nigohida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 15-aprel kuni “Imom Buxoriyning ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oriental universiteti, Qarabuk universiteti, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti va Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston va Turkiyadan nufuzli universitetlar va ilmiy markazlarning professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar, olimlar, diniy soha vakillari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodov va Oriental universiteti rektori, doktor Nozim Mamatahunov ishtirokchilarni samimiy qutlab, tadbirning ilmiy merosimizni oʻrganish va targʻib etishdagi yuksak ahamiyatini taʼkidladi. Turkiyalik nufuzli mehmonlar – universitet rektorlari va mahalliy hokimiyat vakillari anjumanning ikki mamlakat ilmiy aloqalari rivojidagi oʻrnini alohida qayd etdi.

Yalpi majlisda Imom Buxoriy merosining turli jihatlari muhokama qilindi. Xususan, allomaning hayot yoʻli, eng nodir va mashhur asari “boʻlmish Sahihul Buxoriy”dagi ijtimoiy-axloqiy gʻoyalar, uning manbashunoslik va tafsirda tutgan oʻrni, rivoyatlar ilmidagi maqomi haqida maʼruzalar tinglandi.

Anjuman ishtirokchilari orasida oʻrtaga tashlangan fikrlar, ilmiy mulohazalar va shoʻba yigʻilishlaridagi muhokamalar Imom Buxoriy merosining zamonaviy ilmiy va axloqiy qiymatini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

Kunning ikkinchi yarmida shoʻba yigʻilishlari davom etdi. Ularda hadisshunoslik, manbashunoslik, diniy va fiqhiy taʼlimotlar hamda Imom Buxoriy asarlarining sharhi borasidagi tadqiqotlar keng yoritildi. Qizgʻin muhokamalarda ikki yuzga yaqin ishtirokchi faol ishtirok etdi.

Anjumanning mazmunan boy boʻlib, juda samarali oʻtdi. Imom Buxoriyning ilmiy merosi bugungi kunda ham ilm-fanni taraqqiy ettirish va maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlashda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etayotgani yana bir bor oʻz isbotini topdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Chokardiza qabristoni: oʻtmish va bugun”

📢Onlayn seminar Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlanadi ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy …