Ayni paytda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amaliyot oʻtayotgan xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari — Malayziya Xalqaro islom universiteti dotsenti dr. Xayril Husayniy bin Jamil va Turkiyaning Trabzon universiteti tadqiqotchisi Xadicha Demirchi Akyuz qadim va muhtasham Buxoro shahriga tashrif buyurdi.
Safar doirasida tadqiqotchilar dastlab Tasviriy sanʼat muzeyida boʻlib, ushbu madaniy maskanning boy va noyob manbalar xazinasi bilan yaqindan tanishdi. Muzey qoʻlyozmalari ularning ilmiy izlanishlarini muhim maʼlumotlar bilan boyitdi.
Navbatdagi manzil Mir Arab oʻrta maxsus islom bilim yurti boʻldi. Bu yerda ular muassasaning faoliyati, xususan, kutubxona fondi, tarixiy qoʻlyozmalar va uslubiy materiallar bilan tanishdi.
Tadqiqotchilar Buxoro Davlat universitetida ham boʻlib, islom manbashunosligi yoʻnalishida faoliyat yurituvchi tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar bilan ilmiy muloqotda boʻldi. Suhbat davomida oʻzaro tajriba almashish, tomonlarni qiziqtirgan savollarga javob olish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniyati yaratildi.
Buxoro safari koʻplab ilmiy va madaniy muloqotlar, shuningdek, xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga oid kelishuvlarga boy boʻldi.
Tadqiqotchilarning Markazdagi amaliyoti davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati